
Nodira (1792-1842)
O'zbek klassik she'riyati
Nodira (taxallusi; ismi Mohlaroyim) (1792, Andijon — 1842, Qo‘qon) — shoira, ma’rifatparvar va davlat arbobi. «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ham she’rlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy — ming qabilasidan, Farg‘ona hukmdori Olimxonning tog‘asi. Olimxon ukasi Umarxonga Marg‘ilon hokimligini beradi va uni 1807 yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda she’r yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yo‘ldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan.
1822 yilda Umarxon vafot etib, uning o‘g‘li, 14 yoshli Muhammad Alixon (Ma’dalixon) taxtga ko‘tarildi. Lekin davlatni, asosan, Nodiraning o‘zi idora qildi. U madaniyat va san’atni rivojlantirishga intildi. Nodiraning zamondoshi qozi Abdunabi Xotifning tamomlanmay qolgan voqeaband dostonida Nodiraning hayoti va ijtimoiy faoliyati ishonarli dalillar bilan ko‘rsatib berilgan: «Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va so‘zning qadriga yetadigan donishmand ayol ekanligini ko‘rsatishdir... Umarxon vafotidan so‘ng bu iffat sadafining injusi kunlarni hasratu firoq bilan shu tariqa o‘tishini noshukurlik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bog‘iga borib, Farg‘ona, Toshkent, Xo‘jand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o‘z xizmatiga chaqirtirib keldi». Nodira bir necha kitoblarni ko‘chirtirdi va shoirlarni yangi-yangi asarlar yozishga tashviq qildi. Shoira devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini o‘zi shaxsan ko‘zdan kechirib turgan. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni «Zarrin qalam»lik mansabiga ko‘targan.
آردینی اوخو/ Ardını oxu