Hayvonlar xoʻjaligi haqida gʻaroyib qissa
Jorj Oruel
Tarjimon: sanobar karimova (Ingiliz tilidan)
I- bob
Mister Jounz qorongʻi tushib qolganligi uchun tovuqxonaning eshigini berkitdi. Lekin tovuqlar katagining orqa tomonidagi teshiklarni berkitish uning xayolidan koʻtarildi. Fermaning etak tomonidan qaytayotgan mister Jounzning qoʻlida fonar bor edi. Undan taralayotgan nur ferma hovlisi boʻylab oʻynardi. Kayfi oshib qolgan mister Jounz ferma maydonini gandiraqlagan holda kesib oʻtdi-da, omborxonaning orqa eshigidan kirib, oyogʻidagi etiklarini uloktirib yubordi. Krujkani qoʻliga olib, bochkadagi pivoga botirdi va toʻgʻridagi kushetkaga - qattiq xurrak otib uxlayotgan missis Jounzning yoniga borib yonboshladi.
Mister Jounz yotadigan uyning derazalaridan nur toʻshayotganini koʻrgan hayvonlar yelkalarini silkitib qoʻydilar, qushlar esa qanotlarini qokdilar. Kunduz kuni ferma hayvonlari orasida bir xabar tarqalgan edi. Qari mayor Toʻngʻiz oʻtgan kuni koʻrgan ajoyib va gʻaroyib tushini hikoya qilib bermokchi emish. Shuning uchun ham hayvonlar qorongʻi tushishini orziqib koʻtardilar. Mister Jounz uxlagani kirib ketganidan soʻng hamma hayvonlar ogʻilxonada uchrashishga kelishib olgan edilar.
Fermadagi hayvonlar orasida qarib qolgan mayor Toʻngʻizning hurmati juda baland boʻlib, hayvonlar uning hikoyasini tinglash uchun hatto uyqularidan ham voz kechishga rozi boʻldilar. Keksa mayor bir vaqtlar tanlovga qatnashib, yuqori oʻrinni olgan edi. Muskullari boʻrtib chiqqan, juda kuchli va baquvvat edi. Shuning uchun ham gʻoliblikni qoʻlga kiritib mukofotlangandi. Hozir toʻsinga osilgan chirok ostidagi qalin poxol toʻshalgan supachada yotardi. Toʻngʻiz oʻn ikki yoshga kirgan boʻlib, semizligidan qorni osilib ketgandi. Lekin oʻziga juda bino qoʻyardi, oʻzini dono hisoblardi, hayvonlarga esa muruvvatli ekanligini koʻrsatib qoʻyishni hamisha yoqtirardi.
Qari mayorning atrofiga fermadagi hamma hayvonlar yigʻila boshlashdi. Ular ogʻilxonaga kirib kelib bir silkinishar, soʻngra junlarini hurpaytirib , bagʻirlarini yerga berib yotib olishardi. Hayvonlar yotadigan katta ogʻilxonaga birinchi boʻlib yetib kelgan Blubel, Jesiy, Pinchir deb nomlangan itlar mayor yotgan supaning old tomoniga kelib, oyoqlarining ustiga boshlarini qoʻygan holda yotib, munchokday koʻzlarini qari mayorga tikdilar. Tovuqlar qoʻnokqa chiqdilar, kaptarlar uchib borib havozaga qoʻndilar. Qoʻy va sigirlar Toʻngʻizning orqasiga oʻtib, yonboshlab olib kovush qaytara boshlashdi. Shundan soʻng aravaga qoʻshiladigan otlar-Bokser va Klovir kirib kelishdi. Ular poxollar orasidagi mayda hashoratlarni tuyoqlari bilan ezib olmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan qadam bosishardi. Klover yoshi oʻtgan boʻlishiga qaramay nihoyatda kelishgan edi. Bolalariga mehribon, rahmdil va baxtli ona boʻlganligi shundokqina sezilib turardi. Uning qomati toʻrt marta qulunlaganidan keyin ham oʻz koʻrkini yoʻqotmagandi. Bokser Klovirdan 18 qoʻl katta boʻlib, juda baquvvat, quvvati ikki ot kuchiga teng boʻlib, oʻziga ishongan, hech narsadan qoʻrqmaydigan botir ot edi. Burnining ustiga osilib tushgan uzun yollari yuziga anqovlik tusini berib turardi. Aslida u haqiqatan ham tentakrok edi. Shunga qaramasdan, irodasi mustahkam boʻlib, kattiyatli va bir soʻzli, keskir hayvonlardan edi. Fermadagi hayvonlar uni hurmat qilishardi. Hatto ba’zi hayvonlar undan hayiqib ham turardilar.
Otlardan keyin Myurill ismli ok echki va Benyamin deb ataluvchi eshak kirib keldi. Benyaminning yoshi anchagina oʻtib qolgan boʻlib, hayvonlar fermasida koʻp yillardan beri yashardi. Bugun kayfiyati unchalik yaxshi emas edi. Odatda u nihoyatda kamgap boʻlib, hamisha nimadandir achchigʻlanib yurardi. Atrofidagilar bilan beodoblik bilan gaplashar, sharmu hayosiz soʻzlarni juda koʻp ishlatardi. Oʻta befarosat va dangasa edi. Hatto pashshalarini qoʻrish uchun dumini ishlatishga ham erinardi. Dumli hayvonlardan koʻra dumsiz hayvonlarning afzalligi haqida gapirishni xush koʻrardi. Fermadagi hayvonlar uning qoʻlganini biror marta ham koʻrishmagandi. "Fermada hayvonlar orasida koʻngilni yozadigan biror narsaga duch kelmayman",- derdi. Oʻzini Bokserning mulki deb hisoblardi, lekin bu hakda aslo gapirmasdi. Ikkalalari haftaning yakshanba kunlari mevazorning orqasidagi ochiq maydonda sayr qilishardi. Ba’zan ular bir-birlariga tegib ketishardi, lekin shunday paytlarda ham bir-birlariga churq etishmasdi Ikkala ot, Myurill va Benyamin, joylashib boʻlishganidan keyin ogʻilxonaga onalarini yoʻqotib qoʻygan bir gala oʻrdak bolalari kirib kelishdi. Oʻrdak bolalari kuchlirok hayvonlarga yem boʻlmaslik uchun chiy-chiylashib oʻzlariga boshpana izlardilar. Onalik mehri joʻshib ketgan Klovir koʻzlarini jovdiratib turgan oʻrdak bolalarini chaqirib, oyoqlari bilan oʻrab oldi. Behavotir joy topganlaridan xursand boʻlgan oʻrdak bolalari otning issiq boldirlariga boshlarini qoʻyib uyquga ketishdi. Jounzning aravasiga qoʻshiladigan chiroyli, lekin fahm-farosati kamrok Moliyy ismli ot ogʻzidagi ok qandlarini qusurlatib kovshangan holda irgʻishlab kirib keldi-yu supaning eng oldingi qatoridan joy topib oʻtirdi. Boshqa hayvonlarning diqqatini boshidagi yollariga taqib olgan qizil lentaga tortish uchun boshini kibor bilan silkitib, chiroyli mayin kokillariini yuziga tushirdi. Eng soʻnggi daqiqalarda oʻziga issiqqina joy izlagan mushuk kirib keldi. Yigʻilgan hayvonlarga bir-bir qarab chiqib, Bokser va Klovirlar orasiga suqildi. Shirin uyqusini mayorning tovushi buzolmaydigan joy topganligidan mamnun boʻlib, miyovlab qoʻydi.
II- bob
Hamma toʻplangan, faqat Muso ismli qora qargʻagina koʻrinmasdi. U orqa eshikning tepasidan chiqib turgan toʻsinga qoʻnganicha uxlab qolgan edi. Musoning koʻzlarini yumib olib uxlayotganligi uzoqdan sezilmasdi. Qari mayor unga sinchiklab qaradi va juda qulay joyga qoʻnib olib, hikoyamni tinglash uchun butun vujudi bilan berilib turibdi deb, tomogʻini qirib turib, soʻz boshladi:
— Oʻrtoqlar, kechagi tunda ajoyib va gʻaroyib tush koʻrganligim haqidagi xabar allaqachon orangizda tarqalib boʻlgan. Lekin men koʻrgan tushim haqida keyinrok soʻzlamokchiman. Avval meni oʻylantirib yurgan ayrim fikrlarni sizlarga aytib beray:
Oʻrtoqlar, men koʻp gapirmokchi emasman. Men juda uzoq yashadim. Ogʻilxonada yolgʻiz qolgan paytlarimda koʻrgan-kechirgan voqealarimni sarhisob qilish uchun vaqtim yetarli boʻldi. Nazarimda, yorugʻ olamda yashashning maqsadu mohiyatini va ahamiyatini boshqa hayvonlarga qaraganda yaxshirok tushunaman desam xato boʻlmas. Shu sababli ham meni oʻylantirgan muammolar haqida sizlarga gapirib berishni muqaddas burchim deb hisoblayman. Oʻrtoqlar, turmushimizning qiyinligi haqida biror marta oʻylab koʻrganmisizlar? Menimcha, yoʻq,! Oʻrtoqlar, haqiqatdan hech qachon qochib boʻlmaydi. Bor haqiqatni koʻzingizga tik qarab turib aytishim kerak. Bizga tabiat tomonidan berilgan qisqagina umrimiz mehnat va mashaqqatlarga toʻla ekanligi haqida hech oʻylanganmisiz? Qashshoklik bilan yashashimizning sabablari Sizlarni biror marta qiziqtirganmi? Baxtga toʻliq boʻlgan farovon toʻkin-sochin hayot haqida esa gapirmasam ham boʻladi. Umrim davomida qornimiz toʻyib ovqat yeganimizni aslo eslayolmayman. Oʻrtoqlar, boʻsh qop tikka turmasligini yaxshi bilasizlar. Oyoqda tik turishimiz va ochimizdan oʻlib qolmasligimiz uchungina odamlar ovqat berishib kelishdi. Holbuki, biz ertadan kechgacha tinim bilmay ishlaymiz. Ayniqsa, kuchli hayvonlarni ishga yaroksiz boʻlib qolgunlaricha ayovsizlik bilan ishlatishadi. Kuch-quvvatlarini zulukday soʻrib olishadi. Angliyada yashovchi hayvonlar umr boʻyi toʻkin-sochin, farovon va baxtli hayot hamda dam olish nima ekanligini bilishmaydi. Aqllarini tanibdiki, mehnatdan boshlari chiqmaydi. Faqat, bolalikning qisqagina davrlaridagina oʻynab-qoʻladilar. Keyin esa mashaqqatli mehnat va hayvon jismini kemiruvchi gʻamlardan boshlari chiqmaydi. Angliya hayvonlarining hak-huquqlari oʻz qoʻllarida emas. Ular erksizlik va qullikka mahqum etilgan. Ha, bu koʻz bilan koʻrib turgan aniq, rad etib boʻlmaydigan haqiqatdir. Xoʻsh, bu tabiatning adolatli qonunimi yoki Angliya mamlakati nihoyatda qashshok boʻlganligi sababli ham oʻzining hayvonlarini bokib ololmayotganligidanmi? Yoʻq, oʻrtoqlar! Ming marotaba yoʻq, oʻrtoqlar! Angliyaning yerlari unumdor va serhosildir. Obi havosi esa moʻl hosil olish uchun juda qulay. Ona yerimiz oʻz zaminida yashayotgan hamma hayvonlarning qorinlarini toʻydirishga qudrati yetadi. Yerdan olinadigan hosilimiz turmushimizning serobgarchiligi va moʻl-koʻlchiligi uchun yetarli boʻladi. Faqat biz yashayotgan ferma yerlarining oʻzi 12 ot, 20 ta sigir va 400 lab qoʻyni boka oladi. Ular ferma yerlaridan olinadigan hosil evaziga jannatda yashaganday yashaydilar. Oʻrtoqlar, biz orzu qilayotgan toʻkin-sochin, farovon va ozod hayot shak-shubhasiz bizga nasib qiladi. Shunday ekan, nima uchun biz mehnat va mashaqqatlar ichida qornimiz toʻymasdan yashashimiz kerak?! Biz mehnat qilib yetishtirgan mahsulotning koʻp qismini odamlar qoʻlimizdan tortib olishmokda. Meni oʻylantirib yurgan hamma muammolarning javobi, oʻrtoqlar, shu masalaga borib taqaladi. Anglayapsizlarmi, oʻrtoqlar, insonlar bizlarning ashaddiy dushmanlarimizdir. Agar hayot sahnasidan odamlarni koʻtarib tashlasak, ochlikning ham, xoʻrlikning ham, ish vaqtidan tashqari majbur qilib qilinadigan qoʻshimcha mehnatlarning ham ildizlari abadul-abadga qirqiladi. Inson mahsulot bermaydigan yagona mahluqdir. U sut ham bermaydi, tuxum ham tugʻmaydi, fermaning yer maydonlarini shudgorlashda omoch tortishga ham yaramaydi. U juda ojiz va notovon. hattoki, tez yugurib quyonni tutib olishga ham qodir emas. Lekin. oʻrtoqlar, inson hamma hayvonlarga hukmini oʻtkaza oladi. Hayvonlarni ayovsiz ishlatib, ochlaridan oʻlib qolmasliklari uchungina ovqat berishadi. Oziq-ovqatning koʻp qismini esa oʻzlari uchun sarflashadi. Bizning kuchimiz va mehnatimiz bilan yer haydaydilar, goʻngimiz bilan yerlarni oʻgʻitlaydilar. Lekin biz-chi, biz, hayvonlar, suyagimizga yopishib ketgan teridan boshqa hech narsaga ega boʻlmaymiz.
Oldimda tikka turgan holda koʻzlarini menga tikib turgan sigirlar, oʻtgan yili necha galling sut berganingizni bilasizmi?! Buzoqlaringizning sogʻlom va salomat oʻsishlari uchun kerak boʻladigan ona sutlari qayerga ketdi ekan?! Bu sutlar oxirgi tomchisiga qadar ashaddiy dushmanimiz boʻlgan odamlarning tomogʻlaridan oʻtib, jigʻildonlariga tushib ketganSiz-chi, tovuqlar, oʻtgan yili qancha tuxum tuqqanligingizdan xabardormisiz?! Tuxumlarning qanchasidan joʻja ochdingiz, bilasizmi? Yoʻq, bilmaysiz! Hammasi bozorga olib chiqilgan, Jounz va uning xizmatkorlarining choʻntaqlarini qappaytirish uchun sotib yuborilgan. Siz, Klovir, tuqqan qulunlaringizning qayerda ekanligi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Yoʻq, oʻylashni xayolingizga ham keltirmagansiz. Axir qarigan paytingizda joningizga aro kiradigan, boshingizga ogʻir ish tushganda yengillatadigan, yuragingizga madad beradigan, ogʻir ishlaringizga yelka tiraydigan toylokchalar qani?! Ularning qayerdaligini Siz aslo bilmaysiz. Afsus bilmaysiz. Ular yoshiga kirishi bilan sotib yuborilgan. Siz ularni endi hech qachon koʻra olmaysiz. Hayvonlar qul kabi ishlatilayotgan yerlarga ega boʻlish uchun bolalaringiz almashtirib yuborilgan. Qancha koʻp ishlasangiz ham qorningiz hech qachon ovqatga toʻymaydi. Qarang, poxol toʻshalgan supangizdan boshqa hech vaqongiz yoʻq. Hattoki hayvonlarning umri ham baxtsizlik va fojea bilan tugaydi. Oʻrtoqlar, biz hayotning issiq-sovugʻini boshimizdan oʻtkazib, soʻngra qarib-chirib oʻz ajalimiz bilan oʻlmaymiz. Men oʻzim uchun kuyunayotganim yoʻqMen omadi chopgan hayvonlardan biriman. 12 yil yashab, 400 dan ortiq bola koʻrdim. Bilasiz, choʻchqalar uchun koʻpbolalilik tabiiy hol hisoblanadi. Hech oʻylab koʻrganmisiz, nima uchun fermadagi har bir hayvon qassob pichogʻi ostida jon taslim qiladi, umri rahmsizlik bilan muddatidan oldin tugatiladi. Roʻparamda oʻtirishgan norasida choʻchqa bolalarining har biri jallod kundasi ustida jon taslim qilib hayot bilan vidolashadilar. Jon talvalasasidagi dahshatli oʻlim qichqirigʻi hammamizning boshimizda bor. Sigirlar, qoʻylar, hattoki otlar va itlar ham bunday taqdirdan qochib qutula olmaydilar. Bokser, kuchingiz ketib munkillab qolganingizda Jounz sizni arzimagan pul evaziga hayvonlar uchun qonserva tayyorlaydigan korxonaga sotib yuboradi. Jonivorlar uchun tayyor ozuqaga aylanasiz. Ha, odamlar sizni jallodlik bilan soʻyadilar, qattiq va chandr goʻshtingiz va suyagingizdan tulki va itlar uchun yemish tayyorlashishadi. Itlar esa qarib qolib, ogʻizlaridagi tishlari ham bitta qolmay tushib ketgach, boʻynilariga gʻisht boylab choʻktirib yuboradilar. Oʻrtoqlar, hayotimizdagi hamma yomonliklar insonlardan, ularning zoʻravonliklaridan kelib chiqayotganligi endi sizlarga ravshan boʻlgandir. Oʻrtoqlar, agar biz fermamizdan odamlarni quvib yuborsak, olinayotgan hamma mahsulotlar oʻzimizniki boʻladi. Biz bir kechadayoq, boyib ketishimiz va ozodligimizni qoʻlga kiritishimiz mumkin. Buning uchun esa jonimizni garovga qoʻyib boʻlsa hamki, insonlar davlatini agʻdarishimiz kerak boʻladi. Shundagina bizga baxt qushi qoʻlib bokadi. Oʻrtoqlar, sizlarga yetkazishni zarur deb hisoblagan fikrlarim shulardan iborat edi. Koʻzgʻalonning qachon boʻlishini men ham aniq bilmayman. Ehtimolki bir haftadan keyin, ehtimolki yuz yildan keyin roʻy berar. Lekin koʻzlarim bilan oyoqlarim ostidagi poxolni aniq, koʻrib turganim kabi adolatning tantanasiga toʻliq ishonaman. Ha, ertami yoki kech adolat, albatta, gʻalaba qozonadi. Oʻrtoqlar, haqiqat gʻalaba qilgan kunni oʻz koʻzingiz bilan koʻrish sizga nasib qiladi. Mening soʻzlarimni kelgusi avlodga, albatta, yetkazing. Bolalaringiz, kelajakni quruvchilar va yaratuvchilar bundan xabardor boʻlishlari juda-juda zarurdir. Toki keyingi avlod ham gʻalabaga erishmaguncha kurashni davom ettiraversin. Oʻrtoqlar, bu yoʻlda siz hech qachon ikkilanmang. Sizni toʻgʻri yoʻldan adashtirish uchun qilingan harakatlarga aslo ishonmang. Insonlar va hayvonlarning umumiy manfaatlari va qiziqishlari haqidagi uydirmalarga hech qachon qulok solmang. Insonlar va hayvonlar orasida birlikning boʻlishi aslo mumkin emas. Inson va hayvonlar oʻrtasidagi monopolistik birlashmalarning ravnaqi haqidagi fikrlarning ham hammasi yolgʻon. Inson xudbin va ayyordir. U faqat oʻzinigina oʻylaydi. Hayvon manfaatlari uni hech qachon qiziqtirmaydi. Hayvonlar orasida toʻla birlik va hamkorlikka erishsakkina, bu kurashda gʻolib chiqamiz. Insonlar bizning dushmanlarimiz, hayvonlar esa bizning doʻstlarimizdir! Yashasin, hayvonlarning umumiy birligi va hamkorligi!
Hayvonlar keksa mayorning nutqini guldiros qarsaqlar va olqishlar bilan tasdiqlashdi. Toʻrtta kalamush inlarining ogʻziga oʻrmalab chiqishib, teshiklardan boshlarini chiqarishib, dumlarini taglariga bosib oʻtirgan holda qari mayorning nutqini tinglayotgan edilar. Itlar ularni koʻrib qolib irriladilar. Qoʻrqib ketgan kalamushlar inlariga qarab qochishdi.
Mayor jimlik oʻrnatish uchun oldingi oyoqlarini koʻtardi:
— Oʻrtoqlar, - dedi soʻngra, - biz bir muhim masalani hal qilib olishimiz kerak. Siz yaxshi bilasiz. Oramizda quyon, kalamush kabi yovvoyi hayvonlar ham yashashadi. Ularni safimizga qabul qilamizmi yoki yoʻq? Ular bizning oʻrtoqlarimizmi yoki dushmanlarimizmi? Shu masalaga aniqlik kiritib olishimiz kerak. Hozir shu masalani kun tartibiga qoʻyaman. Oyoqlarimizni koʻtarib ovoz beraylik.
Hayvonlar oyoqlarini koʻtarib ovoz berishdi Ularning koʻpchiligi kalamushlarni oʻz saflariga qoʻshishga rozi boʻlishdi. Faqat uchta it va majlisda ovoz berishni oʻylab topgan keksa mayorning ikki tomonida turgan mushoʻqlargina qarshi chiqdi. (Keyin ma’lum boʻlishicha, mushoʻqlar har ikki tomon uchun ovoz berishgan ekan) Mayor nutqini davom ettirdi:
— Boshqa sizga aytadigan aytarli gaplarim yoʻq. Faqat bir narsani sizga takror aytaman. Inson va uning barcha harakatlariga qarshi boʻlishdek hayvonlik burchingizni unutmang! Ikki oyoqda yuradiganlar dushmanlaringiz, toʻrt oyoqlab yuradiganlar va qanotlari bilan uchadiganlar oʻrtoqlaringizdir. Insonlarga qarshi kurashayotganingizda ularga oʻxshab qolishdan saqlaning. Hatto ular ustidan gʻalaba qozonganingizda ham, odamlarning buzuqliklari va yomon ishlarini oʻzlashtirmasligingiz kerak. Insonlarga xos boʻlgan odatlardan hamisha saqlaning!
Hayvonlar hech qachon:
— uylarda yashamasin;
— krovatlarda uxlamasin;
— spirtli ichimliklar ichmasin;
— tamaki chekmasin va pul ishlatmasin;
— savdo bilan shugʻullanmasin.
Yuqoridagi hususiyatlarning hammasi insonning yovvoyi va shaytoniy hususiyatlaridir. Hammasidan ham muhimi shuki, hech bir hayvon ikkinchisi ustidan aslo hukmronlik qilmasin. Ojizlar kuchlilarga qaram boʻlmasin. Aqllilar aqli zaiflarni ezmasin. Hayvonlarning hammalari bir-birlariga birodardirlar. Shuning uchun bir-birlarini aslo oʻldirmasin. Hamma hayvonlar teng huquqlidir. Endi, oʻrtoqlar, kechagi tunda koʻrgan tushim haqida gapirib beray. Koʻrgan tushimni toʻlaligicha tasvirlab berishdan ojizman. Bu inson zoti qirilib ketganidan keyingi hayot haqidagi tush edi. Bu tush koʻp yillar oʻtib, unitilib ketgan bir voqeani yodimga soldi. Onam va boshqa ayol choʻchqalar yoshligimda bir ajoyib qoʻshiqni qoʻylashardi. Qoʻshiq faqat uch baytdangina iborat boʻlib, ohangi hayvonlarni oʻziga tortib oladi. Bolaligimda bu qoʻshiqni men ham ilhom bilan qoʻylardim. Oradan koʻp yillar oʻtishi bilan uni unitib qoʻyganman. Kechagi koʻrgan tushim esa qoʻshiqning soʻzlarini ham, qoʻyini ham esimga soldi. Oʻsha ashulaning soʻzlari xotiramda tiklandi. Avlod-ajdodlarimiz tomonidan qadimda kuylanib kelgan bu qoʻshiqni unitib qoʻygan edik. Hozir men sizlarga oʻsha ashulani aytib bermokchiman. Koʻrib turibsizlar, qarib qolganman. Ovozim ham oʻz shirasini yoʻqotgan. Buning ustiga xirrilab qolganman. Lekin sizlarga oʻrgatib qoʻyganimdan keyin joyigʻa qoʻyib qoʻylaysizlar degan umiddaman. Keksa mayor tamogʻini qirib olib "Angliya hayvonlari" deb nomlangan koʻhna qoʻshiqni qoʻylay boshladi. Oʻzi aytganiday, ovozi xirillab chiqardi. Lekin bu bilinmasdi. Chunki shu qadar berilib ilhom bilan aytardiki, hayvonlar toʻlqinlanib ketganliklarini ham sezmay qolishdi. Yuraqlari xinidan chiqib ketguday dukillab urardi. Koʻkraqlari ashulaning qoʻyigʻa mos ravishda koʻtarilib, pastga tushardi. Ashulaning qoʻyi klementayn va la kukaracha deb ataluvchi musiqa ohanglarini esga solar va ularning oraligʻidagi bir qoʻyni paydo qilardi:
Ey buyuk Angliyaning ezilgan hayvonlari!
Ey buyuk Irlandiyaning xoʻrlangan hayvonlari!
Ey jahonning haq-huquqi toptalgan hayvonlari!
Hamma hayvon teng hamda adolat mayoq boʻlgan,
Oltin zamon qoʻylangan olov qoʻshigʻim tinglang!
Hukmron inson mangu yoʻqolib, Biz kutgan kunlar albat keladi.
Hosildor yerlarni oyoqqa olib,
Angliya hayvonlari baxtli boʻladi.
Burnimizdan burundiqlar yechilar,
Belimizdan egar-jabduq olinar.
Xipchinlar ham tushmas hech ustimizga
Tuyoqdagi taqalar mangu zanglanar
Bizniki deb oʻylanmagan boyliklar,
Bugʻdoylaru arpa, suli ham, pichan,
Makka, jovdar, loviya ham sholilar,
Hayvonlarga nasib boʻlar tamoman.
Ozodlik gʻalaba qilgan kunlarda
Angliya yerida quyosh porlaydi.
Suvi ham sut kabi okib tunlarda,
Shabodasi oʻynab gul erkalaydi.
Kurash-la keladi porlok kelajak,
Erk uchun jonimiz qurbon boʻlajak.
Sigirlar, otlar, gʻozlar ham qoʻrqalar
Baxtli kunlarga albat yetajak!
Ey buyuk Angliyaning qudratli hayvonlari!
Ey buyuk Irlandiyaning shiddatli hayvonlari!
Ey fermaning mehnatdan qaqshagan hayvonlari!
Hamma hayvon.teng hamda adolat mayoq boʻlgan,
Oltin zamon qoʻylangan joʻshqin qoʻshigʻim tinglang!
Ashula hayvonlarning qonlarini qaynatib, yovvoyi hislarini koʻzgʻatib yubordi. Hayvonlar qoʻshiqni oʻzlari qoʻylay boshlashdi. Keksa mayor bundan xotirjam boʻlib asta koʻzlarini yumdi. Hayvonlar esa yana-da baland ovoz bilan joʻrlikda qoʻylay boshlashdi. Hattoki fahm-farosati kamrok boʻlgan hayvonlar ham ashulaning qoʻyini va uni bir necha baytlarini oʻzlashtirib olishdi. Aqlli hisoblangan choʻchqalar va itlar esa ashulani bir zumda yodlab olishib jonu dillari bilan qayta-qayta qoʻyladilar. Hayvonlar qoʻshiqni bir necha marotaba takrorlanganlaridan keyin esa fermani larzaga keltirib shiddat bilan qoʻylay boshladilar. Sigirlar mu-mulab, itlar vovullab, qoʻylar marab, otlar kishnab, kuchukchalar esa vangillab aytar edilar. Ashula ularning ruhini haddan tashqari koʻtarib yuborgan edi. Oʻrganib olganlaridan keyin ham 5 marta qaytarib-qaytarib baland ovoz bilan aytishdi. Agar ashula uzilib qolmaganida tun boʻyi ham toʻxtamay aytishardi. Yurakni oʻynatib yuboradigan baland va shiddatli ovoz bilan aytilayotgan qoʻshiq krovatda uxlab yotgan mister Jounzni uygʻotib yubordi. Mister Jounz fermaga yovvoyi tulki oʻrmaladi deb oʻylab yotokxona burchagiga tikka qilib qoʻyilgan miltiqni qoʻliga olib qorongʻulikka qarab oʻq uzdi. Oʻqlar molxona devoriga borib tegdi va devorlar orasiga kirib yoʻqolib ketdi. Majlis shoshilinch tugatildi va hamma hayvonlar yotish uchun oʻz supalariga tarqalishdi. Parrandalar esa qoʻndoklariga uchib chiqishdi. Soʻngra bir daqiqa ham oʻtmasdan tosh qotib uxlab qolishdi. Butun fermani tun sukunati qopladi.
Majlis oʻtgandan keyin, uchinchi kun kechkurun, uyquga yotgan qari mayor ertalab uyqudan uygʻonmadi. Marhum mevazor bogʻning yoniga dafn etildi. Dafn marosimida oʻzi oʻrgatib ketgan qoʻshiqni hayvonlar mayuslik bilan qoʻylashdi. Soʻnggi uch oy davomida ular juda serharakat boʻlib qoldilar. Mayorning nutqi yuraqlariga olov tashlab qoʻygan edi. Aqllirok hayvonlar kelajakdagi hayotning rejalarini tuza boshlashdi. Ular rejalar bilan bogʻliq vazifalar va vazifalarni bajarishdagi hayvonlik ma’suliyati haqida tinmay uqtirishardi. Mayor tomonidan bashorat qilingan qoʻzgʻalonning qachon boʻlishini hech bir hayvon bilmasdi. Chunki qoʻzgʻalon boshlanishi uchun ijtimoiy muhitning yetilishi va isyon boshlanishi uchun biron bir toʻrtki boʻlishi kerak edi. Lekin qoʻzgʻalonga tayyorgarlik koʻrish va uni amalga oshirish oʻzlarining hayvonlik burchlari ekanligini toʻla anglab yetgandilar.
Qoʻzgʻalonni tashqil qilish va uning mohiyatini hamma hayvonlarga birday yetkazish nihoyatda mashaqqatli vazifa edi. Bu vazifani aqlli hayvonlar-choʻchqalarning zimmasiga yuklatildi. Ferma hayvonlari toʻngʻizlardan ikkitasini juda hurmat qilishar, oʻzlarining ulugʻlari deb sanashardi. Ulardan biri Snoubol, ikkinchisi esa mister Jounz sotish uchun bokuvga qoʻygan Napoleon edi. Napoleon juda bahaybat, kuchli va dadil, shiddatli, qoʻrqmas Viktor toʻngʻizi boʻlib ferma hayvonlari orasida unga teng keladigani yoʻq edi. Oʻzining ishini yaxshi bilar, shuning uchun ham nimani xohlasa unga erishardi. Ishning koʻzini bilardi. Napoleon koʻp gapirmasdi. Hayvonlar orasida obroʻ-e’tibori yaxshi edi. Napoleonga qaraganda Snoubol ancha dilkash boʻlib, hayvonlar bilan tez elikishib ketardi. Ulfatchilikni juda yoqtirardi. Tezob boʻlishiga qaramasdan fikri teran, yangiliklar yaratishga oʻch edi. Napoleon fermadagi boshqa toʻngʻizlarga qaraganda qat’iyrok edi. Ularning orasida fahm-farosatlisi kichkinagina, lekin semiz Skuiylir degan toʻngʻiz edi. Uning yuzlari tashqariga boʻrtib chiqqan boʻlib, koʻzlari yulduzdek yonardi. Harakatlari chaqqon, ovozi oʻtkir edi. Oʻzini nihoyatda aqlli va dono hisoblardi, jimjimador va yaltirok soʻzlarni koʻp ishlatardi. Ma’ruza qilayotganida yoki biror muammoni hal etish uchun bahsga kirganida_hamisha tebranib, oʻz ogʻirligini bir oyogʻidan ikkinchi oyogʻiga tashlab turardi. Orqasidagi dumi esa devor soatining toshlari kabi likillardi. Uning bu turishi fikrini boshqa hayvonlarga ma’qullatish uchun qoʻllanadigan eng samarali usul edi. Hayvonlar Skuiylir qorani ok deb ishontira oladi deyishardi. Shu uchchala choʻchqa hayvonizm ta’limotining targʻibotchilari boʻlib, hayvonlar orasida tushuntirish ishlarini olib borishda tinim nimaligini bilishmasdi. Har bir muammoni sinchiklab oʻrganishardi. Mister Jounz uyquga ketganidan soʻng haftaning bir necha tunlarida majlislar oʻtkazishar va hayvonizm asoslari haqida uzundan uzoq ma’ruzalar qilishardi. Dastlab hayvonlar bu harakatlarga beparvolik bilan qaradilar va ahmoqona savollar bilan ham murojaat qilib turishdi. Ba’zi hayvonlar esa mister Jounz oldidagi hayvonlik burchlari va unga sodiqlik muammolarini ham koʻtarib chiqishar, mister Jounzni oʻzlarining yagona xoʻjayini deb tan olishardi. Ba’zan hayvonlar muhim muammolar boʻyicha nihoyatda goʻllik bilan mulohaza yuritishardi:
— Agar mister Jounz boʻlmasa och qolamiz, bizning qornimizni kim ham tuydirardi. Oʻlganimizdan keyin qolganlar bilan ishimiz nima? Mister Jounzsiz yashab boʻladimi? Yoki bu qoʻzgʻalon-ku, albatta, amalga oshar ekan, unda biz tayyorgarlik koʻrib nima qilamiz. Tayyorgarlik koʻrdik nima-yu koʻrmadik nima? Baribir emasmi? degan savollarni ham berishardi. Choʻchqalar esa bunday fikr yuritish hayvonizm ruhiyatiga mos kelmasligini tushuntirishda juda-juda qiynalardilar. Eng ahmoqona savollar Molli ismli ok ot tomonidan berilardi. U majlislardan birida shunday savol berdi:
— Qoʻzgʻolondan keyin hayvonlarga shakar beriladimi yoki yoʻqmi?
— Yoʻq,-deb javob berdi Snoubol qat’iylik bilan baland ovozda. Bizning fermamizda shakar tayyorlash uchun ishlab chiqarish qurollari yoʻq. Lekin, oʻrtoq, u vaqtda sizga shakar kerak boʻlmaydi. Suli va pichanlar fermada yetarli miqdorda toʻplanadi va xohlaganingizcha yeyishingiz mumkin boʻladi. Molli ikkinchi marotaba:
— Oʻsha paytda sochlarimga lenta taqishim mumkinmi? - deb soʻradi.
— Snoubol nihoyatda hayratlandi:
— Oʻrtoq., - dedi u, -siz yaxshi koʻrib sochlaringizga taqib olgan oʻsha lentalar qullikning ramzidir. Nahotki, ozodlik degan muqaddas tushunchaning mohiyatini anglab yetmagan boʻlsangiz!
Molli Snoubolning soʻzlariga qarshilik bildirmadi, sukut saqladi. Lekin berilgan javobdan qanoatlanmaganligi shundokqina sezilib turardi.
Choʻchqalar qoʻlga oʻrgatilgan Muso deb ataladigan qora qargʻa tomonidan tarqatilgan uydirmalarga qarshi kurashishning murakkab ekanligini tushunib turardilar. Gap tashuvchi va ertak aytuvchi bu qora qargʻa mister Jounzning erkatoyi edi. U nihoyatda chiroyli soʻzlar va oʻz fikrini sipolik bilan tushuntira olardi. Eshituvchining diqqatini esa darrov oʻziga jalb qilib olardi. Muso koʻpincha Shakartogʻ deb atalgan ajoyib oʻlka haqida rivoyat toʻqirdi. Oʻlganlaridan keyin hayvon va parrandalarning ruhlari bulutlardan ham yuqorida joylashgan Shakartogʻ oʻlkasiga uchib ketadi deb ishontirardi. Jannat oʻlkasida har yakshanba kunlari shakarqand va beda berilishi, ok qand va enger urugʻidan qilingan oliy nav tortlar esa oyoqlari ostida oʻsib yotishi haqida qiziqarli hikoya aytardi. Koʻpchilik hayvonlar Musoni yoqtirmasdilar. Mehnatdan qochib, afsonalar toʻqib va aytib kun koʻrishini xushlamasdilar. Shunga qaramasdan ba’zi hayvonlar Shakarqand togʻi borligiga ishonardilar. Choʻchqalar esa bu ishonchni tarqatib yuborish maqsadida qizgʻin bahs olib borardilar. Choʻchqalarning ishonchli va sodiq shogʻirdlari Bokser va Klovir edi. Ular choʻchqalarning fikrlarini soʻzsiz qabul qilishar, tez oʻzlashtirishar va ishontira oladigan dalillar bilan boshqa hayvonlarga tarqatishardi. Ular hech qachon mustaqil fikr yuritishmasdi.
Molxona binosi ichida boʻladigan tungi yigʻinlar hanuzgacha davom etib kelardi. Ular koʻpayib, "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini joʻrlikda qoʻylash bilan yakunlanadigan boʻldi. Qoʻzgʻalon choʻchqalar kutganidan koʻra ertarok muddatda roʻy beradigan vaziyat yetilib qoldi. Isyonni amalga oshirishda bunday imqoniyat boʻlib qolishini choʻchqalar aslo kutishmagandi.
Mister Jounzning boshiga qora kunlar tushdi. U qobiliyatli fermer boʻlishiga qaramasdan sinib qoldi. Sudlashish jarayonida katta pul yoʻqotdi. Ogʻir qaygʻuga botib, ruhi tushib ketib, oʻzini bilmaydigan darajada ichkilikka berildi. Sogʻligʻi ham yomonlashib borardi. Kun boʻyi oshxonadagi stulda qimirlamay oʻtirib, turli roʻznomalarni oʻqir va pivoga boʻktirilgan non bilan Musoni ovqatlantirardi. Fermadagi boʻlayotgan ishlar uni qiziqtirmay qoʻydi. Ishchilari esa nihoyatda insofsiz edi. Mehnat qilishni aslo yoqtirishmasdi. Ferma dalalariga foydasiz oʻsimliklar ekila boshladi. Binolarning tomlari esa tuzatish va yamashga muhtoj edi. Fermani oʻrab turgan toʻsiqlar qarovsiz holda agʻdarilib yotardi. Hayvonlarga beriladigan ovqatlar ham mazza-matrasiz boʻlib, qornilarini toʻydirmasdi.
Iyun' oyigʻa kelib pichan oʻrimi yaqinlashdi. Yilning eng uzun tuni medsamiuoʻziv (medsamiuoʻz-iv tun ma’nosini bildirib, Oʻzbekistonda 24 iyunga toʻgʻri keladi) haftaning shanba kuniga toʻgʻri keldi. Shu kuni mister Jounz Vilingdon (Angliya qishloklaridan birining nomi)ga bordi. U yerda joylashgan "Qizil sher" pivoxonasida odatdagidan koʻp ichib qolib ketdi va fermaga qaytib kelolmadi. Ferma ishchilari erta tongda turib sigirlarni sogʻib olishdi. Soʻngra quyon ovlagani ketishdi. Ular juda shoshilganliklari tufayli hayvonlarga yem berishmadi. Mister Jounz choshgohga yaqin fermaga qaytib kelib, oshxonadagi divanga choʻzildi. Yuziga «Jahon axborotnomasi» roʻznomasini yopib olib qattiq uyquga ketdi. Kech tushib, vaqt allamahal boʻlganligiga qaramasdan hayvonlarga hanuzgacha ovqat berilmagandi. Hayvonlar ochlikdan tokatsizlana boshlashdi. Sigirlardan biri oziq-ovqat saqlanadigan omborxona eshigini shoxi bilan itarib ochib yubordi. Ochofotlik bilan oʻzini ichkariga urdi. Uning orqasidan boshqa hayvonlar ham omborxonaga bostirib kirdilar. Saqlanayotgan oziq-ovqatlarni ochkoʻzlik bilan ogʻizlariga solib kovshana boshlashdi. Hayvonlarning odatdan tashqarigi shovqini mister Jounzni uyqudan uygʻotib yubordi. Quyon ovidan qaytib kelib ahvolni koʻrgan xizmatkorlar qoʻllaridagi xipchinlar bilan hayvonlarni urib hayday boshlashdi. Gʻazablangan ishchilar hayvonlarning oldi-orqasiga qaramay urardilar. Kun boʻyi och qolib ketgan hayvonlarning ham tokatlari tugab ,oʻzlarini tutolmay qolishdi va odamlarga tashlanishdi. Ularni har tomondan oʻrab olib, shohlari bilan suzib, oyoqlari bilan tepa boshladilar. Voqea shu qadar tez roʻy berdiki, uni toʻxtatish va boshqarishning aslo iloji boʻlmay qoldi. Ferma ishchilari shoshib qoldilar, oʻzlarini yoʻqotib, qanday chora koʻrish kerakligini bilmasdilar. Toʻsatdan roʻy bergan bu voqea, mister Jounz va uning xizmatkorlarining har qanday zugʻumlariga chidab kelayotgan hayvonlarning gʻalayoni ularning esxonasini chiqarib yuborgandi. Bir necha daqiqalar oʻtgandan keyingina odamlar oʻzlarini himoya qila boshlashdi. Soʻngra buning foydasiz ekanligini sezishgach, hamma xizmatkorlar-5 erkak jonlarini saqlab qolish uchungina kichkinagina arava sigʻadigan soʻqmokdan ferma tashqarisidagi katta yoʻl tomon orqa-oldilariga qaramay qocha boshlashdi. Gʻalaba sururidan zavqlanib ketgan hayvonlar ularni ta’qib qilardilar. Mister Jounz yotokxona derazasidan boʻlayotgan voqealarni kuzatib turardi. U tezlik bilan kerakli buyumlarini yigʻishtirib, sumkasiga soldi-da, boshqa yoʻl bilan fermani tashlab qochdi. Muso ham qarillaganicha mister Jounzga ergashdi.
Mister Jounzning xizmatkorlarini katta yoʻlga qadar quvib borishgan hayvonlar besh panjarali temir darvozani ichkaridan berkitdilar. Hayvonlar hali qanday voqea yuz berganini anglab yetmagan edilar. Bu oʻsha qari mayor bashorat qilib ketgan qoʻzgʻalon muvaffaqiyat bilan amalga oshgan edi. Toʻsatdan boshlangan gʻalayon natijasida mister Jounzga qarashli ferma hayvonlarning ixtiyoriga oʻtgan edi. Jounz va uning xizmatkorlari quvilib «Manor ferma»si «Hayvon ferma»siga aylangandi. Dastlab hayvonlar koʻzlari bilan koʻrib turgan bu voqeaga ishonolmadilar. Hayvonlar birorta odam yashirinib qolmadimikan degan oʻy bilan qattiq shovqin solib, tuyoqlarini yerga zarb bilan urib ferma atrofini aylanib chiqishdi. Soʻngra fermadan Jounz hukmronligining oxirgi qoldiqlarini ham yoʻqotib yuborish maqsadida ferma ichiga joylashgan binolarga qarab chopdilar. Jugunxonaning eshigini buzib ochishdi. Unda saqlanayotgan suvliq, jilov, jugun, burunduqlar va it bogʻlaydigan zanjirlar, jallodlik uchun ishlatiladigan kundalar, hayvon soʻyuvchi pichoklar hamma-hammasini olib chiqib, ferma ichidagi quduqqa tashladilar. Hayvonlarning erkaqligini yoʻqotish uchun ishlatiladigan pichoklar, suvlikni tortib turuvchi arqonlar, otning koʻzlarini toʻsib turish uchun boshiga kiygiziladigan tunuka qopqalar, faqat otlar uchun ishlatiladigan burun xaltalari, hayvonlarning haq-huquqini kamsitib, nufuzini yoʻqotadigan barcha narsalarni ferma hovlisida toʻplangan axlat uyumiga qoʻshib yoqib yubordilar. Oʻzlari juda yomon koʻradigan xipchinlarni ham olovga irgʻitdilar. Snoubol insonlarni eslatuvchi hayvonlarning barcha kiyimlarini, jumladan, yakshanba kunlari otlarning yollariga taqib yasatiladigan lentalarni ham oʻtga tashladi. «Hamma hayvonlar yalangʻoch yurishlari kerak",-deb chiyilladi Snoubol baland ovoz bilan. Bu soʻzlarni eshitgan Bokser yoz oylari quloklariga pashsha kirib ketmasligi uchun poxoldan qilingan silindr shapkalarni ham boshqa narsalar qatori olovda yoqib yubordi. Bir zumda mister Jounzni eslatadigan hamma narsalar yoʻqotildi. Napoleon hamma hayvonlarni molxonaga yigʻib, har biriga ikki hayvon tegishi miqdorida makkajoʻxori ulashdi. Har bir itga ikki donadan pechen'e berib chiqdi. Soʻngra "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini yetti marta aytishib, tungi yigʻinni tugatishdi va shu kungacha nasib etmagan orombaxsh uyquga ketishdi. Hayvonlar umrlari bino boʻlib bu qadar lazzatli uyquni bilmagan edilar.
Hayvonlar ertasiga, odatdagidek, tong saharda uygʻondilar. Kechagi boʻlib oʻtgan gʻaroyib voqeani eslashib mamnunlik bilan yaylovga oʻtlagani ketishdi. Yaylovning qok oʻrtasida atrof koʻrinib turadigan baland tepalik bor edi. Hayvonlar shu tepalikka chopib chiqishib chuqur-chuqur nafas olishdi. Tonggi shafaqning nurlariga choʻmilgan holda tabiat manzaralarini zavqlanib tomosha qildilar. Koʻzlarini yashnatib, dillarini yayratayotgan bu mislsiz goʻzal tabiat va toʻyib oʻtlaydigan bu yam-yashil yaylov endi ularning oʻzlariniki edi. Axir gʻururlanmay boʻladimi?! Yuraqlarini hapriqtirib yuborayotgan shodlikdan osmonga sakrashib, muzdek shudringlar ustida yumaladilar. Yoz quyoshini emib, asaldek yetilgan oʻtlardan chimdib kovshana boshladilar. Oʻtlar orasidan boʻrtib koʻrinib turgan kesaqlarni har tomonga tepib, yerning hushboʻy hididan mast boʻldilar. Soʻngra tepalikdan turib «Hayvon ferma»si joylashgan keng maydonni kuzata boshladilar. Pichanzor, haydalgan yerlar, mevazorlar va manzarali oromgohlarni koʻrib hayratda qoldilar. Keng va bu qadar goʻzal fermaning egalari oʻzlari ekanligiga ishonolmasdilar.
Yaylovdan qaytgan hayvonlar mister Jounz yashagan koʻrkam bino eshiklari oldiga kelishdi va ichkariga kirgani botina olmay, nafaslarini ichlariga yutib toʻxtadilar. Bir necha daqiqa oʻtgandan soʻng Snoubol va Napoleon yelkalari bilan eshikni itarib ochishdi. Ularning orqasidan boshqa hayvonlar ergashishdi. Ehtiyotkorlik bilan xonadan xonaga oʻta boshladilar. Bir-birlari bilan iloji boricha tovushlarini pastlatib, pichirlashib gaplashishardi. Birdan orqa tomondan bir sigirning ajablanib mulagani eshitildi. Hayvonlar koʻzlari oldida turgan hashamatlarga: yotokxonaning partoʻshaklar solingan yumshok karavotlari, pardoz oynasi, ot qillari bilan bezatilgan divan, Bryuseldan keltirilgan patgilamlar va mehmonxona devoriga ilingan malika Viktoriyaning litografiya usulida chizilgan suratiga hayratlanib tikilishdi. Zinalardan pastga tushib, ferma hovlisi sahniga chiqqanlarida esa oralarida Moliyning yoʻqligini bilib qoldilar. Moliyni mister Jounzning pardozxonasidagi oyna stoli ustida turgan xilma-xil rangdagi lentalar olib qolgan edi. Koʻzlari yonib, yuzlari lovullaganicha ikkita koʻk lentani Moliy ikki yelkasiga qadadi. Farosatsizligi shundokqina aks etib turgan yuzini oynaga solib tomosho qilayotgan paytda hayvonlar Moliyni topib oldilar. Uning oʻylamay qilayotgan bu harakatlarini yuziga solib aybladilar. Soʻngra hammalari birgalikda pardozxonadan pastga tushishdi. Hayvonlar oshxonada osilgan choʻchqa goʻshtini dafn qilish uchun tashqariga olib chiqqan edilar. Omborxonadagi pivo bochkasi Bokserning tuyoqlari zarbidan agʻdarildi. Boshqa narsalarga tegmadilar. Hammalari yakdillik bilan fermadagi mister Jounz yashagan uyni muzey sifatida saqlashga, hayvonlardan hech birining u yerda yashamasligiga qaror qilishdi.
Hayvonlar ovqatlanib boʻlganlaridan soʻng Snoubol va Napoleon ularni yigʻilishga chaqirdi.
— Oʻrtoqlar, -deb soʻz boshladi Snoubol, ertadan boshlab soat 6.30 dan ish boshlanadi. Hozir kunlar uzoq boʻlib qoldi. Bizning oldimizda esa bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar nihoyatda koʻp. Bugun pichan oʻrimini boshlaymiz. Boshqa qilinadigan ishlar haqida ham maslahatlashib olishimiz kerak.
Choʻchqalar uch oy davomida mister Jounzning farzandlaridan qolgan, axlat uyumiga tashlab yuborilgan eski imlo kitoblaridan oʻqish va yozishni oʻrgandilar. Boshqa hayvonlarning ham savodlarini chiqarish zarurligini ta’kidlashdi. Napoleon ok va qora rangdagi boʻyoqlar toʻldirilgan paqirlarni koʻtarib, temir panjaralar bilan beshga boʻlingan katta yoʻldagi darvoza tomon joʻnadi. Boshqa hayvonlar ham uning orqasidan ergashishdi. Yozuvni yaxshi oʻzlashtirib olgan Snoubol barmoklari orasiga boʻyoq shyotkasini olib temir panjaraning eng baland qismidagi "Manor ferma" yozuvini qora rangga boʻyadi va uning oʻrniga ok rang bilan «Hayvon ferma» deb yozib qoʻydi. Bu fermaga qoʻyilgan yangi nom edi. Bundan buyon ferma shu nom bilan yuritilishi lozim edi. Ular yana ferma ichiga qaytdilar. Snoubol va Napoleon katta molxona devorining tepasiga chiqish uchun hayvonlarni shoti olib kelishga yubordi. Snoubol uch oydan beri oʻqish va yozishni oʻrganish davomida hayvonizmning asosini 7 ta qoidaga keltirganini tushuntirib berdi.
Boʻladir “Hayvon ferma»sining Oʻzgartirish kiritilmaydigan qonun moddalari edi. «Hayvon ferma»sida yashovchilar bu qonun moddalariga amal qilishlari shart edi. Qonun moddalarini yaratishda hamma hayvonlarning tengligiga asoslanish choʻchqalar uchun oson boʻlmagandi.
Snoubol qiyinchilik bilan narvonga chiqib, ishni boshladi. Narvonning bir necha zinalaridan pastda turgan Skuiylir boʻyoq toʻldirilgan paqirchani Snoubolga tutib turar edi. Qonun moddalari katta ok harflar bilan molxona devoriga yozila boshladi. Yozilgan harflarni 30 metr uzoqlikdan turib oʻqish mumkin edi:
- 1. Ikki oyoqlab yuradiganlar - dushman.
- 2. Toʻrt oyoqlab yuradiganlar va qanotlari bilan uchadiganlar - doʻst.
- 3. Hayvonlar kiyim kiymasdan yalangʻoch yurishlari kerak.
- 4. Hayvonlar karovatda yotmasin.
- 5. Hayvonlar spirtli ichimliklar ichmasin.
- 6. Hayvonlar bir-birlarini oʻldirmasin.
- 7. Hamma hayvonlar teng huquqlidir.
Qonun moddalari husnixat qoidalariga rioya etilgan holda yozilgan boʻlib, bir harf teskari edi, xolos. Boshqa harflarning hammasi toʻgʻri yozilgandi. Snoubol hayvonlarga qonun moddalarini oʻqib eshittirdi. Ular savodsiz boʻlganliklari uchun boshlarini qimirlatib ma’qullab koʻyaqoldilar. Aqlliroklari esa moddalarni oʻrgana boshladilar. Snoubol qoʻlidagi boʻyoq shyotkasini yerga tashlab hayvonlarga murojaat qildi:
— Oʻrtoqlar, bizni pichanzorlar kutib turibdi. Zudlik bilan pichanlarni yigʻib-terib olishimiz kerak. Jounz va uning xizmatkorlaridan ehtiyot boʻlishimiz va ularning qayerda boshpana topganliklarini ham bilishimiz, albatta, zarur. Shundagina bizning tinchligimiz saqlanadi. Bu bizning sharaf bilan bajaradigan vazifamizdir. Sutlari yelinlariga toʻlib ketib qiynalayotgan uch sigir Snoubolning soʻzlarini mulab boʻlib yubordi. Ular bir kechayu kunduz davomida sogʻilmasdan, yelinlari yorilib ketguday sutga toʻlib, chirsillab ketgandi. Choʻchqalar bir muddat oʻylanganlaridan soʻng choʻchqachalarni paqir olib kelish uchun yubordilar. Soʻngra choʻchqalar paqirlarni oyoqlari orasiga joylashtirib, sigirlarning sutlarini shovullatib sogʻib ola boshlashdi. Bir zumda beshta paqir yogʻli sut bilan toʻldi. Hayvonlar paqirlardagi oppok sutga va sut ustidagi koʻpiklarga qiziqish bilan qaradilar. Shu payt hayvonlardan biri:
— Bu sutlarni nima qilamiz, -deb yubordi.
— Jounz bizning ovqatimizga ishlatardi, - dedi tovuqlardan biri.
— Sut haqida oʻylab boshingizni qotirmang, -dedi paqirlar oldida turgan Napoleon baland ovoz bilan. Sut uchun qaygʻurmang. Biz hozir dalalardagi hosilni yigʻib olish haqida oʻylashimiz kerak. Oʻrtoq Snoubol yigʻim-terimni boshqaradi. Bir ozdan keyin men ham boraman. Oʻrtoqlar, pichan yigʻim-terimiga olgʻa! Bizni pichan kutayapti. Sovuq kunlar boshlanmasdan oldin yigʻishtirib olishimiz kerak. Obi havo bizni kutib turmaydi.Hayvonlar pichan eqilgan ferma yeriga yoʻl olishdi va shu zahotiyoq oʻrimni boshlab yuborishdi
Kechki payt ishdan qaytib kelganlarida esa sutning yoʻqolganligini sezishdi.
III- bob
Hosilni yigʻib-terib olish uchun juda qattiq mehnat qilishga toʻgʻri keldi. Hayvonlar jonlarini jabborga berib astoydil ishladilar. Mukofotlar ham olishdi. Zero, hosil ham ular moʻljalidan moʻlrok boʻlgan edi. Oʻrok va panshaha kabi ish qurollari odamlarga-ikki oyoqlilarga moslashtirilganligi sababli ham hayvonlar anchagina qiynaldilar. Ularni toʻrt oyoqlab ishlatishning ham iloji yoʻq edi. Hayvonlar nima qilishlarini bilishmasdi. Choʻchqalar bu mashaqqatlarni ham yengib oʻtishga yoʻl koʻrsatdilar. Hamma hayvonlar aqlli deb hisoblangan choʻchqalar orqasidan ergashishardi. Otlar fermaga qarashli dalalar maydonining hajmini aniqladilar. Ekin eqiladigan yerlar hisobini olishdi. Hayvonlar pichanlarni oʻrish, yigʻishtirish, toʻplash, raqamlash ishlarini Jounz va uning xizmatkorlariga qaraganda tez va sifatli bajarishdi. Choʻchqalarning oʻzlari ishlamadilar. Aqlli boʻlganliklari tufayli ham bajarilayotgan ishlarga rahbarlik qilib turdilar. Bokser va Klovir oʻzlarini ixtiyoriy ravishda aravalarga qoʻshishdi. Endi ularga suvliq, jugan, argʻamchi va qamchining keragi yoʻq edi. Aravaga yuklangan pichanning ogʻirligidan otlar dala yoʻlida zoʻrgʻa qadam tashlardilar. Choʻchqalar ular orqasidan yurib «Chu, oʻrtoq» deyishardi. Toʻxtashlari kerak boʻlgan paytlarda esa «Trrr, oʻrtoq» derdilar. Choʻchqalar hayvonlarning nimjonlariga pichanlarni agʻdarib turishni topshirdilar. Hattoki oʻrdak va tovuqlar ham jazirama quyosh olovida kun boʻyi ishladilar. Tumshuqlari bilan somon yigʻishtirdilar. Hayvonlar Jounz va uning xizmatkorlari hosilni yigʻib olishga sarflaydigan odatdagi muddatdan ikki kun oldin ishni tugatishdi. Bu yil har yildagiga nisbatan koʻp hosil toʻplangandi. Inson hukmronligi davridagidek isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmadi. Tovuqlar va oʻrdaqlar oʻtkir koʻzlari bilan daladagi qolib ketgan hamma donlarni choʻqib terib oldilar. Ular sidqidildan ishlardilar. Oʻgʻirlik qilishni xayollariga ham keltirmadilar. Hatto boshqa hayvonlar bilan birgalikda ishlayotgan mushoʻqlar ham oʻgʻirlik qilmadilar. Yoz boʻyi fermadagi har bir ish osonlik bilan qiynalmasdan silliqqina bajarildi. Ferma hayoti soat millaridek bir tekisda borardi. Hayvonlar oʻzlarida yoʻq xursand edilar. Shu davrgacha bu qadar toʻkinchilikni orzu ham qilmagandilar. Fermadagi berilayotgan oziq-ovqatlar yetarli boʻlib, uning ustiga nihoyatda mazzali va lazzatli boʻlardi. Oʻz-oʻziga xizmat qilish tashqil qilindi. Hayvonlar doimo norozi boʻlib mingʻirlab yuruvchi egalaridan qutulishgandi. Tekinxoʻr va hayvonlarga bokimanda boʻlgan insonlar fermadan quvilganidan soʻng hayvonlarning yemishlari odatdagidan moʻlrok edi. Oldingi davrlarga qaraganda hayvonlar meyoridan ortiq dam olishardi. Boʻsh vaqtlardan qanday foydalanishni bilishmasdi. Koʻp muammolarga duch kelishardi. Ayniqsa, makkajoʻxorini yigʻishtirish, uni yanchish, shabadada shopirib donini ajratib olishga qiynalardilar. Chunki fermada makkajoʻxori donini ajratib beradigan mashina yoʻq edi. Lekin choʻchqalarning aqli, Bokserning kuchi bilan muammolar bartaraf qilinardi. Bokser tortiladigan va itariladigan ishlarni deyarli oʻzi bajarardi, bor kuchini ishga solardi. Hamma hayvonlar Bokserga havas qilishar, uning ishlaridan hayratlanishardi. Aslida mister Jounz hukmronlik qilgan paytlarda ham yaxshigina ishlardi. Hozir esa yakka oʻzi uchta otning vazifasini bajarardi. Fermadagi barcha ogʻir ishlar Bokserning zimmasiga yuklatildi. Tongdan shomga qadar tortardi, sudrardi va itarardi. Har doim ish qaynagan joylarda hoziru nozir boʻlardi. U tongni qoʻtlab olgan xoʻroz qichqirigʻi bilan birga uygʻonar va ish kuni boshlanmasdanoq ishga shoshardi. "Men koʻproq, va kechagidan koʻra yaxshiroq ishlashim kerak",-deb uylardi Bokser. Shuning uchun ham oldida koʻndalang boʻladigan qiyinchilik va muammolardan qoʻrqmasdi. "Ishlash, ishlash va yana ishlash" degan chaqiriqqa ogʻishmay amal qilardi. Boshqa hayvonlar ham qarab turishmasdi. Imqoniyat va qobiliyatlariga qarab mehnat qilishardi. Tovuqlar va oʻrdaklar hosili yigʻishtirib olingan daladan besh qop makka toʻpladilar. Mister Jounz hukmronligi davrida odatga aylanib qolgan janjallashish, qizgʻanish, bir-birini suzish, tishlash, tepish kabilar deyarli yoʻqolgan edi. Hech kim ularning ishidan norozi ham boʻlmasdi. Moliy ertalab uyqudan uygʻonishga qiynalardi._Boshqalardan ozgina boʻlsa ham kechroq oʻrnidan turish maqsadida ishdan ertaroq, qaytib tuyoqlarini tozalab olardi. Mushukning odati ham gʻalati edi. Umumiy qoidalarga rioya qilishni istamasdi. Ish boshlanishi bilan yoʻqolib qolardi, uni topib boʻlmasdi. Ish tugab hamma hayvonlar daladan qaytib kelganlarida esa hech nima boʻlmaganday sekingina paydo boʻlar va hamisha juda asosli uzr topardi. Soʻngra koʻzlarini moʻltillatib mehr bilan shunday miyovlardiki, uning gapiga ishonmaslikning aslo iloji yoʻq edi.
Qari Benyamin qoʻzgʻalondan keyin ham oʻzgarmagandi. Mister Jounz davridagidek juda sekin va qaysarlik bilan ishlardi. Ish buyurilgan paytda hech qachon yoʻq demasdi. Lekin shoshilmasdi ham. Qoʻzgʻalon va uning natijalari haqida oʻylashni yoqtirmasdi. Hayvonlar Jounzning quvilganidan xursand emasmisan deb soʻrashardi. U esa beparvolik bilan hamma hayvonlarga qaraganda eshaklarnning uzoq umr koʻrishi haqida soʻzlardi. Gapining oxirida oʻlib yotgan eshak murdasini hali umri bino boʻlib hech bir hayvon koʻrmaganligini qayta-qayta ta’kidlardi. Farosatsizlik va mantiqsizlik bilan berilgan javoblar oldida hayvonlar sukut saqlashga majbur boʻlishardi. Yakshanba kunlari ish boʻlmasdi. Odatda bu kuni hayvonlar dam olishardi. Nonushta qilishgach, biror soatlar chamasi vaqt oʻtganidan soʻng tantanalar boshlanardi. Snoubol missis Jounzning yashil ipakdan qilingan eski dasturxonini eski-tuskilar saqlanadigan omborxonadan topib olgandi. Dasturxonning bir chekkasida hayvon shoxi va tuyogʻining oq rangdagi surati bor edi. Dasturxon fermaning bogʻiga oʻrnatilgan uzun tayoqqa bayroq, sifatida ilindi. Tantanalar boshlanishidan oldin bayroq baland koʻtarilardi. Ferma hovlisi ustida hilpirayotgan bayroqka Snoubol gʻurur bilan tikilardi va hayvonlarga shunday tushuntirardi:
— Oʻrtoqlar, «Hayvon ferma»si bayrogʻining rangi yashil.Bu esa Angliyadagi yashil dalalarning ramzidir. Bayroqdagi tuyoq va shox surati esa hayvonlarning yaqin kunlarda tashqil qilinadigan Respublikasining gerbidir. Bayroq koʻtarilishi bilan fermadagi hamma hayvonlar majlis deb ataladigan umumiy yigʻilish uchun molxonaga toʻplanardilar. Bunday majlislarda kelasi haftaning ishlari rejalashtirilardi. Kun tartibiga qoʻyilgan masalalar muhokama qilinib qarorlashtirilardi. Qarorlar har doim choʻchqalar tomonidan chiqarilardi. Boshqa hayvonlar esa qarorni qay yoʻsinda tasdiqlashni va qanday ovoz berishni oʻrganardilar. Snoubol va Napoleondan boshqa hayvonlar qabul qilinayotgan qarorlarning mazmuni bilan qiziqishmasdi. Ikkala choʻchqa muhokamada faollik koʻrsatishardi. Ular har doim qizgʻin bahslashar, tortishishar va hech qachon kelisholmasdi. Biri taklif bersa, ikkinchisi rad etardi. Buni hamma hayvonlar sezib turardi. Hatto mevazorning orqa tomonini nafaqaxoʻr hayvonlar uchun dam olish bogʻiga aylantirish, shuningdek turli hayvonlarning nafaqaga chiqish yoshi haqidagi muhokamalarda ham bir qarorga kelolmasdilar. Majlislarni "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini joʻr boʻlib qoʻylash bilan tugatishardi. Tushlikdan keyin esa hayvonlar hordiq chiqarishardi.Choʻchqalar hayvonlarning buyumlari saqlangan omborxonani shtab-kvartiraga aylantirishgandi. Kechqurunlari ferma uyidan olib kelgan kitoblarni oʻqishar hamda temirchilik, duradgorlik kabi hunarlarni oʻrganishardi. Snoubol hayvon qoʻmitalarini tashqil qilish bilan shugʻullana boshladi. U ishlab charchamas, butun kuch-quvvatini shu ishga sarflar edi. Tovuqlar uchun tuxum ishlab chiqarish qoʻmitasi, sigirlarga dum tozalash ittifoqi, yovvoyi oʻrtoqlar uchun qoʻlga oʻrgatish qoʻmitasi (kalamush va quyonlarning qoʻlga oʻrganishi nazarda tutilgan edi), qoʻylar uchun jun oqartirish harakati kabi uyushmalarni tuzdi. Shuningdek savod chiqarish darslarini ham boshlab yubordi. Snoubol tomonidan tuzilgan qoʻmitalar deyarli oʻzlarini oqlamadi. Ayniqsa, yovvoyi oʻrtoqlarni qoʻlga oʻrgatish qoʻmitasi koʻp faoliyat koʻrsatolmadi. Qisqa muddat ichida tugatildi. Yovvoyi hayvonlar yashash tarzini oʻzgartirmadilar, aksincha, koʻrsatilgan moddiy yordam va hurmatdan foydalanib qoldilar. Uning oʻrniga mushoʻqlarni qoʻlga oʻrgatish qoʻmitasi tuzildi. Bu qoʻmita ham bir necha kun faollik bilan ishladi. Qoʻmita a’zolari tomonidan tomda oʻtirgan mushoʻqlar va mushoʻqlarga yaqin kelgan chumchuqlar orasidagi munosabatni yaxshilash masalasi koʻrildi. Hamma hayvonlar va parandalarning teng huquqliligi, bir-birlariga oʻrtoq ekanliklari ta’kidlanib, tomga chumchuqlarning ham erkin qoʻna olishlari haqida qaror qabul qilindi. Lekin chumchuqlar mushoʻqlar bilan oʻrtoqlasholmadilar. Chunki bu qarorga ishonish qiyin edi. Savodsizlikni tugatish ishlari qizgʻin borardi. Bu sohadagi muvaffaqiyatlar sezilib turardi. Kuzga qadar fermadagi hamma hayvonlar yozish va oʻqishni turli darajada oʻzlashtirib oldilar. Choʻchqalar hamma hayvonlardan koʻra yaxshiroq yozishar va oʻqishardi, bu sohada ilgʻorlik qilishardi. Itlar oʻrtacha oʻrgandilar. Lekin ular yetti qoidadan boshqasini oʻqishga qiziqishmasdi. Myuriyel itlardan ozgina tuzukroq oʻqirdi. Koʻpincha axlatlar ichidan topib olgan roʻznoma parchalarini boshqalarga oʻqib berish bilan shugʻullanardi. Benyamin choʻchqalar kabi oʻqishni yaxshi oʻzlashtirdi. Lekin oʻrgangan narsasini yozish va oʻqishga boʻyni yor bermasdi, tanballik qilardi. Klovir esa butun alifboni oʻrgandi, lekin soʻzlar tuzib yozolmasdi. Bokser A, B, V, G, D harflarini oʻrganaoldi, xolos. U tuyoqlari bilan yerga A, B, V, G, D harflarini berilib chizardi. Bu mashgʻulot bilan band boʻlgan kezlari qoʻloqlari dikkayib ketardi, boshi likkillardi. Alifbodagi bu besh harfdan keyingilarini eslashga bor kuchi bilan harakat qilardi. Lekin hech xayoliga keltira olmasdi. Bir necha marta Ye, Yo, J va 3 ni yozishga urinib koʻrdi. Lekin bu harflarni oʻrgangunga qadar avvalgi 5 harf - A, B, V, G, D yodidan koʻtarilardi. U oʻzi uchun besh harfni oʻzlashtirishning oʻzi yetarli ekanligini tushundi va oʻrganishni toʻxtatishga qaror qildi. Bokser oʻrgangan harflarini esidan chiqarib qoʻymaslik uchun har kuni bir-ikki marta ularni yerga yozardi. Moliyy esa ismini yozish uchun ishlatiladigan toʻrtta harfdan boshqasini oʻrganishni istamasdi. Payrahalardan harflarning shaklini yasab , ismini yozardi. Gullar bilan atrofini yasatardi. Soʻngra uning atrofida aylanib zavqlanardi, shakllarga va gullarga huzur qilib tikilardi. Fermadagi boshqa hayvonlar ham besh harfdan boshqasini oʻrganolmadilar. Tentakroq, fahmi-farosati yetarli boʻlmagan hayvonlardan qoʻylar, tovuqlar, oʻrdaklar yetti qoidani ham oʻzlashtira olmadilar. Snoubol oʻylab koʻrib, yetti qoidaning bittasini kamaytirish mumkin ekanligini, ya’ni qonunning birinchi va ikkinchi moddalarini birlashtirish mumkin ekanligini oʻrtaga tashladi. Moddalar qayta koʻrib chiqilib, qoʻyidagi holatga keltirildi:
Toʻrt oyoqlilar-doʻst, ikki oyoqlilar - dushman.
"Bu, - dedi Snoubol, - hayvonizmning eng muhim asosidir. Buning mohiyatini qaysi bir hayvon chuqur anglay olsa, insonning ta’siridan qutulishi shunchalik oson boʻladi". Avval qushlar bu fikrga qoʻshilmadilar. Chunki ularning ham faqat ikki oyoqlari bor edi. Lekin Snoubol bu moddaning toʻgʻri ekanligini asoslab berdi:
— Oʻrtoqlar, - dedi Snoubol, qushning qanoti uchish, odamlarning qoʻllari esa ushlash uchun yaratilgan. Odamning hayvonlardan farqlanib turadigan yagona tomoni ham qoʻlidadir. Odamlar hayvonlarga qiladigan hamma yomonliklarni qoʻli bilan amalga oshirishadi, narsani qoʻli bilan yaratadi. Qushlarning qanotlari esa faqat uchish uchungina xizmat qiladi. Shuning uchun ham qushlarning qanotlarini oyoq kabi qabul qilishingiz kerak. Qushlar Snoubolning uzundan uzoq va jimjimador, balandparvoz soʻzlarining ma’nolarini anglamadilar. Oʻzlarini tushunganday koʻrsatishib, qonunning yangi moddasini qabul qilishdi. Barcha hayvonlar xayrixohlik bilan moddalarni oʻrgana boshladilar. Molxona devoriga yozilgan yetti modda ustiga koʻzga koʻrinadigan yirik harflar bilan "Toʻrt oyoqlilar-doʻst, ikki oyoqlilar - dushman" deb yozib qoʻyishdi. Hamma hayvonlar bu moddani yod olishdi. Ayniqsa, bu modda qoʻylarga yoqib qoldi. Fermadagi dalalarda oʻtlab yurganlarida boshlarini tez-tez koʻtarib «Toʻrt oyoqlilar - doʻst, ikki oyoqlilar – dushman» deb joʻrlikda marardilar. Soatlar davomida bu mashgʻulotni davom ettirishar va bu mashgʻulotdan charchashmasdi.
Napoleon Snoubol shugʻullanayotgan qoʻmitalar ishi bilan qiziqmadi. Uning oʻylashi boʻyicha, Snoubolning qoʻmitalari katta yoshdagi hayvonlar va ularning manfaatlari uchun moʻljallangandi. Yoshlarning ma’lumot olishlariga esa e’tibor qaratilmagandi. Pichan hosili yigʻib-terib olinganidan keyin Jesiy va Blubel toʻqqizta laychani tugʻib berishdi. Napoleon kuchukchalar emchakdan chiqqanlaridan soʻng onalaridan ajratib olib, ularning tarbiyasi bilan shaxsan oʻzi shugʻullana boshladi. Kuchoʻqlarni omborxona tomi ustidagi narvon bilan chiqiladigan cherdak ichiga qoʻydi. Laychalar oʻsha yerda oʻsa boshlashdi. Hatto fermadagi hayvonlar ularning borligini ham unitib qoʻydilar.
Fermadagi sigirlardan sogʻib olinayotgan sutlarning qayerga ishlatilayotganligi qattiq sir tutilardi. Keyinchalik esa hayvonlarning oʻzlari ham bunga e’tibor bermay qoʻyishdi. Sutlar choʻchqalarning ovqatlari uchun ishlatilardi. Mevazordagi maysalar ustida toʻkilib yotadigan olmalarni hayvonlar teng baham koʻrishardi. Choʻchqalar olmalarni yigʻib olish va omborxonaga keltirishga buyruq berishdi. Bu voqea hayvonlar orasida norozilik keltirib chiqardi. Choʻchqalar hayvonlar orasida uygʻongan norozilikni yoʻqotish uchun tushuntirish ishlarini boshlab yubordilar. Bu harakatga Napoleon va Snoubol ham qoʻshildi. Skuiylir tushuntirish ishlarini olib borish uchun safarbar qilindi:
– Oʻrtoqlar, - derdi u, - choʻchqalar bu ishlarni oʻzlari yoki oʻzlariga imtiyoz yaratish uchun qilishyapti deb oʻylamang . Aslida, biz, choʻchqalar, sut va olmani yoqtirmaymiz. Bizning yagona maqsadimiz salomatligimizni saqlab qolishdir. Sut va olmalar tarkibida choʻchqalarni sogʻlomlashtiruvchi kuchli moddalar bor. Oʻrtoqlar, bu fanda ilmiy jihatdan asoslangan. Biz, choʻchqalar, esa, oʻzingizga ma’lum, aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchi hayvonlarmiz. «Hayvon ferma»dagi hamma ishlarni tashqil qilish esa, gardanimizga yuklatilgan. Biz kechani kecha kunduzni kunduz demay farovon yashashingiz uchun xizmat qilamiz. Ha, bizning sut ichishimiz va olmani tanovul qilishimiz oʻzimiz uchun emas, sizlar uchundir. Agar sogʻligimiz yomonlashib hayvoniy burchimizni bajarishda pand beradigan boʻlsa, nima boʻlishini tasavvur eta olasizlarmi?! Nazarimda, tasavvur eta olmaysizlar! Oʻrtoqlar u holatda Jounz «Hayvon ferma»siga qaytib keladi! Ha, Jounz qaytib keladi! Albatta, sizlarning orangizdagi hech bir hayvon Jounzning qaytib kelishini istamasa kerak!
Skuiylir nihoyatda ta’sirchanlik bilan soʻzlardi. Dumini likillatib u tomondan bu tomonga olib borib kelardi. Jounzning qaytib kelishini hayvonlarning istashmasligi Skuiylir uchun tuyoqlarining ostidagi yerni bosib turganday ayon edi. Shu sababdan ham buni alohida ta’kid bilan gapirardi. Bu esa hayvonlar orasida tushuntirish ishlarini olib borishning ishonchli va sinalgan usuli edi. Shunday qilib choʻchqalarning sogʻligʻini saqlab qolishining zaruriyat ekanligi hayvonlarga ayon boʻldi. Hayvonlar bunga ishonishdi. Sut va olmalar faqatgina choʻchqalar uchun ishlatilishiga rozi boʻlishdi.
IV- bob
Yozning oxirlariga kelib "Manor ferma»sida roʻy bergan voqea atrofdagi fermalarga tarqaldi. Snoubol bilan Napoleon boshqa fermadagi hayvonlarni oʻzlariga qoʻshilishga unday boshlashdi. Boshqa fermalarda yashayotgan hayvonlarga qoʻzgʻalonning dasturi va uni amalga oshirishning oʻziga xos yoʻllarini oʻrgatish uchun kaptarlar uchirildi. Ayniqsa, «Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini oʻrgatish kaptarlarning asosiy maqsadi boʻlishi kerakligi obdan uqtirildi. Fermadan quvib yuborilgan mister Jounz esa koʻp vaqtini Vilingdondagi «Qizil sher» pivoxonasida oʻtkazayotgan edi. Pivoxoʻrlarga oʻz fermasidan oʻzining hayvonlari quvib yuborganliklari haqida alam bilan gapirardi. Vahshiylashib ketgan hayvonlarning adolatsizliklari haqida tinimsiz soʻzlardi. Pivoxonaga yigʻilgan dehqonlarning ayrimlarini unga rahmi kelardi. Lekin ular mister Jounzga yordam berishni oʻylashmasdi ham. Ba’zi pivoxoʻrlar esa mister Jounzning fojiasidan foyda izlashardi. «Hayvon ferma»sining yaqinida «Foksvud» deb nomlangan ferma joylashgan edi. Ferma egasi Pilkingtin nihoyatda ma’suliyatsiz va uning ustiga landovur odam boʻlib, fermadagi ishlarga e’tiborsizlik bilan qarardi. Atrofidagi fermerlar bilan kelisholmasdi. Mister Jounzni haydab yuborgan hayvonlar bilan ham munosabati yomon edi. Koʻp vaqtini asosan baliq ovlash bilan oʻtkazardi. Ov qilishni juda yaxshi koʻrardi. Yilning toʻrt fasliga xos ov mashgʻulotlari bilan shugʻullanish uning doimiy ishi edi. Natijada kattagina maydonni egallagan ferma qarovsiz holatga kelgandi. Fermaning bogʻlari va mevazorlari chakalakzorlarga aylanib ketgandi. Yaylovlar yangilanmasdi. Yaylovlar atrofidagi toʻsiqlar boʻzilgandi. Umuman aytganda, qarovsiz qoldirilgan fermaning axvoli xarob edi. «Hayvon ferma»si yaqinidagi fermalardan yana biri yer maydoni kichikroq boʻlgan «Pinchfiyld» fermasi boʻlib, uning holati yaxshigina edi. Ferma egasi Fredrik uddaburonligi qattiqqoʻlligi bilan nom chiqargandi. Sud jarayonlarida hamisha yutib chiqishi bilan mashhur edi. Savdo ishlarida ham usta, oʻzi bilan muomala qiluvchi sherigini qa’tiy fikrga egaligi va dadiligi bilan lol qoldirardi. Pilkingtin Fredrik bilan hatto umumiy manfaatlari yoʻlida ham kelisholmasdi. Ular doimo qattiq janjallashib yurishardi. Lekin har ikkalalari ham «Hayvon ferma»sida roʻy bergan voqeadan juda qoʻrqishardi. Fermalaridagi hayvonlarning xabardor boʻlib qolishlarini aslo istashmasdi. Shuning uchun ham har ikkalari yuz bergan voqea haqida hayvonlarning xabar topishlarini va muhokama qilishlarini qattiq nazorat ostiga olishgan edi. Fermani hayvonlar boshqara olishlariga Fredrik ham, Pikingtin ham shubha bilan qarardi. «Hammasi ikki haftadan keyin tugaydi. Buzoqning yugurgani somonxonagacha», - deyishardi ular. «Hayvon ferma»si degan nomga toqat qilolmasdilar. Bu ferma haqida gap ketgan paytlarda hanuzgacha "Manor ferma" deb atashardi. "Manor ferma"da hayvonlar bir-birlari bilan urushmokdalar, ular orasida ocharchilik boshlangan degan xabarlarni tarqatishardi. Lekin vaqt oʻtgan sari hayvonlarni bu ma’lumotlarga ishonishga majbur qilishlari befoyda ekanligini sezib qolishardi. Shuning uchun hayvonlar orasida avj olayotgan voqealar, ya’ni hayvonlarning hayvonxoʻr va odamxoʻrligi, bir-birlariga qizdirilgan taqa bilan azob berayotganlari, ayollarni esa oʻrtada ekanligi haqidagi xabarlarni tarqatisha boshlashdi.Odamlar hayvonlar qoʻzgʻalonining tabiati qonunlariga zidligini ta’kidlashardi. Hayvonlar esa bu xabarlarga ishonishmasdi. Odamlarni quvib yuborib, ularning ishlarini oʻzlari bajarayotgan hayvonlar va «Hayvon ferma»sida roʻy berayotgan voqealar haqidagi soxta xabarlar ovozasi tezlik bilan atrof fermalardagi hayvonlar orasida yoyilib borardi. Yil boʻyi qoʻzgʻalonlar sharpasi fermalar boʻylab kezib yurdi. Qoʻlga oʻrgangan buqalar yovvoyilashdi, qoʻylar esa toʻsiqlarni buzishardi, sigirlar paqirlarni tepishardi, otlar panjaralar ustidan sakrab oʻtishdan bosh tortishib, toʻsiqlar oldida toʻxtashib, xurpayib olishar va ustlariga minib olgan odamlarni irgʻitib yuborishardi. «Angliya hayvonlari» shitob bilan yashin tezligida boshqa fermadagi hayvonlar orasida tarqalib borardi. Insonlar ashulani eshitganlarida toqat qilolmasdilar, tepa sochlari tikka boʻlib ketardi.Qoʻshiqning bemaza ekanligi, soʻzlari oʻrinsiz ishlatilganligini isbotlashga harakat qilishardi. Axlatga irgʻitib yuboriladigan magʻzavaga oʻxshagan ashulani qanday qilib hayvonlar maroq bilan kuylashayotganlariga aqllari bovar qilmayotganligi haqida kuyinishib gapirishardi. Agar fermadagi hayvonlar aytishayotganini sezib qolishadigan boʻlsa darhol toʻxtatishib, ayovsiz kaltaklashardi. Lekin hayvonlar orasida tezlik bilan yoyilib borayotgan ashulani ham toʻxtatishning iloji yoʻq edi. Qushlar toʻsiqlar ustida xushtak chalib chugʻurlashardi, kaptarlar qayragʻoch daraxtlarining ustiga qoʻnib olib huv-huvlashardi. Hatto temirchilik ustaxonasidagi tovushlar va cherkovning qoʻngʻiroqlarining tovushlari ham qoʻshiq ohangiga moslashtirilgan edi. Odamlar hayvonlarni sehrlab olgan bu qoʻshiqni eshitganlarida ertangi kunlari haqida bashorat qilinayotganday qoʻrqib ketishardi.Oktabr' oyining boshlari edi. Hayvonlar makkajoʻxori poyalarini oʻrib, bir joyga toʻplab, navlarga ajratayotgan edilar. Kaptarlar guruhi «Hayvon ferma»si hovlisiga uchib kelib, bezovtalik bilan yerga qoʻndilar. Ular Jounz va uning xizmatkorlari, Foksvud va Pinchfiyld fermasida ishlovchi olti odam «Hayvon ferma»sining beshga boʻlingan temir panjarali darvozasiga kelib tutashuvchi arava yoʻlidan kelayotganliklari haqidagi xabarni keltirgandilar. Odamlarning oldida qoʻlidagi miltiqni mahkam ushlab, shaxdam va dadil qadamlar bilan Jounz kelayotgandi. Boshqa odamlarning qoʻllarida esa tayoqlari bor edi. Ular «Hayvon ferma»sidagi qoʻzgʻalonni bostirish uchun kelayotganliklarini hayvonlar bilishardi, lekin bu kutilmagan voqea edi. Ular mudofaaga tayyorlanishga majbur boʻldilar. Fermadagi uylarning biridan Yuliy Sezar oʻz qoʻshinlarini qanday boshqarganligi haqidagi kitobni topib olib mutoala qilgan Snoubol ferma mudofaasining rahbari edi. U shitob bilan harakat qila boshladi. Qat'iy va keskin buyruqlar berdi. Bir necha daqiqalar ichida hayvonlar oʻz oʻrnilarini egalladilar. Odamlar fermaga yaqinlashib qolganlarida Snoubol birinchi hujumni boshladi. Hamma kaptarlar (jami 35ta kaptar bor edi) odamlar ustidan uchib, axlatlarini toʻka boshladi. Odamlar oʻzlarini himoya qilish uchun qoʻllarini boshlariga soyabon qildilar. Shu payt toʻsiqlar orqasida yashirinib yotgan gʻozlar tezlik bilan chiqib, ularning boldirlarini choʻqiy boshladi. Bu Snoubol tomonidan qoʻllangan yengil harbiy usul edi. Odamlar tayoqlari bilan gʻozlarni haydashdi. Snoubol ikkinchi hujumni boshladi. Myuriyel, Benyamin va hamma qoʻylar odamlarning yoʻllarini toʻsib, boshlari va shoxlari bilan suzishdi. Benyamin odamlar atrofida aylanib, kichik tuyoqchalari bilan odamlarning duch kelgan joyiga tepardi. Odamlar ham boʻsh kelishmasdi. Hayvonlarni tayoqlari bilan urib, nahal qoqilgan etiklari bilan tepardilar. Hayvonlar Snoubolning chekinish belgisini bildiruvchi chiyillagan tovushini eshitishlari bilanoq hayvonlar ferma ichkarisiga orqalari bilan qaytdilar. Odamlar gʻalaba shuuridan mast boʻlib baqirib yuborishdi va tartibsiz ravishda hayvonlar orqasidan quva boshladilar. Snoubol kutgan voqea yuz berayotgan edi. Odamlar ferma ichkarisiga olib kiruvchi darvoza oldiga yetay deganlarida pistirmada turgan uch ot, uch sigir va choʻchqalardan boshqa hamma hayvonlar ularning orqa tomonida paydo boʻldilar. Snoubol hujum qilishga ishora berdi. Chekinayotgan hayvonlar birdaniga orqaga qaytdilar. Bir zumda hayvonlar odamlarni orqa va old tomonidan oʻrab olishdi va darhol hujum boshlashdi. Snoubolning oʻzi esa Jounzning ustiga bostirib kela boshladi. Jounz miltigini Snoubolga toʻgʻirlab turib otdi. Snoubolning orqasini yalab oʻtib, qonli iz qoldirdi. Uning orqasidagi qoʻy agʻdarilib ketdi. Vazni toʻqson besh kilogramm boʻlgan Snoubol zarb bilan kelib Jounzni tepib yubordi. U uyilib yotgan axlat ustiga uchib tushdi. Miltigʻi qoʻlidan chiqib oʻzidan nariroqqa otilib ketdi. Oyoqlarini osmonga koʻtarib turib Bokserning bor ovozi bilan kishnashi juda dahshatli edi. U musulllariga bor kuchini toʻplab turib taqa qoqilgan bahaybat tuyoqlari bilan odamlarga hamla qilardi. Uning birinchi zarbasi Foksvud fermasida xizmat qiluvchi otboqarning boshiga tushdi. Otboqar koʻlmak suvga chalqanchasiga agʻdarilib, nafasi ichiga tushib ketdi. Buni koʻrib turgan boshqa odamlarning yuragi orqasiga tortib ketdi va tayoqlarini qoʻllaridan irgʻitib yuborib orqa-oldilariga qaramay qochishdi. Ular qoʻrquvdan oʻzlarini yoʻqotib, dagʻ-dagʻ titrardilar. Hayvonlar qochayotgan odamlarni ta’qib qilardilar. Har bir hayvon oʻz xolicha odamlardan qasos olishardi. Shoxli hayvonlar suzar, tepar, tishlar va odamlarni tuyoqlari ostiga olib ezgʻilardilar. Shoxlari esa odamlar tanasining ichiga botib kirardi. Hattoki tomda oʻtirgan mushuk ham bir odam ustiga toʻsatdan sakradi va oʻtkir tirnoqlarini uning buyniga botirdi. Odam baqirib yubordi. Odamlar “Hayvon ferma”si hovlisidan qochib, katta yoʻlga chiqib, sharmandalarcha chekinib borardilar. Gʻozlar galasi esa ularga yetib olib, gʻa-gʻalashib oyoqlarini choʻqiy boshlashdi. Odamlar jon-jahdlari bilan qochishdi.
Bokser ferma hovlisidagi iflos koʻlmak suv ichida yotgan oshxona xizmatchisining tanasini qimirlatib koʻrdi. Tirikligini bildiruvchi biror nishon koʻrinmadi. Oyoqlari Jounziz edi.
— Oʻlmasligi kerak edi, - dedi Bokser alam bilan. Tuyoqlarim ostiga qachon taqa qoqilganini unitib ham qoʻydim.
— Hissiyotga berilmang,- dedi Snoubol oʻrtoqlarcha uning yelkasiga qoʻlini qoʻyib. Uning yarasi hanuzgacha ochiq edi, qon chakkillab tomib turardi. Urush urush-da,-deb davom etdi Snoubol. U qurbonsiz boʻlmaydi. Koʻpincha urushning oʻqiga yaxshi hayvonlar duch kelishadi. Men esa oʻlimni, hattoki odamlar oʻlimini ham xohlamayman.Shu payt hayvonlar orasidan qaysi biridir "Moliy qayerda?! U yoʻq-ku!" - deb soʻradi. Haqiqatdan ham ular orasida Moliy koʻrinmasdi. Odamlar Moliyni yarador qilganliklari yoki uni oʻzlari bilan asir tushirib olib ketganliklari haqidagi vahimali oʻylar hayvonlarni bezovta qilardi. Moliyni qidira boshladilar. Uni otxonadagi supa ustiga oʻrnatilgan oxur ichidagi pichan orasiga boshlarini suqib olgan holda topdilar. Miltiq tovushlaridan vahimaga tushgan Moliy otxona ichiga qochib kirib yashirinib olgan edi. Hayvonlar Moliyni topib, ferma hovlisiga qaytganida koʻlmak ichida yotgan oshxona xizmatchisi yoʻq boʻlib qolgan edi. Hushiga kelib qochib ketgan edi. Hayvonlar yovvoyi ehtiros ichida bir-birlariga soʻz bermay jang payti koʻrsatgan qahramonliklari haqida shovqin solib gapira boshlashdi. Soʻngra qoʻlga kiritilgan gʻalabani nishonlash tantanalarini boshladilar. Ferma hovlisidagi bayroqni baland koʻtarishdi. "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini bir necha marotaba takrorladilar. Soʻngra jang payti oʻq tegib shahid boʻlgan qoʻyni koʻmish marosimini oʻtkazishdi. Marosimda Snoubol qisqagina nutq soʻzladi. “ “Hayvon ferma”sini saqlab qolishimiz uchun jonimizni ham fido qilishga tayyor turishimiz kerak”,- deb nutqini tugatdi. Qoʻyning qahramonligi boshqa hayvonlar uchun ibrat boʻlishi kerakligini ta’kidladi. Qoʻyning jangda shahid boʻlish sabablariga alohida urgʻu berdi. Qoʻy dafn etilgan qabr boshiga buta ekishdi.
Keyingi kun oʻtkazilgan majlisda hayvonlar bir ovozdan "Qahramon hayvon" harbiy ordenini ta’sis etish haqidagi qarorni tasdiqlashdi. Snoubol bilan Bokser bu ordenning dastlabki laureatlari boʻlishdi. Bronzadan qilingan bu orden mister Jounz hukmronligi vaqtida yakshanba va bayram kunlari otlarni bezatish uchun ishlatilardi. Hayvonlar uni omborxonadan topgan edilar. Jangda halok boʻlgan qoʻyga esa oʻlimidan soʻng 11 darajali “Qahramon Hayvon” ordenini berishdi. Boʻlib oʻtgan jangni abadiylashtirish ustida ham koʻp tortishishdi. Nihoyat "Molxona janggi" deb nomlashga qaror berishdi (Jang boʻlib oʻtgan ferma hovlisi yaqinida molxona joylashgan edi). Hayvonlar mister Jounzning miltigʻini loy ichidan topib olishdi. Fermada miltiq oʻqlari saqlanishini bilishardi. Uni qidirib topdilar. Miltiqni bayroq oʻrnatilgan yogʻoch tagiga oʻrnatishga qaror qilindi. Miltiq yil davomida ikki marta otiladigan boʻldi. Birinchi marotaba "Molxona janggi"ning yilligini nishonlash maqsadida oktabr' oyining 12-kunida, ikkinchi marotaba esa qoʻzgʻalon gʻalabasini bayram qilish sharafiga yilning eng uzun kunida osmonga qarata oʻq uziladigan boʻldi.
V- bob
Qish yaqinlashgan sari Moliyy koʻp tashvishlana boshladi. Deyarli har kuni ishga kech qolib borardi. Har safar uxlab qolganligini aytib uzr soʻrardi va butun tanasining zirqirab ogʻriyotgani haqida shikoyat qilardi. Lekin ishtahasi karnay edi. Turli bahonalar bilan ishdan erta ketardi. Farosatsizligi shundoqqina sezilib turgan yuzini koʻlmak suvga solib uzoq-uzoq tikilib qolardi. Hayvonlar orasida Moliyning qilmishlari haqida turli mish-mishlar ham yurardi. Kunlardan bir kun ferma hovlisida dumini oʻynatib aylanib yurgan Moliyni somon kovshayotgan Klovir imlab chaqirdi:
— Moliyy, - dedi u, mening sizga aytadigan jiddiy gapim bor. Bugun sahar payti “Hayvon ferma”si bilan "Foksvurd" fermasi oraligʻiga qoʻyilgan toʻsiq oldida sizni koʻrdim. Men uzoqroqda edim. Lekin toʻsiqning orqa tomonida mister Pilkingtin ishchilaridan biri turganini sezdim. U siz bilan nima haqidadir gaplashardi. Hatto burningizni sillashiga ham ruhsat berdingiz. Tinchlikmi, Moliyy?! Nima gap?!
— Tuhmat qilmang! Bunday voqea roʻy bergani yoʻq,-dedi Moliyy tuyoqlari bilan tepsinib turib.
— Moliyy, yolgʻon gapirmang! Tumshugʻingizni haqiqatdan ham sillatmaganman deb qasam icha olasizmi?-dedi Klovir.
— Gapingiz toʻgʻri emas,-dedi Moliyy koʻzlarini yerga tikkan holda. U Klovirning koʻzlariga qaray olmasdi. Moliyy Klovirning oldida uzoq turolmay yaylovga oʻtlagani ketdi. Klovirning kallasida esa bu voqeani boshqalarga aytsammi yoki yoʻqmi degan fikrlar gʻujgʻon oʻynay boshladi. U otxonaga kirib Moliy yotadigan supaga solingan somonni tuyogʻi bilan agʻdarib koʻrdi. Somon tagiga bir necha oq qand va har xil rangdagi lentalar yashirilgan edi. Bu voqeadan uch kun oʻtgandan soʻng Moliy yoʻqolib qoldi. Hayvonlar uning qayerda ekanligini uzoq vaqt bilisholmadi. Bir necha hafta oʻtgandan keyin esa kaptarlar Vilingdonning bir chekkasida Moliyni koʻrganliklari haqida xabar keltirdilar. U pivoxona yonida toʻxtab turgan qizil va qora rangga boʻyalgan chiroyli aravaning shotilari orasida turardi. Shaxmat nusxa matodan shim kiyib olgan va nihoyatda semirib qorinlari osilib ketgan, chertsa yuzlaridan qon tomadigan bir mayor Moliyyning tumshugʻini silardi va unga oq qand berardi. Moliyyning tanasidagi moʻylarning yaqindagina qirtishlanganligi sezilib turardi. Sochlariga qizil lenta bogʻlangan edi.
Moliyning hayotidan mamnunligi sezilib turardi. Bu xabarni eshitgan fermadagi hayvonlar Moliyning nomini ikkinchi marta tilga olmay qoʻydilar.
Yanvar' oyida obi-havo juda qattiq keldi. Yer temir-metindek muzlagan, dalada ishlashning hech iloji yoʻq edi. Katta molxonada ketma-ket majlislar oʻtkazila boshladi. Kelasi yili olinadigan hosilning rejalari choʻchqalar tomonidan tuzilardi. Choʻchqalar fermada roʻy berayotgan siyosiy voqealarni nazardan qochirmasdilar. Hayvonlar bu tartibga koʻnikishgandi. Choʻchqalar tomonidan chiqarilgan qarorlar koʻpchilik hayvonlar tomonidan tasdiqlanishi shart edi. Hayvonlarning oʻziga ham qarorlar ustida bosh qotirmasliklari yoqib tushardi. Lekin Snoubol bilan Napoleon hech bir masalada kelisha olmas edi. Ular oʻrtasidagi kelishmovchiliklar kuchayib borardi. Agar ulardan biri fermaning ekin eqiladigan maydoniga arpa ekishni taklif qilsa, ikkinchisi buni albatta rad etib suli ekish foydali ekanligini isbotlardi. Agar biri dalaning tuprogʻi faqat karam ekish uchungina yaraydi desa, ikkinchisi bu yerga umuman ekin ekib boʻlmaydi, yerga oldin ishlov berish kerak, derdi. Har ikkalasining ham tarafkashlari boʻlib majlislar janjalga aylanib ketardi. Bir masala qayta-qayta muhokama qilinardi. Snoubol hayvonlarning aqlini oʻgʻirlaydigan chiroyli nutqlari bilan koʻpchilikni ishontira olardi. Ammo Napoleon ovoz toʻplashda uddaburonlik qilardi. Qoʻylar unga yaxshigina yordam berardi. Ular tortishuvni diqqat bilan kuzatib, Napoleonning fikrlarini doimo quvvatlab turardilar. Qoʻylar Snoubolning nutqlarini eng muhim va ta’sirchan joylarida uzib qoʻyib “Ikki oyoqliklar -dushman, toʻrt oyoqliklar -doʻst" deb marashardi. Bu bilan boshqa hayvonlarning diqqatlarini oʻzlariga tortishardi.
Snoubol Jounzning uyidan "Fermer va molboqar" jurnalining eski sonlaridan birini topib olgan edi. Uni qayta-qayta oʻqirdi. “Hayvon ferma”sini rivojlantirish uchun turli rejalar tuzardi. Ferma yerlari atrofiga zovurlar qazish va mogʻorlab ketgan ovqat qoldiqlarini qayta ishlatish haqida foydali maslahatlar berardi. Hayvonlarning axlatini ferma hovlisida qoldirish qoʻshimcha ish kuchini va mehnatni talab qilishini asoslardi. Hayvonlar axlatlarini dalalarga oʻzlari tashlashlari haqida kompleks reja tuzdi va uni hayotga tadbiq qilishga urina boshladi. Snoubol tomonidan taklif qilinayotgan takliflarni Napoleon tan olmasdi. Ularning oʻrniga oʻzining loyihalarini ham bermasdi. U haddan tashqari bosiq edi. Aftidan kimnidir yoki nimanidir kutayotganga oʻxshardi. Ular orasidagi shamol tegirmoni haqidagi tortishuv, ayniqsa, juda keskin boʻldi. Snoubol quriladigan shamol tegirmoni uchun hayvonlar turadigan joydan uzoqroq, boʻlgan kichkinagina bir tepalikni taklif qildi. Tepalikni oʻrganib chiqib, shamol tegirmoni qurilishi uchun shu joyning qulayligini isbotlab berdi. Quriladigan shamol tegirmoni dvijok yordamida ishlab, hayvonlar yotadigan supalarga yorugʻlik berishi hamda qish oylarida hayvonlar yotadigan binolarni isitishi koʻzda tutilgan edi. Snoubol shamol tegirmonining bugʻdoyni unga aylantirishi, elektr mashinalari yordamida sigirlarni sogʻish haqida toʻlqinlanib gapirardi. Ferma Jounz hukmronligi davrida ham ibtidoiy mashinalar bilan ishlardi. Hayvonlar Snoubol va’da qilayotgan mashinalar haqida eshitmagan ham edilar. Shuning uchun ham hayrat bilan qoʻloq solishardi. Yaylovda oʻtlab yurib qilingan suhbatlar davomida Snoubol hayvonlarni lol qoldirardi. Kelgusida yaratiladigan turli elektr mashinalarini tasvirlab berib hayvonlarning aqlini shoshirardi. Oradan yetti hafta oʻtganidan keyin shamol tegirmonining loyihasi tayyor boʻldi. Snoubol shamol tegirmoni loyihasi bilan bogʻliq mexanikaga oid bilimlarini mister Jounzga qarashli boʻlgan uch kitobdan oʻrganardi. Har bir erkak oʻz oilasi zaruriyatidan kelib chiqib ming bir hunarni bilishi kerak deb hisoblardi. Ayniqsa, gʻisht terish qoʻlidan kelmaydigan birorta ham hayvon boʻlmasligi kerak deb oʻylardi. Shamol tegirmonining loyihasini chizish uchun mister Jounz davrida yangi tugʻilgan qoʻzilarni parvarishlash uchun ajratilgan xonani tanladi. Xonaning poli tekis edi. Shuning uchun ham ish kabinetiga aylantirgandi. Snoubol xonada kun boʻyi qolib ketardi. Oʻqiyotgan kitobining kerakli sahifasining bir tomoniga tosh bostirib qoʻyardi, ikkinchi sahifasini esa panjalari orasiga olardi. Ikkinchi oyogʻi bilan esa polga chizilgan loyihani mukammallashtirib borardi. Dumi esa devor soatining toshlari kabi u yoqdan bu yoqqa borib kelardi. Ba’zan boshini koʻtarib xursandchilik bilan "eh" deb yuborardi. Bora-bora shamol tegirmonining tishlari va parraklari loyihada mukammallashib borardi. Chigalliklar yechila borib shamol tegirmonining loyihasi xona polining yarmidan koʻpini egallab oldi.Boshqa hayvonlar chizmalarga umuman tushunmas edi. Shunga qaramay chiziqlarga qiziqsinishib obdan tikilishardi. Boshlarini chayqab hayratlanishardi. Loyihaning tayyor boʻlishini esa intiqlik bilan kutardilar. Hech boʻlmaganda kuniga bir marta hayvonlar aqlli Snoubolning chizma chizishini tomosho qilish uchun kelishardi. Hatto hech nimaga aqli yetmaydigan tovuqlar va oʻrdaklar ham loyihalarga qiziqishardi Hayvonlar boʻr bilan chizilgan chizmalarni bosib olmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan qadam tashlashardi. Faqat Napaleon kelmasdi, xolos. Napaleonning shamol tegirmoni qurilishiga qarshi ekanligini hamma hayvonlar bilishardi. Uning oʻzi buni oshkora aytgan edi. Shunga qaramasdan kunlardan bir kuni kutilmaganda loyihani tekshirib koʻrish bahonasi bilan Snoubol ishlayotgan xonaga kirib keldi. Atrofni sinchiklab qarab chiqdi. Loyihani ham yaqin kelib kuzatib chiqdi.Soʻngra burnini bir necha marta tortib koʻzlarining kiri bilan Snoubolga ma’nodor nazar tashladi va birdaniga oyoqlarini koʻtarib turib loyiha ustiga siyib yubordi. Soʻngra lom-mim demasdan orqasiga qaytib ketdi.
Fermadagi hayvonlar allaqachon ikki guruhga ajralib ketgan edilar. Ular shamol tegirmoni loyihasi va uning qurilishi haqida baqirib-chaqirib janjallashishardi. Snoubol qurilishning ogʻirligini inkor qilmasdi. Toshlarni kesish, ulardan poydevor va devorlar koʻtarish oson ish emasligini tan olardi. Qurilish uchun yelkan, generator va kabellar kerakligini ta’kidlardi, lekin ularni qayerdan sotib olishni aytmasdi. Hatto hayvonlar astoydil mehnat qilsalar qurilishni bir yilda tugatish mumkinligini va buning uchun esa hayvonlar haftaning har uch kunida hashar qilishi kerakligini ma’lum qilardi.
Napoleon oziq-ovqatni koʻpaytirish, ishlab chiqarishni kuchaytirish haqida qaygʻurardi. Agar fermadagi hamma kuch shamol tegirmoni qurilishi uchun sarflanadigan boʻlsa, hayvonlar och qolishi muqarrarligini qayta-qayta ta’kidlardi. Snoubol esa chiroyli nutqlari va chaqiriqlari hamda hayvonlar aqlini oʻgʻirlaydigan shiorlari bilan haftaning uch kunida hashar yoʻli bilan ishlashlariga rozi boʻlib ovoz berishga undardi. Napoleon esa oxurlaringizni yem va tertlarga toʻliq boʻlishi va oziq-ovqatlarnigizning serobgarchiligi uchun oyoqlaringizni koʻtaring derdi. Xullas, hayvonlar ikki lagerga boʻlingandilar. Ular orasida faqat Benyamingina betaraf edi. Uning nazarida, oziq-ovqatni koʻpaytirish ham, shamol tegirmonini qurish ham fermadagi hayvonlar hayotini yaxshilashga yordam bermasdi. Shamol tegirmoni qurilsa ham va qurilmasa ham turmush bir tekisda davom etib, umr oʻtaveradi, shamol tegirmoni qurilishi yaxshilikka olib bormaydi deb oʻylardi.
Hayvonlar shamol tegirmoni qurilishidan tashqari «Hayvon ferma»sining himoyasi ustida ham bosh qotirishardi. Insonlar "Molxona janggi"da magʻlub boʻlishgan boʻlsa ham xohlagan paytlarida yana hujum boshlashlarini bilishardi. Birdan bostirib kelib fermani Mister Jounzga olib berishlari tabiiy hol edi. Buni har qadamda kutish mumkin edi. Hayvonlar buning oʻziga xos sabablari borligini sezib turishardi. Insonlar ustidan gʻalaba qozongan hayvonlar haqidagi xabarlar yer yuzi hayvonlari orasida tezlik bilan tarqalib borardi. Fermalardagi hayvonlarning tinchi buzilib borayotgandi. Ular ham insonlarga qarshi qoʻzgʻalon koʻtarish harakatiga tushib qolishgan edi. Mudofaa muammosini hal etishda ham, odatdagidek, Napoleon Snoubol bilan kelisholmasdi. Napaleon qurollar sotib olib, hayvonlarni qurol ishlatishga oʻrgatishni muhim deb hisoblardi. Snoubol esa yer yuzidagi fermalarda yashovchi hayvonlar orasida targʻibot ishlarini olib borish uchun kaptarlarni safarbar qilishga koʻproq ishonardi. Kaptarlar yordamida qoʻzgʻalonga undashning afzalliklari haqida joʻshib va’z aytardi. Yer yuzidagi mavjud fermalarning hammasida qoʻzgʻalon koʻtarilib, gʻalaba qozonadigan boʻlsa, himoyani oʻz-oʻzidan keragi boʻlmaydi deb tushuntirishga harakat qilardi. Hayvonlar, avval, Napoleonni tinglashardi, soʻngra Snoubolga quloq solishardi. Lekin qaysi biri haq ekanligini ajratolmasdilar. Shuning uchun ulardan qaysi birining nutqi ta’sirchan boʻladidigan boʻlsa oʻsha yoqqa qarab ogʻib ketishardi. Aravani ot qaysi tomonga tortadigan boʻlsa oʻsha tomonga qarab yoʻl olishardi.
Nihoyat, Snoubol shamol tegirmonining loyihasini tugatganligini e’lon qildi. Uning qurilishi haqidagi masalani hayvonlar orasida ovozga qoʻyish vaqti ham yetib keldi. Masala yakshanba kuni oʻtkaziladigan majlisda hal etiladigan boʻldi. Hayvonlar katta molxonaga yigʻilishdi. Shamol tegirmoni haqida gapirish uchun Snoubolga soʻz berishdi. U shamol tegirmonining qurilishini himoya qilib, salobat bilan ta’sirchan ma’ruza qila boshladi. Qoʻylar marashib, uning soʻzini tez-tez boʻlib turishardi. Soʻngra Napoleon oʻrnidan turib shamol tegirmoni haqida Snoubol aytgan gaplar safsata ekanligini tushuntira boshladi. Soʻngra hayvonlarni ovoz bermasliklarini soʻrab darhol oʻtirdi. U nihoyatda qisqa gapirdi. Oʻzini bu masalaga beparvodek tutardi. Birdan Snoubol sapchib oyoqqa turdi. Qoʻylar maray boshlashdi. Snoubol qoʻylarning tovushini bosib tushadigan baland ovozda gapira boshladi. Shamol tegirmonining qurilishiga ovoz berishlariga undab, oʻz fikrlarini asoslay boshladi. Ovoz berishda teng ikki guruhga ajralib ketgan hayvonlar Snoubolning maroqli va chiroyli ma’ruzasi ta’siriga berila boshladilar. Snoubol «Hayvonlar ferma»sining kelajagi haqida kuyib-yonib gapirardi. Hayvonlarning koʻzi oʻngida kelajakdagi farovon hayot manzaralari tiklanardi. Qoʻl mehnatini hayvonlar yelkasidan koʻtarib yuboradigan, elektr quvvati bilan ishlaydigan mashinalar yaratilishi haqida va’da berardi. Faqat hozirda hayvonlar koʻrib turgan somon maydalovchi mashinalar emas, balki yer haydovchi traktorlar, hosil yigʻuvchi kombaynlar, xashaklarni bosib mahkam bogʻlovchi va donlarni navlarga ajratuvchi texnikalarning yaratilishi haqida bashorat berardi. "Hatto,-derdi u,- elektr quvvati yordamida hayvonlarni jarohlik yoʻli bilan davolash mumkin. Undan tashqari, elektr nurlari yordamida har bir hayvon supasiga yorugʻlik uzatilishi, issiq va sovuq suvlarning olib borilishi, xonalarning isitilishi haqida soʻzlardi. Hayvonlar butun xotirlarini jamlagan holda diqqat bilan quloq solishardi. Ularning yuzlaridan Snoubolga xayrixoh, ekanliklari sezilib turardi. Ularning shamol tegirmoni qurilishi uchun ovoz berishlariga shubha ham qolmagan boʻlardi. Kutilmaganda Napoleon sakrab oʻrnidan turib ketdi. Koʻzlarini oʻqraytirib gʻazab bilan Snoubolga qaradi va hayvonlar shu paytgacha eshitishmagan vahimali ovoz bilan chiyilladi. Tashqaridan esa hayvonlarni dahshatga soladigan xurish eshitildi. Soʻngra bronza koʻzli boʻyinbogʻ taqqan 9 it harbiycha qadam tashlab molxonaga kirishdi va toʻgʻri Snoubolga qarab yurdilar. Itlar tishlarini gʻijirlatib, gʻazabga mingan holda irrilab, oʻzining ustiga bostirib kelayotganligini koʻrgan Snoubol qoʻrqib ketganidan shoshib qoldi. Lekin tezda hushini yigʻib olib molxona eshigidan qochib chiqishga ulgurdi. Itlar uning orqasidan quviy boshlashdi. Yuz berayotgan voqeani koʻrib hayvonlarning tillari aylanmay qoldi. Qoʻrqqanlaridan dagʻ-dagʻ titrashib, ularni soʻzsiz kuzatishardi. Snoubol ferma tashqarisidagi katta yoʻlga tutashib ketgan yaylov boʻylab yugura boshladi. U itlar kabi tez yugurolmasdi. Lekin chopogʻon itlar ham uni tutisholmasdi. Itlar yetay-etay deb qolganlarida Snoubolning oyoqlari qayrilib yerga yuz tuban agʻdarilib tushdi. Itlarning tutib olishlari aniqqa oʻxshardi. Snoubol oʻrnidan jon holatda turib yana oldinga intildi. Itlar yana yaqinlashib qolishdi. Hatto ulardan biri Snoubolning dumini tishlab olishiga ozgina qoldi. Dumini darhol oʻziga tortib olib bor kuchi bilan qocha boshladi. Itlar tutib olay deganlarida «Hayvon ferma»sini oʻrab olgan toʻsiqning teshigidan oʻtib ketdi. Snoubol itlarga koʻrinmay qoldi. Jazavasi quzib ketgan itlar bir zum jim qolishdi. Soʻngra orqalariga qaytdilar. Dadil va ogʻir qadamlar bilan molxona binosiga qaytdilar. Avvaliga hayvonlar dahshat soluvchi itlarning qayerdan kelib qolganligini anglasholmadi. Lekin kuchoʻqlar terisini qoplab olgan junlarning rangidan va ularning sumbatidan Jesiy va Blyubelning laychalari ekanligini tushunishdi. Ularning yoshlari katta boʻlmasa ham bahaybat koʻrinardilar. Boʻridek shiddatli va qoʻrqinchli boʻlgan bu itlarni Napoleonning atrofida aylanib yurishganini hayvonlar koʻrishgandi. Itlar avvallari mister Jounzning oldida dumlarini likillatib qanday erkalangan boʻlsalar Napoleonning oldida ham shunday erkin harakat qilishardi. Hayvonlar buni sezib turishardi.
Napoleon qari mayor nutq soʻzlagan polning baland qismiga chiqdi. Hayvonlarni bir-bir koʻzdan kechirib, bir oz toʻxtaldi. Soʻngra bugundan boshlab yakshanba kunlari majlislar boʻlmasligini e’lon qildi. Shuncha paytdan beri majlislar uchun hayvonlarning juda koʻp vaqtlari sarf boʻlganligini aytib taassuflandi. Bundan keyin «Hayvon ferma»sidagi barcha muammolarni choʻchqalardan tashqil topgan maxsus qoʻmita hal qilishligini e’lon qildi. Bu maxsus qoʻmitaga Napoleon rahbarlik qilardi. Qoʻmita a’zolari masalalarni hal qilish uchun alohida yigʻilishardi. Qabul qilingan qarorlarni fermadagi hayvonlarga yetkazish bilan shugʻullanishardi. Hayvonlar har yakshanba kuni chaqirilardi. Lekin ular Napoleon bilan harbiychasiga salomlashishar va "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini kuylashar, soʻngra qabul qilingan qarorlarni eshitishardi. Snoubolning fermadan haydalishi ular orasida norozilik tugʻdirgan boʻlsa ham buni tillariga chiqarishga hayiqishardi. Agar oldingi majlislarda boʻlganidek munozaralar boʻlib turganida e’tirozlarini bildirishga imqoniyat topishardi. Afsuski, hayvonlar endi u imqoniyatlarini yoʻqotib boʻlgandilar.
Bokser nihoyatda notinch edi. Boshini qimirlatib, sochlarini silkitib, quloqlarini dikkaytirib fikrlarini bir joyga toʻplashga va boʻlib oʻtgan voqeani tushunishga harakat qilardi. Lekin Snoubolning haydalishiga aytarli sabab topolmasdi. Majlis voqealarini xayolida qayta-qayta tiklardi. Oʻsha majlis oʻtkazilgan kuni oldingi qatorda oʻtirgan toʻrtta yosh choʻchqa boʻlib oʻtgan voqeani ma’qullamaganliklarini bildirishib chiyillashdi. Ular birdaniga baravariga oʻrnilaridan turishib, bir- birlariga soʻz bermay, baravariga gapira boshlashdi. Shunda Napoleonning atrofini oʻrab oʻtirgan itlar xavf solib irrilashdi. Choʻchqalar darhol jim boʻlishib, joylariga oʻtirishdi. Qoʻylar "Toʻrt oyoqliklar –doʻst, ikki oyoqliklar –dushman» deb maray boshlashdi. Chorak soat davom etgan muhokama shu tarzda yakunlangandi.
Snoubol haydalgandan keyingi yakshanbada Skuiylir choʻchqalar qoʻmitasi qabul qilgan qarorlar bilan hayvonlarni tanishtirdi:
— Oʻrtoqlar,-deb soʻz boshladi Skuiylir,- Oʻrtoq Napoleon mashaqqatli va ogʻir vazifani bajarishni oʻz ustiga olayapti Bu_bilan fermaning iqtisodini mustahkamlash qoʻzgʻalon gʻalabasi bergan ozodlikni qoʻlimizda saqlab qolish uchun oʻzini fido qilmoqda. Men sizlarni ishontirib aytamanki, Napoleon yelkasiga olayotgan bu ma’suliyat talab qiluvchi ish, haqiqatan ham, qurbonlik talab qiladigan mehnatdir. Oʻrtoqlar, rahbarlikni rohat va farogʻat deb oʻylamang. Aksincha, «Hayvon ferma»sini boshqarish uchun chuqur bilim, shijoat va ma’suliyat kerak boʻladiki, hayvonlarning teng huquqligini Napoleonchalik tushunadigan va uni himoya qiladigan hayvon oramizdan topilmaydi. Haqiqatda, sizlarning mustaqil fikrlashlaringizni koʻrib oʻrtoq Napaleon nihoyatda xursand boʻladi. Lekin, oʻrtoqlar, afsuski, ba’zan chalkashliklar orasida oʻralashib qolganligizni bilmay qolasiz. Oʻzingiz tanangizga yaxshilab oʻylab koʻring. Shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan notoʻgʻri xulosalar bizni xarob etishi mumkin. Jiddiy oʻylab koʻrganimizdan keyingina bir fikrni aytishga oʻrganishimiz kerak. Ya’ni yetti oʻlchab bir kesmasak, boʻlmaydi, oʻrtoqlar! Axir Snoubol tomonidan oʻrtaga tashlangan shamol tegirmonining qurilishi tinka-madorimizni quritib yuborishi haqida oʻylab koʻrdingizmi?! Oyning yorugʻida ham ishlashimizga majbur qilayapti. Bu esa hayvonlar huquqini hurmat qilmaslik ekanligini bilasizmi? Bu jinoyat qilish bilan barobardir. Ha oʻrtoqlar, Snoubolning qilmoqchi boʻlgan ishlarining hammasi jinoyat edi. U hayvon manfaatlarini himoya qilmaydigan va oʻzi haqidagina qaygʻuradigan jinoyatchi edi. Agar Snoubolga ergashganimizda ahvolimiz nima boʻlishini tasavvur qila olasizmi! Yoʻq, tasavvur eta olmaysiz! Bizning holimizga maymunlar yigʻlardi
— «Molxona janggi»da mislsiz qahramonlik koʻrsatgan edi,-dedi past ovoz bilan qaysidir hayvon.
— Qoʻzgʻalon gʻalabalarini saqlab qolishimiz uchun qahramonlikning oʻzi kamlik qiladi,-dedi Skuiylir. Hozirgi kunimizda sodiqlik haqida oʻylashimiz kerak. Bugungi kunda «Hayvon ferma»sini boshqarayotgan rahbarga boʻysunish juda muhim. Shuni aytish kerakki, "Molxona janggi"da Snoubolning koʻrsatgan xizmatlariga berilgan baho nihoyatda oshirib yuborilgan. Oʻrtoqlar, hozir intizom, temir intizom kerak! Intizom bugungi zaruriyatdir! Bir notoʻgʻri yoki yanglish qoʻyilgan qadam dushmanlarimiz boʻlgan ikki oyoqli insonlarning qaytib kelishiga yoʻl ochadi. Oʻrtoqlar, sizlar esa, albatta, Jounz va uning xizmatchilarining qaytib kelishini istamaysiz! Hayvonlar bahsni toʻxtatdilar. Chunki Jounz va uning xizmatkorlarining fermaga qaytib kelib, oʻzlarining ustidan hukmronlik qilishlarini xohlashmasdi. Agar deb oʻylashardi hayvonlar, yakshanba kunlari boʻladidigan majlislar Jounzning qaytib kelishi uchun yoʻl ochadigan boʻlsa, ularni toʻxtatish kerak. Bokser hayvonlarning xayoliga kelgan bu fikrlarni shunday ifodaladi:
— Oʻrtoqlar, Agar oʻrtoq, Napoleon shunday deb aytayotgan boʻlsa, bunga ishonavering Shu kundan boshlab Napoleonning soʻzlarini tasdiqlash Bokserning doimiy shioriga aylandi. Uning "Men koʻproq va yaxshiroq ishlashim kerak" degan shiori yoniga "Napoleonning hamma soʻzlari haqiqat" degan yana bir shior qoʻshildi. Bokser keyingi hayoti davomida har ikkala shiorga amal qilgan holda yashay boshladi.
Qishki sovuqlar ketib, obi havo bir oz yumshadi. Ferma dalalarida bahorgi ishlar boshlab yuborildi. Snoubolning shamol tegirmoni loyihasi chizilgan xona mahkam berkitildi. Bu bilan chizmalarning yoʻqolib ketmasligining oldi olingan edi. Yakshanba kuni soat oʻnlarda hayvonlar molxonaga yigʻilishdi. Ular kelasi hafta uchun beriladigan topshiriqlarni olishlari kerak edi. Shu kuni mevazor chekkasiga dafn etilgan qari mayorning qabri ochildi. Bosh suyagining skleti olinib, bayroq osilgan tayoq tagidagi toʻngak yoniga qoʻyildi. Hayvonlar yigʻinlar oʻtkaziladigan molxona binosi ichiga kirishayotganlarida baland qilib koʻtarilib, havoda hilpirayotgan bayroq ostidan oʻtishar, bosh suyagi chigʻanogʻi qoʻyilgan bayroq, ostidan uzoqroq yurib, unga izzat-hurmat koʻrsatishga majbur boʻlishdi. Majlisning tartibi oʻzgargan edi. Napoleon, Skuiylir va iste’dodli shoir deb tan olingan Minimos uchalalari minbarga chiqib oʻtirishdi. Ularning atrofini 9 ta yosh it doira boʻlib oʻrab olishdi. Ular orqasida esa xuddi xor kapellalaridagi ashulachilar qatori kabi boshqa choʻchqalar oʻtirishardi. Ularning orqasidan boshqa hayvonlar joy olishdi. Hamma hayvonlarning diqqati minbarda savlat solib oʻtirgan uch choʻchqaga karatilgandi. Napoleon bir haftalik topshiriqlarni keskin va qat'iy ohangda yoʻgʻon ovoz bilan tushuntirdi. Soʻngra "Angliya hayvonlari" qoʻshigʻini bir marta kuylashganlaridan keyin tarqalishdi.
Snoubol fermadan haydalganining uchinchi yakshanbasida Napoleon shamol tegirmonining qurilishini boshlash haqida buyruq berdi. Buni eshitgan hayvonlar hayron boʻlishdi. Napoleonning oʻz qarorini oʻzgartirish sababini bilolmasdan aqllari shoshib qoldi. Ular lol qolib bir-birlariga qarardilar. Napaleon ishning murakkabligi va qiyinchiliklari haqida mufassal gapirdi. Hatto qurilishga sarflanadigan mablagʻ hisobiga hayvonlarga beriladigan oziq-ovqatning miqdori kamayishi mumkinligini aytib ularni ogohlantirdi. Shamol tegirmonining loyihasi mukammal tayyorlangandi. Uning ustida maxsus tuzilgan choʻchqalar guruhi uch hafta davomida tinimsiz ishladi. Ishchi guruhi shamol tegirmoni qurilishiga bir yil sarflanishi haqidagi oʻzining xulosasini berdi. Skuiylir boʻlsa hayvonlar orasida oʻzining tushuntirish ishlarini boshlab yubordi. U kechqurunlari hayvonlar qonini qizitib yuboradigan otashin nutqlarni soʻzlardi:
— Oʻrtoqlar,-deb murojaat qilardi u. Hurmatli rahbarimiz oʻrtoq Napoleon shamol tegirmoni qurilishiga hech qachon qarshilik qilgan emaslar. Aksincha, uni himoya qilishgandi. Snoubolning goʻdaklar boqiladigan xona poliga chizilgan loyihasi asli hurmatli rahbarimiz Napoleon tomonidan yaratilgandi. Snoubol uni oʻgʻirlab olgan edi. Shamol tegirmonining qurilishi haqidagi gʻoya ham dastlab oʻrtoq Napoleon tomonidan koʻtarilgandi. Shu payt hayvonlar orasida oʻtirgan qaysi bir hayvon:
— Nima uchun oʻrtoq Napoleon shamol tegirmoni qurilishiga qarshilik qilgandi?- deb soʻrab qoldi.
— Oʻrtoqlar,-deb javob bera boshladi Skuiylir,- bizning rahbarimiz oʻrtoq Napoleon xushyor, epchil va uddaburon. U roʻy beruvchi voqealarni oldindan koʻra olgani hamda Snoubolning yashirin harakatlarini sezganligi uchun ham shunday qilgan edi. Asl haqiqatni ochib, Snoubolning dushmanligini fosh etish maqsadida shamol tegirmonining qurilishiga qarshilik qilishgandi. Bizning gʻalabamizni koʻrolmagan Snoubol xavfli dushmanimiz edi. Ta’sirchan va chiroyli ma’ruzalari bilan oʻzining asli maqsadini niqoblab olgandi. «Hayvon ferma»sini ichidan turib tashqi dushmanlarimiz bilan hamkorlikda qoʻporuvchilik ishlarini olib borishga tayyorgarlik koʻrayotgandi. Dono rahbarimiz oʻrtoq Napoleon esa buni sezib turardi. Shu bois ham shamol tegirmonining qurilishiga oʻzini qarshidek qilib koʻrsatgandi. Bu Snoubolning dushmanligini fosh etish va boʻladigan koʻngilsiz ishlarning oldini olish uchun qilingan ishlardan biri edi. Buni harbiylar va siyosatchilar taktika deb ataydilar.
Skuiylir oxirgi jumlani uch marotaba baland ovoz bilan takrorladi va dumini likkillatib, maroq bilan ayyorona kuldi. Hayvonlar bu soʻzning ma’nosini aniq tushunmasalar-da Skuiylirning soʻzlaridagi ishontirish quvvati ularning aqllarini oʻgʻirlab, muhokama qilish hofizasini yoʻqotdi. Uning ustiga itlardan uchtasi tahdid solib irriladi. Natijada Skuiylirning fikrlari hayvonlar tomonidan soʻzsiz qabul qilindi.
VI- bob
Hayvonlar yil boʻyi qul kabi ishladilar. Ularning yotishida ham turishida ham halovat yoʻq edi. Buning ustiga berilayotgan ovqat ham qornilarini toʻydirmasdi. Shunga qaramay hayvonlar juda xursand edilar. Shikoyat qilishni xayollariga ham keltirishmasdi. «Hayvon ferma»sining kelajagi uchun jonlarini ham qurbon qilishga tayyor turardilar. Ular amalga oshirishayotgan ishlarga ma’suliyat bilan qarashar va kelasi avlodning farovon yashashi uchun boʻlarni zaruriyat deb hisoblashardi. Hayvonlar bahor va yoz oylari haftasiga 60 soatlab ishladilar. Toʻrt soatgina uxlash uchun vaqt berilardi. Hattoki Napoleon yakshanba kunlarini ham tushlikdan keyin ish vaqti deb qaror qilganida norozilik bildirmadilar. Ular uchun ishlash koʻngilli edi. Buning ustiga ishga kelmagan hayvonlarning yemishi kamaytirilardi. Hayvonlar chiqarilgan qarorlarga asosan ish joylarida boshqa vazifalar bilan ham shugʻullanishlari lozim edi. Shamol tegirmoni qurilishi bilan band boʻlgan hayvonlarning yigʻim-terim ishlariga e’tibori susaydi. Natijada bu yilgi hosil oʻtgan yillardagiga qaraganda pasayib ketdi. Bu yil hosil allaqachon yigʻib olinganiga qaramasdan yerlar hanuzgacha haydovsiz yotardi, keyingi yil olinadigan hosil uchun yerlarni tayyorlash ishlari oʻlda-joʻlda yotardi. Ekish uchun urugʻ ham tayyorlanmayotgandi.
Bu yil qishning ogʻir kelishini oldindan sezish mumkin edi. Shamol tegirmoni qurilishi ham kutilmagan qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgandi. “Hayvon ferma”si hovlisida ohaktosh qoni bor edi. Hojatxonadan esa juda koʻp miqdorda qum va sement topildi. Qurilish materiallari tayyorlangan boʻlishiga qaramasdan hayvonlar ishni boshlay olishmasdi. Bunga toʻsqinlik qiluvchi muammolar talaygina edi. Ayniqsa, qurilish uchun ishlatiladigan toshlarni kesish va ularni qanday kattaliklardagi boʻlaklarga boʻlish hayvonlarni oʻylantirardi. Fermada bolgʻa, temir va lomdan boshqa asbob-uskunalar yoʻq edi. Ular odamlarning ishlatishi uchun moʻljallangan boʻlib, hayvonlar oyoqlari bilan tuta olmasdilar. Hayvonlar bir necha haftalar davomida qiynalib ishladilar. Ishlarining hech unumi boʻlmasdi. Shunda qaysidir hayvon yangi taklifni oʻrtaga tashladi. Yerning tortishish qonunidan' foydalanish kerakligini aytib qoldi. Bu taklifni hayvonlar quvvatladilar. Tosh qonida ulkan toshlar juda koʻp edi. Ularni sudrash uchun ham katta kuch kerak boʻlardi. Sigirlar, otlar, qoʻylar, ya’ni oldingi oyoqlari bilan narsa tuta oladigan barcha hayvonlar (eng qiyin va keskin daqiqalarda hatto choʻchqalarning oʻzlari ham bunga qoʻshilishardi) arqon bilan bogʻlangan katta toshlarni qiyalikdan ohak qoni tepasiga sudrashardi. Tepalikdan olib chiqilgan toshlar keyin pastga yumalatib yuborilardi. Pastlikka zarb bilan tushgan toshlar boʻlaklarga boʻlinardi va maydalangan toshlarni sudrash oldingiga nisbatan osonroq boʻlardi. Ularni shamol tegirmoni qurilishi moʻljallangan yerga otlar, aravalar bilan tashishlari mumkin boʻlardi. Hattoki Benyamin ham eski aravalarga oʻzlarini qoʻshdilar. Qoʻylar katta-katta tosh boʻlaklarini kuchlarining boricha sudrashardi.
Yozning oxirgi kunlariga kelib shamol tegirmoni qurilishi toshlar bilan ta’minlangandi. Choʻchqalarning yetakchiligi va nazorati ostida nihoyat qurilish ishlari boshlandi. Lekin ish juda sekinlik bilan borardi. Qurilish ishlari bilan shu vaqtga qadar shugʻullanishmagan, tosh urish, loy qilish, devor tiklash kabi hunarlarga malakalari yetishmasdi. Ba’zi qoʻylar faqat bir toshni tepalikka sudrab chiqish bilan ish kunini tugatar edi. Ba’zan esa tepalikdan tashlab yuborilgan tosh maydalanmay qolib, kun boʻyi qilingan mehnat samarasiz ketardi. "Shamol tegirmoni" qurilishidagi hech bir ishni Boksersiz bajarib boʻlmasdi. Nihoyatda baquvvatligi va kuchliligi ishni bir oz siljitardi. Uning kuchi boshqa hamma. hayvonlarning kuchi bilan teng edi. Hayvonlar arqonga bogʻlangan ulkan toshlarni qiyalik boʻylab tepalik tomon tortayotganlarida, ba’zan tosh pastlikka sirgʻana boshlardi. Shunday paytlarda Bokser darhol yordamga shoshardi. Yakka oʻzi bor kuchi bilan arqonni tepalikka tortardi. Nishablikdan tepalikka qarab tortilayotgan toshga hayvonlar hayrat bilan qarardilar. Bokserning hansirab nafas olishi, koʻkraklarining dam bosganday koʻtarilib tushishi, tuyoqlarini ogʻir koʻtarib qadam bosishi, muskullarning zoʻriqish natijasida boʻrtib chiqishi, butun tanasini reza-reza terlar bilan yuvilishi hayvonlarning havasini keltirardi. Bu holatni tomosho qilib zavqlanishardi. Ba’zan Klovir kuchni meyoridan ortiqcha sarflashning zararligi haqida gapirib Bokserni ogohlantirardi. Lekin Bokser bunday gaplarga quloq solishni xohlamasdi. Uning oʻziga xos nuqtai nazari mavjud edi. Bokser hamisha tinimsiz mehnat qilish, hayrat va shijoat, ma’suliyat bilan ishlash kerak deb oʻylardi. U Napoleonni juda hurmat qilardi. Har qanday masalalarda uning haq ekanligiga ishonardi. Oʻz oldida koʻndalang boʻlgan muammolarni yuqoridagi e’tiqodlariga asoslanib osongina hal etardi. Bokser har kuni boshqa hayvonlarga qaraganda qirq minut erta uygʻotardi. Xoʻroz bilan kelishib olgandi. Xoʻroz uni uygʻotish uchun alohida qirq minut oldin qichqirardi. Bokser boshqa hayvonlardan oldinroq, tosh qoniga borib, ish boshlardi. Maydalab qoʻyilgan toshlarni yolgʻiz oʻzi qurilayotgan shamol tegirmonining yoniga tashirdi.
Hayvonlar butun yoz davomida kunlarini koʻngilli oʻtkazdilar. Ularning bosh qashishga ham qoʻllari tegmadi. Ishlari juda koʻp va ogʻir mehnat talab qilardi. Ovqat esa mister Jounz davridagiga qaraganda kam berilardi. Shunga qaramay hayvonlarning kayfiyatlari juda baland edi. Fermadagi umumiy ahvolni yomon deb boʻlmasdi. Hayvonlar faqat oʻzlari haqidagina oʻylashga odatlandilar. Endi odamlarni boqish haqidagi muammolar ularni qiziqtirmasdi Fermada muvaffaqiyatsizliklar juda koʻp boʻlishiga qaramay, hayvonlar tushkunlikka tushmasdilar. Chunki ular farovon kunlar, toʻkin-sochinlik haqida berilgan va’dalarga umid bogʻlashar, shuning uchun ham astoydil mehnat qilishardi. Ayniqsa, dalalarni yovvoyi oʻtlardan mirishkorlik bilan tozalashardi. Har qanday berilgan topshiriqni aniq, puxta, mukammal bajarardilar. Bu xususiyatlar, ya’ni topshiriqni ma’suliyat bilan bajarish hissi hattoki odamlarda ham topilmasdi. Hayvonlar yaylovlarda yetishtirilayotgan hosilni oʻgʻirlashni xayollariga ham keltirishmasdi. Shuning uchun yaylovlar va mevazorlarni inson hukmronlik qilgan davrdagidek toʻsiqlar bilan oʻrashning ham hojati yoʻq edi. Natijada juda koʻp mehnat va mablagʻni talab qiladigan toʻsiqlar va panjaralar muammosi hayvonlarni oʻylantirmadi.
Yoz oyining oxirlariga kelib hayvonlar oldidagi muammolar koʻpayganidan koʻpaydi. Ayniqsa, parafin moyining iplari, itlar uchun biskvit, taqalar tayyorlash uchun temir kabilar suv bilan havoday zarur boʻlib qoldi. Ularni fermaning oʻzida tayyorlashning imqoni yoʻq edi. Dalalarga ekin ekish uchun urugʻlik va turli ximiyaviy oʻgʻitlar ham kerak edi. Ish asboblari ham yetishmas edi. Shamol tegirmoni qurilishi uchun kerakli ayrim mexanizmlarni ham chetdan olib kelish zaruriyati tugʻildi. Bularni qayerdan, qanday olib kelishni hayvonlar bilishmasdi. Shuning uchun ham ular jiddiy oʻylay boshladilar. Yakshanba kunlari boʻladigan majlislarning birida Napoleon haftalik vazifalar bilan hayvonlarni tanishtirish bilan birga ferma hayotiga yangi bir qonunni tadbiq etmoqchi ekanligini e’lon qildi. Bu qoʻshni fermerlar va shahar bilan savdo-sotiq aloqalariga kirishish haqidagi qaror edi. Bu qarorning qabul qilinishi «Hayvon ferma»sida savdo-sotiqni rivojlantirish uchun emas, balki ferma hayvonlarining ehtiyojini qondirish zaruriyatidan kelib chiqqan edi. Shu yilning oʻzidayoq Napoleon pichan raqamlari va bugʻdoydan olingan hosilning bir qismini sotishga fermerlar bilan shartnoma tuzishga majbur boʻldi. Shamol tegirmonining qurilishini tezlatish uchun bir oz pul jamgʻarishi kerak edi. Shuning uchun fermadagi hayvonlarning yemishi uchun kerak boʻladigan tuxumlarni ham Vilingdonda sotishni rejalashtirdi.
— Tovuqlar, -dedi Napoleon, - bu qarorni, albatta, qabul qilishlari va olib borilayotgan shamol tegirmonining qurilishiga tuxum tugʻishni koʻpaytirish bilan oʻz hissalarini qoʻshishlari kerak. Hayvonlarni qarorning bir nozik nuqtasi oʻylantirayotgan edi. Agar bu qarorga amal qilinadigan boʻlsa, insonlar bilan oʻzaro munosabatga kirishga majbur boʻlishardi. Ayniqsa, insonlar bilan boʻladigan pulli muomalalar, savdo-sotiq qilish haqidagi fikrlar ularni bir oz choʻchitardi. Hayvonlarning ba’zilari mister Jounz quvilgandan keyin qabul qilingan qonunning «Insonlar bilan aloqa qilmaslik» haqidagi moddasini esladilar. Ayrimlari esa xayollariga shunchaki bir keltirib qoʻya qoldilar. Napoleon “Yakshanba kunlari oʻtkaziladigan majlislarni tugatish” haqidagi qarorini e’lon qilganida e’tiroz bildirgan toʻrtta yosh choʻchqalarning ovozlariga hayvonlar e’tibor berishmadi. Itlarning jahl bilan irrilashlari ularning ovozlarini oʻchirdi. Keyin odatdagiday qoʻylar «Toʻrt oyoqlilar - doʻst, ikki oyoqliklar - dushman» deb baland ovoz bilan maray boshladilar. Shu bilan bir zumgina davom etgan e’tiroz bostirildi. Nihoyat Napoleon jimlikni saqlash uchun oldingi oyoqlarini koʻtardi. Qaror munosabati bilan ayrim masalalar ustida kelishib olish zaruriyati tugʻilganini aytdi.
Hayvonlarning toʻgʻridan toʻgʻri odamlar bilan aloqaga kirishmasliklari ogohlantirilib, qaror moddasiga amal qilish kerakligi haqida uzundan uzoq gapirdi. Soʻngra bu muammoning ma’suliyatini oʻzi boʻyniga olishga va’da berdi. Vilingdonda yashaydigan advokat Vimper insonlar bilan boʻladigan savdo-sotiq muomalalarida vositachilik qilishga yollanganini, har dushanba kuni «Hayvon ferma»siga kelib, zaruriy masalalar boʻyicha maslahatlashishga rozilik berganligini aytdi. Napoleon odatdagiday oʻzining nutqini “«Hayvon ferma»si abadiy yashasin!” degan shior bilan tugatdi. Hayvonlar «Angliya hayvonlari» gimnini birgalikda aytishganidan soʻng tarqalishdi.
Skuiylir hayvonlar orasida yurib qaror haqidagi fikrlarga quloq soldi. Bu qarorga qarshilik koʻrsatish befoyda ekanligini tushuntirdi. E’tiroz bildirishning hojati yoʻq ekanligini aytib, ularni tinchlantirdi. Snoubol tomonidan tarqatilayotgan yolgʻon-yashiq gaplarga e’tibor bermasliklarini ta’kidladi. Qabul qilingan qarorga ikkilanib qarayotgan ayrim hayvonlarning shubhasini tarqatib yuborishga harakat qilardi:
— Oʻrtoqlar, qarorning matni bilan ming afsuski, oʻzlaringiz tanisha olmaysizlar, agar qaror matnini oʻqib chiqa olsangiz edi, butun haqiqatni, ya’ni uning maqsadi va mohiyatini anglab yetardingiz. Hozir esa qarorning ma’nosini tush kabi gʻira-shira tasavvur eta olasiz. Oʻrtoqlar, siz menga ishoning, haqiqat shu qarorda, uning hayotga tadbiq qilinishida hayajon bilan aytilgan bunday soʻzlardan soʻng hayvonlardagi ishonchsizlik asta-sekin yoʻqolib borardi.
Haftaning har yakshanba kunlari mister Vimper kelishuvga binoan fermada paydo boʻladi. U pixini yorgan mugʻombir va tulkiday ayyor edi. U hamisha sochlarini bakenbort qilib tarab yurar va asosan advokatlik, kichik biznes bilan shugʻullanardi. U “Hayvon ferma”siga vositachi kerakligini, xizmat haqi ham koʻngildagiday boʻlishini boshqalardan koʻra oldinroq ilgʻab oldi. Bu esa uning fahmi-farosati oʻtkirligidan dalolat berardi. Hayvonlar mister Vimperning fermaga kelib ketishiga qoʻrqinch bilan qarardilar. Vimper ham ehtiyotkorlik bilan muomalada boʻlardi va oʻzini haddan tashqari sipo tutardi. Fermada roʻy berayotgan voqealarga aslo aralashmasdi. Hayvonlar ikki oyoqlab yuradigan insonga buyruq berayotganlaridan lazzatlanishar va oʻzlarining xizmatlarini qildirashayotgani uchun ich-ichlaridan magʻrurlanishardi. Hayvonlarning oʻzlariga boʻlgan ishonchlari tobora ortib borardi. Odamlar bilan boʻladigan navbatdagi shartnomalarga tayyorlanishardi. Shunga qaramay hayvonlar insonlar bilan hamma sohalarda munosabatlarga kirishishni istashmasdi. Oʻzlari zarur deb topgan masalalar boʻyichagina aloqaga kirishmoqchi edilar.
Insonlar “Hayvon ferma”sida boʻlayotgan voqealardan bexabar edi. «Hayvon ferma»si borligini bilardilar, xolos.Bu fermaga nisbatan esa nafratlari kuchli edi. Nafratlari esa kundan kunga gʻazabga aylanib borardi. Insonlar «Hayvon ferma»sining sinib, oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketishiga diniy oyatlar va tushunchalarga ishonishgani kabi ishonishardi. Ular olib borayotgan shamol tegirmonining qurilishini muvaffaqiyatsizlik bilan tugashini bashorat qilardilar. Odamlar pivoxonalarga toʻplanib «Hayvon ferma»sida qurilayotgan shamol tegirmoni haqida uzoq bahslashishardi. Shamol tegirmoni qurilishi bilan bogʻliq xabarlarga asoslanishib, uning vayron boʻlishi yoki bitkazilgandan keyin umuman ishlay olmasligini isbotlashishardi. Lekin, aksincha, «Hayvon ferma»sidagi ishlar bir tekisda borardi. Odamlar vaqt oʻtgan sari hayvonlarning ish boshqarishiga va irodalarining mustahkamligiga tan bera boshladilar. Ularda hayvonlarga nisbatan hurmat tuygʻusi asta-sekin uygʻonib borardi. Odamlar nihoyat fermaning nomini ham “Hayvon ferma”si deb atashga koʻnikishdi. Bu hayvonlar tomonidan olib borilayotgan ishlarning ma’qul deb topilayotganining dastlabki alomatlaridan biri edi. Lekin odamlar oʻzlari boshqarib kelgan “Manor ferma”siga hurmatsizlik qilisholmasdi. Har holda endi mister Jounzga yordam berishning befoyda ekanligini tushunib yetishdi. Mister Jounz ham fermaga qaytib borishdan umidini uzib, mamlakatning bir chekkasiga koʻchib ketdi. Advokat Vimper kelgunga qadar «Hayvonlar ferma»ning tashqi dunyo bilan aloqasi yoʻq edi. Napoleonning “Foksvud” fermasining boshligʻi mister Pilkingtin hamda Pinchfiyld fermasining boshligʻi Fredrik bilan savdo-sotiq qilayotganligi haqidagi ovozalar tarqaldi.
Choʻchqalar fermadagi mister Jounz yashagan uyga koʻchib oʻtib, oʻsha yerda istiqomat qila boshlashdi. Dastlab qabul qilingan qonunning «Odamlar kabi yashamaslik» moddasi hali odamlarning xayolidan koʻtarilmagandi. Yana Skuiylir jonbozlik koʻrsatib, targʻibot va tashviqot ishlarini kuchaytirdi. Odamlar bilan savdo-sotiq olib borishning zaruriyat ekanligiga qanday ishontirgan boʻlsa, xuddi shunday yoʻllar bilan qonunda “Odamlar kabi yashamaslik” moddasining boʻlmaganligi haqida tushuntirish ishlarini olib borardi.
— Fermaning eng asosiy tayanchi choʻchqalardir, - dedi Skuiylir. Chunki ularning aqllari boshqa hayvonlarnikiga qaraganda oʻtkirroqdir. Fermani asosan ular boshqarmokda. Ayniqsa, boshligʻimiz (yaqindan boshlab Skuiylir Napoleonga nisbatan boshliq degan soʻzni ishlata boshlagan edi) hamma qatori choʻchqaxonadagi supada emas, balki alohida uyda yashashi kerak, dono rahbarimiz Napoleon fermani boshqarishdagi muammolarni hal etish va qilinadigan ishlar haqida chuqurroq mulohaza qilish, oʻylash va fikrlashi uchun tinch, shovqin-suronsiz joy, albatta, kerak. Hurmatli boshligʻimiz bunga munosibdir, oʻrtoqlar!
Choʻchqalar endi supalarga qoqilgan oxurda emas, mister Jounzning oshxonasida ovqatlana boshlashdi. Ular mehmonlar qabul qilinadigan katta xonada dam olardilar. Krovatlarda uxlardilar. Koʻz oldilarida boʻlayotgan voqealarni koʻrgan hayvonlar tobora hayratlanishib borishardi. «Napoleon har doim toʻgʻri yoʻl tutadi», -derdi Bokser. Lekin shu zahotiyoq «Hayvonlarning krovatlarda uxlashi mumkin emas» ligi haqidagi qaror Klovirning yodiga tushdi. Klovir hayvonlar yashaydigan molxonaning qonun moddalri yozilgan devori yoniga bordi. Devorga yozilgan qonun moddalarini oʻqishga harakat qildi. Lekin alifbodagi hamma harflarni oʻrganmagandi, shuning uchun oʻqiy olmadi. Myurieldan devorga yozilgan qonuning toʻrtinchi moddasini oʻqib berishni iltimos qildi. «Hayvonlaring krovatlarda uxlashi mumkin emas»liklari haqidagi qonun moddasida nima deb yozilganini aniq bilmoqchi boʻldi. Myuriyel qiyinchilik bilan harflarni bir-biriga urishtirib oʻqidi:
«Hech bir hayvon krovatda choyshablar bilan uxlamagan va uxlamasin» deb oʻzgartirilgan edi. Dastlab qonun qabul qilinganida choyshablar haqida soʻz borligini eslay olishmadi. Lekin «Devorda yozilgani toʻgʻri boʻlishi kerak, men ehtimol adashayotgandirman» - deb oʻyladi. Shu payt uning yoniga ikki-uch itlar qurshovida Skuiylir keldi va olib borilayotgan hamma ishlar reja asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi:
— Oʻrtoq, biz, choʻchqalarning uylardagi krovatlarda uxlayotganimiz haqida eshitdingizmi? Xoʻoʻsh, qani ayting-chi, nima uchun uxlashimiz mumkin emas? Qonuniing «Hayvonlarning krovatlarda uxlamaslik»lari haqidagi moddasi mavjud ekanligini eslay olasizmi? Menimcha, yoʻq! Qonun bunday boʻlgan emas, boʻlmaydi ham. Bu fakt, ha, oʻrtoq, bu fakt. Krovatlar faqat uxlash uchungina yasalgan. Hayvonlar yashayotgan ferma binolari ichidagi siz uxlaydigan, somon toʻshalgan supachalar ham aslida krovat. Qonunda esa krovatlarda emas, balki inson tomonidan kashf etilgan choyshablarda ma’n etilgan. Ferma uyidagi krovatlarga toʻshalgan choyshablarni olib tashladik. Faqat koʻrpalar ustidagina uxlayapmiz. Krovatlar uxlash uchun juda qulay, lekin biz, hayvonlarga moslashtirilmagan. Biz, choʻchqalar, doimo aqliy mehnat bilan shugʻullanamiz. Shu sababdan ham bizning dam olishimizga alohida e’tibor berilishi kerak. Biz qanchalik yaxshi hordiq chiqarsak, shunchalik yaxshi fikrlaymiz. Oʻrtoqlar, albatta, bizning zoʻriqib ishlashimiz natijasida charchab, sogʻligʻimizni yoʻqotishimizni, natijada bizga topshirilgan vazifalarni bajarolmay qolishimizni istamaysiz. Axir Jounzning qaytib kelishini hech bir hayvon xohlamaydi. Skuiylirning hayajon bilan aytgan oxirgi jumlasi hayvonlarni hushyor tortirdi. Ferma uyidagi krovatlarda choʻchqalarning uxlashi haqida boshqa ogʻiz ochishmadi. Bir necha kundan keyin esa choʻchqalarning boshqa hayvonlardan bir soat keyin uyqudan uygʻonishlari e’lon qilinganida hech bir hayvon ajablanmadi. Buni odatdagi hodisa sifatida jimgina qabul qilishdi.
Kuz oyi yetib kelganida hayvonlar nihoyatda charchab qolishdi. Lekin shunga qaramay ularning kayfiyatlari koʻtarinki edi. Bu yil ogʻir kelgandi. Tinmay mehnat qilishganiga qaramay don mahsulotlarining bir qismi sotilganidan keyin ham qish uchun yetarli ozuqa toʻplanmagan edi. Lekin shamol tegirmoni qurilishi hamma qiyinchiliklarni unittirardi. Hosil dalalardan allaqachon yigʻishtirilib olinganiga qaramay havo quruq, yogʻin-sochin yoʻq edi. Hayvonlar shamol tegirmoni qurilishida astoydil mehnat qilishardi. Buning ustiga ferma atrofini katta toshlar bilan bir metr balandlikda oʻrab olish rejalashtirilgan edi.
Hayvonlar oyoqlari yerga tegmay ishlashardi. Ertangi kundan katta umid bogʻlashardi. Hatto oydin tunlarda Bokserning oʻzi bir-ikki soat ishlardi. Dam olish paytlari qurilishi yarimlab qolgan shamol tegirmoni atrofiga toʻplanishardi. Tegirmonning bitgan qismidagi devorlarga tikilishib, uning silliq va mustahkamligidan zavqlanishardi. Atrofida aylanishib qoʻshiqlar aytishardi. Faqat qari Benyamingina shamol tegirmoni qurilishida jonkuyarlik bilan ishlamasdi. Buni yashirish uchun “Yaxshi ot keyin chopadi” degan maqolni tez-tez takrorlardi. Atrofdagi yuz berayotgan voqealarga beparvolik bilan qarab: “Bu dunyo oʻtkinchi, hech bir hayvonga vafo qilmaydi»,-derdi.
Kuzning noyabr' oyi janubiy gʻarbdan esayotgan kuchli shamollar bilan boshlandi. Qum bilan sementni shamol uchirib keta boshladi. Shu sababli sementli loy tayyorlashning hech iloji yoʻq edi. Qurilishdagi ishlar toʻxtadi. Shamol borgan sari avj olardi. Hatto fermadagi uylar poydevorlari bilan birgalikda tebranardi. Boʻron binolarning tomlariga qoqilgan tunuka va shiprlarni uchirib ketdi. Tovuqlar dahshat ichida qichqirshardi. Boshqa hayvonlar tovuqlarning qichqiriqlaridan uygʻonib ketishdi. Goʻyo ularning tushlarida miltiq otilgan edi. Choʻchib uygʻongan hayvonlar yashayotgan binolaridan tashqariga otilib chiqishdi. Bayroq hamisha hilpirab turadigan yogʻoch agʻdarilib tushgan edi. Mevazor yaqinidagi qayrogʻoch daraxti ildiz-pildizi bilan yerning ustiga chiqqan holda koʻtarilib yotardi. Yanada dahshatliroq boʻlgan bir koʻrinish ularning aqlu hushini uchirib yubordi. Hayvonlarning umidsizlik bilan hayqirgan tovushlari fermani larzaga keltirdi. Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, qurilayotgan shamol tegirmoni tag-tugi bilan vayron boʻlgan edi. Hayvonlar shamol tegirmoni tomon chopdilar.
Napoleon hamma hayvonlarning oldida uchib borardi. Uning bu qadar tezlik bilan chopganini hech bir hayvon shu paytgacha koʻrmagan edi. Ilgarilari u hamisha shoshilmasdan, xotirjam qadam tashlardi. Napoleon yetib kelib shamol tegarmonining poydevorigacha buzilib yotganini koʻrdi. Ne-ne mashaqqatlar bilan keltirilgan toshlar qurilish maydonida sochilib yotardi. Bularni koʻrgan Napoleonning hushi boshidan uchib, tili ogʻzida aylanmay qoldi. Soʻng shamolda toʻplanib qolgan toshlarga alam bilan tikildi. Napoleon toʻsatdan yerni iskay boshladi. Unga qaytadan jon kirganday bir-ikki qadam oldinga yurdi. Dumi qilich kabi taranglashib, u yoqdan bu yoqqa borib kela boshladi. Bu uning qattiq oʻylanayotganidan dalolat berardi. Birdan u toʻxtadi. Uzoq, jimlikdan soʻng:
— Oʻrtoqlar, -deb soʻz boshladi past ovoz bilan, bu vayronagarchiliklarning sababchisini bilasizmi? Tunda yashirincha kelib qoʻporuvchilik qilgan dushmanning kimligini fahmlayapsizmi? Bu Snoubol!!! - deb momoqaldiroqday ovoz bilan baqirdi Napoleon. Snoubol bu ishni gʻarazli niyat bilan qilgan! Biz tuzgan rejalarning amalga oshishini istamasdan ishlarimizga toʻsqinlik qilgan. Oramizdan sharmandalarcha quvilgani uchun qasdini olmoqchi boʻlgan. Ha, u sotqin, oʻrtoqlar! Ha, u haqikiy dushmanimiz, oʻrtoqlar! Kechasi ilonday oʻrmalab kelib, yil boʻyi qilgan mehnatimizni yer bilan yakson qildi. U hayvonlarning dushmani. Oʻrtoqlar, shu bugun men Snoubolni oʻlimga hukm qilaman. Uning jinoyatlari eng ogʻir jazoga loyiqdir. Snoubolni tiriklayin tutib kelgan har qanday hayvonga 11 darajali «Qahramon-Hayvon» ordenini va bir yarim qop olmani mukofot tariqasida topshiraman. Bu mukofot adolat uchun kurashgan, kurashda jonbozlik koʻrsatgan, haqiqat uchun jonini ham ayamagan hayvonga beriladi. Hayvonlar hayratdan dong qotib qolishgandi. Boʻlgan ishlar uchun Snoubolning aybdorligiga aqllari bovar qilmasdi. Lekin shu damdan boshlaboq Snoubolni tutib kelish yoʻllari haqida oʻylay boshlashdi. Hayvonlar shamol tegirmoni qurilayotgan tepalik atrofini tekshira boshladilar. Uzoqdan choʻchqa izlarini koʻrishdi. Izlar bir necha metr joydagina bor edi, xolos. Keyin koʻrinmay qolgandi. Tuyoqlar bilan ezilgan maysalar izlarni fermani oʻrab turgan toʻsiqlar tomon ketganligini koʻrsatar edi. Napoleon bosilgan maysalarni hidlab koʻrib, Snoubolning izlari ekanligini tasdiqladi. Izlarni qayta-qayta tekshirib koʻrishdi. Snoubol Foksvud fermasidan kelgan boʻlsa kerak degan taxmin bildirildi.
«-Oʻrtoqlar, -deb xitob qildi Napoleon, shu bugundan boshlab biz yana qayta ish boshlaymiz. Shamol tegirmonining qurilishini toʻxtatmaymiz. Yomgʻir yogʻsa ham qor va boʻron boʻlsa ham, hattoki osmondan tosh yogʻib tursa ham shamol tegirmonining qurilishini davom ettiramiz. «Hayvon ferma»si uchun xoinlik qilgan Snoubolga bizni osonlik bilan yengib boʻlmasligini koʻrsatib qoʻyamiz. Oʻrtoqlar, oldimizga qoʻyilgan maqsadlardan chekinmasligimiz kerak. Ularni amalga oshirishimiz shart! Oldinga qarab olgʻa, oʻrtoqlar! Yashasin, shamol tegirmoni! Yashasin, «Hayvon ferma»si!
VII- bob
Qahraton qish kirib keldi. Boʻronli obi havodan keyin izgʻirinli kunlar boshlandi. Qor erinmay maydalab yogʻardi. Tunlari nihoyatda ayoz, yerlar metinday qotib, dalalardagi oʻt-oʻlanlar ham muzlab qolgan edi. Qahraton sovuq fevral' oyiga qadar davom etdi. Fevral' oyida havoning sovuq boʻlishiga qaramasdan hayvonlar shamol tegirmonining qurilishini boshlab yubordilar. Ular «Hayvon ferma»sida boʻlayotgan voqealarni odamlar chetdan kuzatib turganliklarini, agar shamol tegirmonining qurilishi toʻxtab qoladigan boʻlsa, bundan dushmanlarning quvonishlarini ham bilishardi. Odamlar hayvonlarning ishlariga gʻaraz bilan qarardilar. Shamol tegirmonining vayron boʻlganligi haqidagi xabarlar yolgʻon ekanligini bildirish maqsadida Napoleon xiyla ishlatdi. Shamol tegirmoni devorlarining qalinligini oshirmoqchi boʻldi. Bu bilan odamlar shamol tegirmonining devorlarini mustahkamlash uchun devorlarni hayvonlarning oʻzlari buzishib qaytadan qurishayapti degan xulosaga kelishlari kerak edi. Shuning uchun oldingi yarim metr qalinlikdagi devorlar oʻrniga ikki metr qalinlikdagi devorlar olina boshladi. Buning uchun esa yana qoʻshimcha toshlar yigʻishtirilishi kerak edi. Tosh qoni esa qalin qor ostida qolib, u yerda ishlashning hech iloji yoʻq edi. Keyingi kunlarda qor yogʻishi toʻxtab, obi havo bir oz yurishdi. Hayvonlar qiynalib boʻlsada bir oz ishlashga harakat qilishardi, urinishlar evaziga ish oʻta sekinlik bilan siljirdi. Hayvonlar ilgaridek ishtiyoq bilan mehnat qilishmasdi. Kayfiyatlari tushkun edi. Har kuni sovuqda ishlashga majbur boʻlishar, qorinlari esa ovqatga toʻymasdi. Faqat Bokser va Klovirgina umidsizlanmas edilar. Skuiylir esa sharafli mehnat, uning mashaqqatlari va quvonchlari haqida tinmay nutq soʻzlardi. Hayvonlar Bokserning kelajakka boʻlgan ishonchi, umidi hamda bugun kechagidan koʻra yaxshiroq ishlashim kerak degan shioridan ozgina boʻlsa ham ilhomlanardilar. Ayniqsa, uning ishlab charchamasligi hayvonlarga madad berib turardi.
Yanvar' oyiga kelib toʻplangan oziq-ovqatlar ozayib qoldi. Berilayotgan makkajoʻxori ulushlari keskin kamaytirildi. Uning oʻrniga muzlab qolgan kartoshkalar berila boshladi. Kartoshkalar dalaning oʻzida toʻplangan holda qolib ketgan edi. Ular qoplarga solinib ustma-ust taxlangan boʻlishiga qaramasdan qorning tagida qolib, ayozli tunlarda muzlagan edi. Qoplar sovuqni oʻtkazmaydigan darajada qalin emas edi. Shuning uchun kartoshkalar muzlab, qorayib ketgan edi. Bir qop kartoshkadan faqat bir necha donasinigina ishlatish mumkin edi. Quruq somondan boshqa yegulik hech vaqo yoʻq edi. Hayvonlarning yuzlari burushib ketgandi. Kayfiyatlari tushkun edi. «Hayvon ferma»sidagi boʻladiyotgan voqealarni tashqi olamdan yashirish kerak edi. Odamlar esa shamol tegirmonining inqirozidan ilhomlanib yangi-yangi yolgʻonlarni toʻqishardi. Yer yuzidagi fermalar boʻylab «Hayvon ferma»sidagi yashayotgan hayvonlarning ochlik va kasallikdan qirilib ketayotganligi, bir-birlarini ayovsiz oʻldirayotganligi, hayvonxoʻrlik va bolaxoʻrlik avj olganligi haqidagi mish-mishlar tarqaldi.
“Hayvon ferma”sidagi haqikiy ahvol boshqa fermalarga ma’lum boʻlib qolsa, natijasi yomon boʻlishini bilardi. Shu sababdan «Hayvon ferma»sidagi yashash sharoitining yaxshiligi haqida odamlarda taassurot uygʻotmoqchi boʻldi. Bu niyatni amalga oshirish uchun mister Vimpeldan foydalanishga qaror qildi. Har haftaning boshlarida kelib-ketib yurgan mister Vimpel bilan hayvonlar orasida deyarli aloqa boʻlmasdi. Napoleonning koʻrsatmalariga koʻra hayvonlar mister Vimpelning oldida asosan fermadagi toʻkin-sochinlik haqida gaplashadigan boʻlib qolishdi. Ayniqsa, oʻzlariga berilayotgan ulushlarning koʻpaytirilgani haqida tinmay soʻzlashardi. Napoleon hayvonlar yotadigan binolar ichidagi supalarga qoqilgan oxurlarning ichini qum bilan salkam toʻla qilib toʻldirishga buyruq berdi. Qumning ustiga esa oxurlarni toʻldirib gʻalla toʻkib qoʻyishdi. Napoleon mister Vimperni ataylab bino ichidagi supalarga qoqilgan don toʻla oxurlar orasidagi olib oʻtardi. Mister Vimper yem toʻla oxurlarni koʻra va aldanganligini sezmasdi. Fermadan chiqib Napoleon moʻljallaganday, hayvonlarning ovqatdan kamchiligi yoʻq ekanligi haqida xabar berardi. «Hayvonlar ferma»sida boʻlayotgan ocharchilik haqidagi gaplarning bekorligini tasdiqlardi.
Yanvar' oyining oxirlariga kelib gʻalla sotib olish zaruriyati sezilib qoldi. Napoleon ferma hovlisida kamdan kam koʻrinardi. U toʻrt tomonidan jahldor va kuchli itlar bilan qattiq qoʻriqlanayotgan uyida tunu kun oʻtirardi. Ferma hovlisiga chiqqan paytlarida boʻrisifat olti it atrofini oʻrab olardi. Napoleon salobat bilan salmoqli qadam tashlar, hayvonlarning birortasi unga yaqinlashmoqchi boʻlganida itlar tishlarini koʻrsatib irrillardi. Odatda Napoleon yakshanba kunlari ertalab koʻrinmasdi. Bir choʻchqa uning buyruqlarini Skuiylirga, Skuiylir esa boshqa hayvonlarga yetkazardi.
Yakshanba kunlarining birida Skuiylir tuxum tugʻishga kelgan tovuqlarga oʻz tuxumlarini zudlik bilan topshirish haqidagi yangi qarorni e’lon qildi. Napoleon Vimper orqali har haftada toʻrt yuztadan tuxum sotishga shartnoma tuzgandi. Tuxumlarga toʻlanadigan narx esa Napoleon kutgandan koʻra yuqoriroq edi. Agar bundan foydalanilmay qolsa, issiq kunlar boshlanib, tuxumga toʻlanadigan narx pasayib ketardi. Ferma hayvonlari uchun sotib olinadigan gʻalla va don mahsulotlarining puli sotilgan tuxumlar hisobidan toʻlanishi moʻljallangan edi. Bu qarorni eshitgan tovuqlar vahima bilan baqir-chaqir qilishdi. Bu «qurbonlik» fermaning oyoqqa turishi va hayvonlarni qishdan eson-omon olib chiqish uchun kerakligi haqidagi tushuntirishlariga qaramay koʻpayishlari uchun issiq, pana, ishonchli joylar tayyorlayotgan edilar. Hozirgi tuxumlarini tortib olish kelgusi avlodlariga qiron solish bilan tengligini anglab turardilar. Jounz quvilgandan beri «Hayvon ferma»sida atigi bir martagina norozilik bildirib toʻpolon qilingan edi. Lekin u darhol bostirilgandi. Hozir ham tovuqlar tomonidan tayinlangan uch yosh rahbar Napoleon qaroriga tovuqlarning qarshiligini bildirishdi. Qolgan tovuqlar fermada oʻrnatilgan yogʻochlarning ustiga chiqib olishib, bor ovozlari bilan qichqirishardi. Yogʻochlar ustida turib tuxumlarini tugʻib yuborishdi. Yerga tushgan tuxumlar chil-parchin boʻlardi. Napoleon tezlik bilan chora koʻra boshladi. Tovuqlarga berilgan jazolar rahmsizlik bilan amalga oshirildi. Avvalo tovuqlarga tuxum tugʻishni toʻxtatishga buyruq berdi. Soʻngra berilayotgan ozuqa tegishi ham toʻxtatildi. Tovuqlarga yordam bergan hayvonlarga oʻlim jazosi e’lon qilindi.
Hayvonlarga ularning oʻng va chap tomonida joylashgan Foksvud va Pinchfiyld fermasi tomonidan Snoubolning yashirilganligi haqidagi xabarlar yetib keldi. Bu vaqtga kelib Napoleonning boshqa fermalar bilan munosabati ancha yaxshilangan edi. Ferma hovlisida koʻp yillardan beri saqlanayotgan yogʻochlar bor edi. Ular quruqshab ketgandi. Mister Vimpel yogʻochlarni sotishga maslahat berib, mister Pilkingtin bilan mister Fredrik sotib olishga roziligini aytdi. Napoleon ham yogʻochlarni sotishga koʻngandi. Lekin fermerlardan qaysi biri bilan aloqa qilishni bilmasdi. Fredrik bilan aloqa qilib boʻlmasdi. U oʻz fermasida «Hayvon ferma»sining dushmani boʻlgan Snoubolni yashirganligini bilardi. Pinchfiyld bilan savdo muomalasiga kirishay deb turganda Snoubolning aynan Pinchfiylda ekanligi haqida xabar topdi.
Bahorning iliq kunlarida «Hayvon ferma»sida vahimalik voqealar yuz bera boshladi. Snoubol zulmat qoplagan tunda «Hayvon ferma»siga oʻrmalab kelib zarar yetkazardi. Makkajoʻxori oʻgʻirlar, sut toʻldirilgan paqirlarni ogʻdarar va tuxumlarni sindirardi. Hayvonlar tunlarni uyqusizlik bilan oʻtkazshardi. Vahima bilan tong ottirishardi. Snoubol urugʻ ekilgan dalalarni ayovsizlik bilan toptardi. Meva daraxtlarining poʻstlogʻlarini gʻajib tashlardi. Fermadagi boʻlayotgan har bir koʻngilsiz voqea Snoubol bilan bogʻlanardi. Hayvonlar hatto derazaning koʻzi singanida ham, zovurlardagi suvlar xas-xashak tushib toʻsilib qolganida ham Snoubolning kelib ketganligi haqida gapirishardi. Hatto molxona eshigining kaliti yoʻqotib qoʻyilganida ham Snoubol kelib kalitni quduqqa tashlab yuborganiga hayvonlar ishongan edilar. Kalitni don solingan qopning tagidan topib olganlarida ham Snoubol va kalit haqidagi gaplar toʻxtamasdi. Bunga hamma hayvonlar ishonishardi. Sigirlar yarim tunda qattiq uyquga ketganlarida Snoubol supalariga oʻrmalab kelib sutlarni sogʻib ketayotganligi haqida yakdillik bilan gapirishardi. Kalamushlarning Snoubolga yordam berayotganlari haqida ovozalar tarqaldi. Napoleon fermada roʻy berayotgan voqealarni tekshirishga buyruq berdi. Oʻzi esa shaxsan itlar qurshovida ferma atrofini oʻralgan toʻsiqlarning ichki va tashqari tomonidan aylanib tekshirdi. Boshqa hayvonlar esa Napoleonga hurmat koʻrsatish maqsadida anchagina masofa oraligida unga ergashishardi. Napoleon ba’zan toʻxtab, Snoubolning izlarini aniqlash uchun yerni iskardi. U molxonani, tovuqxonani, sabzavotlar turadigan omborxonani, ekinlar eqiladigan yer maydonini, xullas, fermaning har bir burchagini sinchkovlik bilan jiddiy iskab chiqdi. Deyarli hamma joydan Snoubolning izlarini topdi. Napoleon burnini yerga qadab turib bir necha marta chuqur nafas olib yerni hidlardi-da, soʻngra dahshatli ovoz bilan baqirardi. «Snoubol! U bu yerda boʻlgan! Uning isini aniq bilayapman!». «Snoubol» degan nomni itlar eshitishib qonlari qaynab ketardi, kurak tishlari koʻrinadigan darajada ogʻizlarini ochishib vovullashardi. Hayvonlar butunlay vahimada qolgan edilar. Ularga Snoubolning nomini eshitish- dan ham qoʻrqardilar. Uning ustiga har xil ovozalarning tarqalishi hayvonlarni bezovta qilardi. Skuiylir hamma hayvonlarni yigʻdi. Uning yuzlarida vahimali ifoda qotib qolgan edi. Oʻrganib chiqilgan masala boʻyicha axborot bermoqchi ekanligini jiddiy turib e’lon qildi:
— Oʻrtoqlar,-dedi Skuiylir, ogʻirligini goh, u oyogʻiga, goh bu oyogʻiga tashlab turib asabiy tovushʻda, - atrofimizda nohush voqealar boʻlayotganligi hammamizga ma’lum. Bularning hammasi Snoubol tomonidan uyushtirilgan fitnalardir. U Pinchfiyld fermasining sohibi Fredrikka sotilgan. Ular hamkorlikda «Hayvon ferma»siga hujum qilish uchun tayyorgarlik koʻrishayapti. Oʻrtoqlar, biz egalik qilayotgan fermani qoʻlimizdan tortib olib, yana ustimizdan hukmronlik qilishmoqchi. Buning uchun ular allaqachon hujum rejasini tuzib chiqishgan, Snoubol rahbarlik qiladi. Undan ham yomonroq bir masalaga e’tiboringizni tortmoqchiman. Snoubolning hujumi umumhayvoniy manfaatlar uchun emas, balki oʻzining shaxsiy manfaati tufayli qilinayotgan harakatdir. Bu ishga uni majbur qilgan ahmoqona magʻrurligi ekanligini anglab yetishingiz kerak. Snoubolning shu darajaga kelib qolishi sabablarini bilasizmi? Yoʻq, bilmaysiz! Snoubolning hamisha Jounz bilan hamkorlik qilib kelganligini, Snoubol Jounzning hayvonlar orasidagi josusi boʻlganligini unitilgan qogʻozlar ichidan topilgan yangi hujjatlar asosida aniqlangan yangi dalillar isbotlamoqda. Oʻrtoqlar, qoʻlimizdagi mavjud koʻp muammolarni oydinlashtirish uchun yordam bermoqda. "Molxona janggi"da biz hayvonlarning magʻlub boʻlishimizga Snoubol tomonidan jiddiy harakat qilinganligi ma’lum boʻlib qolmoqda. Sizlar, buni albatta sezgan boʻlishlaringiz kerak. Hayriyatki, uning urinishlari befoyda ketib, bu ayovsiz jangda gʻolib chiqdik. Hayvonlar Skuiylirning gaplarini eshitayotgan quloqlariga ishonishmasdi. Ular dong qotib qolgan edilar. Bu eshitayotgan xabarlari oldingilariga qaraganda ming barobar yomonroq edi. Shamol tegirmonini vayron qilishdagi Snoubolning "xizmatlariga" hayvonlar endigina ishonishayotgandi. Bunisi esa oshib tushdi. Berilgan ma’lumotlarni oʻzlariga singdirishlari bir muncha qiyin boʻldi. Chunki "Molxona jangi"da Snoubolning yagʻriniga oʻq tegib, ogʻir yarador boʻlganligini ular hali unutmagandilar. Jang maydonidan chekinmay odam-dushmanlarga qarshi qahramona kurashgan Snoubol hayvonlarni ruhlantirib yuborgan edi. Jang maydonidagi manzaralarni xayollarida tikladilar. Yoʻq, Snoubolning josus boʻlganligiga ishonish qiyin edi. Koʻz oldilariga keltirgan manzaralarda Snoubolning shubhalantiruvchi biror harakati koʻrinmasdi. Bokserning kallasi gʻovlab ketdi. Miyasida javob topish mushkul boʻlgan savollar gʻujgʻon uynay boshladi. Tuyoqlarini koʻksining ostiga bosib, koʻzlarini mahkam yumib, yotib olgan holda zoʻr berib oʻylanardi. Fikrlarini tartibga solishga harakat qilardi. Nihoyat :
— Bunga ishonmayman. Aytilgan gaplar asosli emas,-dedi Bokser. Snoubol «Molxona janggi»da botirlik bilan kurashgan edi. Buni oʻz koʻzlarim bilan koʻrganman. Uning ustiga birinchi darajali «Qahramon Hayvon» ordeni bilan mukofotlangan edi-ku! -dedi Bokser. Hamma hayvonlar Snoubolning yagʻrinidan qon oqqanligini koʻrganmiz.
— Bu oʻzaro kelishishi natijasi boʻlgan, - dedi Skuiylir. Aslida Jounzning oʻqi uning orqasini yalab oʻtgan, xolos. Agar sizlar ozgina boʻlsa ham oʻqishni bilib savodingizni chiqargan boʻlganingizda kelishuv hujjatini koʻrsatgan boʻlardim. Oʻzingiz uni oʻqib koʻrib, bu gaplarga ishonch hosil qilardingiz. Hujjatlardagi kelishuvga binoan yaralanish keskin daqiqalarda chekinib vaqtinchalik fermani hayvonlarga qoldirish uchun berilgan belgi edi. Bu fitna haqiqatdan ham oʻzini oqlagandi. Oʻrtoqlar, aslida qahramonlik koʻrsatgan hurmatli rahbarimiz Napoleon boʻlgan. Aks holda Snoubol gʻalaba qozongan boʻlardi. Boʻlib oʻtgan voqealarni bir eslab koʻring. Jounz va uning xizmatkorlari fermaga bostirib kelishganida Snoubol ularga qarshi chiqish oʻrniga aylanib qochib qoldi. Ba’zi hurmatli hayvonlarimiz ham unga ergashgan edilar. Jangning keskin daqiqalarida dono rahbarimiz oʻrtoq Napoleon hayvonlardagi qoʻrquvni yengishga yordam bergan. «Insonlarga oʻlim!" deb hayqirib oldinga tashlanib, oʻtkir tishlarini Jounzning oyoqlariga botirgandi. Oʻylaymanki, albatta, bu voqea esingizdan chiqmagan! Xotirangizda hali uzoq vaqt saqlanib qoladi»!- dedi Skuiylir, ogʻirligini u oyogʻidan bu oyogʻiga tashlab turib Skuiylir jang manzaralarini mufassal, ipidan ignasiga qadar tasvirlab Napoleonning jangda koʻrsatgan qahramonliklarini hayvonlar xayolida tiklashga harakat qilardi. Uning soʻzlarini eshitib turgan hayvonlar tasdiq alomatini bildirib boshlarini qimirlatdilar. Goʻyo voqealarni gʻira-shira eslaganday qilib oʻzlarini koʻrsatadilar. Lekin har holda jang maydonini aylanib qochib borayotgan Snoubolni yodlariga tushirishdi. Bokser hech tushunolmay qiynalardi, shuning uchun sal ozgina noqulaylik bilan:
— Snoubolning jang maydonida sotqinlik qilganiga ishonolmayapman, - dedi.
«Hayvon ferma»sidagi keyingi paytlarda roʻy bergan voqealarda haqiqatdan ham dushmanlik qilingan boʻlishi mumkindir. "Molxona janggi"da esa_botir safdosh va qahramon jangchi boʻlganiga ishonmasdan ilojim yoʻq.
— Rahbarimiz oʻrtoq Napoleon, - deb soʻzlay boshladi Skuiylir sokin va qa’tiylik bilan baland ovozda, - qoʻzgʻalon haqida har xil fikr va xulosalar surilmasdan ilgariyoq Snoubol Jounzning josusi boʻlganligini aytgan edilar. Mening esimda turibdi, ha.
— Bu boshqa gap, - dedi Bokser. Agar oʻrtoq Napoleon shunday deyayotgan boʻlsa bu juda toʻgʻri va asosli fikrdir. Oʻrtoq Napoleon hamisha haq va toʻgʻri gapni aytadilar.
— Ha, bu asosli fikr, - dedi Skuiylir Bokserga dadil qarab. Uning koʻzlari bir yonib oʻchgan yulduzday sovuq yaltirab ketdi. Bir daqiqa jimlikdan soʻng:
— Oʻrtoqlar, - dedi,-biz juda hushyor boʻlishimiz kerak. Oramizda Snoubolning mahfiylari borligini, ular bizning qatorimizda oʻtirganligini hech bir hayvon inkor etolmaydi. Skuiylir fermadagi hayvonlarning hushyor boʻlishlari lozimligini yana bir bor ta’kidlab, ularni qattiq ogohlantirdi.
Oradan toʻrt kun oʻtgach, tushlikdan soʻng Napoleon hamma hayvonlarni ferma hovlisiga yigʻishga buyruq berdi. Hayvonlar toʻplanib boʻlganlaridan soʻng, Napoleon oʻz uyidan chiqdi. U koʻksiga ordenlarini (yaqindagina oʻzini-oʻzi birinchi darajali "Qahramon Hayvon", ikkinchi darajali "Qahramon Hayvon" ordenlari bilan mukofotlagan edi) taqib olgandi. Uni toʻqqizda katta va bahaybat it oʻrab olgandi. Itlar hayvonlarning suyak - suyaklarigacha titroq soluvchi tovush bilan irrillardilar. Hayvonlarning etlari seskanib ketdi. Qoʻrqanlaridan bir-birlarining pinjiga suqilishdi. Hozir qandaydir dahshatli voqea yuz berishini kuta boshlashdi. Napoleon yigʻilganlarni qonga toʻlib ketgan qahrli koʻzlari bilan bir-bir kuzatib chiqdi va oʻtkir chiyillagan tovush chiqardi. Itlar jon -jahtlari bilan oldinga sakradilar. Toʻrt yosh choʻchqaning quloqlaridan tishlab, sudrashdi. Ogʻriq zoʻri va dahshatdan chiyillayotgan choʻchqalarni Napoleonning oyoqlari ostiga keltirib tashladilar. Ularning quloqlaridan qon oqardi. Itlar qon lazzatini tuyib yanada vahshiylashdi. Choʻchqalar oʻzlarini aybdor deb oʻylashib qoʻrquvdan titrashardi. Napoleon oʻz gunohlarini ixtiyoriy ravishda buynilariga olishga choʻchqalarni undadi. Ular Napoleonning «Yakshanba kunlari majlislarni bekor qilish» haqidagi qaroriga e’tiroz bildirgan toʻrtta yosh choʻchqalar edi. Choʻchqalar Snoubol fermadan quvilgandan buyon yashirin aloqa qilganliklarini, shamol tegirmonini vayron qilishda hamkor ekanliklarini, «Hayvon ferma»sini mister Fredrikga oʻtkazishga rozi boʻlganliklarini tan olishdi. Shuningdek, Snoubolning Jounz hukmronligi davrida josus boʻlganligini, buni uning oʻz ogʻzidan eshitganliklariga iqror boʻlishdi. Toʻrt yosh choʻchqa hamma "jinoyatlarini" boʻyinlariga olganlaridan soʻng itlar darhol oʻtkir tishlarini ularning kekirdaklariga botirib, boshlarini uzib tashlashdi. Napoleon hayvonlar yuragiga vahshat soluvchi ovoz bilan sotqinlik qilgan hayvonlar ularning orasidan yana topilishini e’lon qildi. Tuxumlar bilan bogʻliq boʻlgan tovuqlarning «oʻzboshimchaliklari»ga rahbarlik qilgan uch tovuqni itlar tishlab olib keltirishdi. Bu tovuqlar choshgoh paytlari yigʻinlar oʻtkazib Napoleonning buyruqlariga qarshi chiqishga undaganligiga qolgan tovuqlar guvohlik berishdi. Ular ham rahmsizlik bilan boʻgʻizlandilar. Keyin esa bir gʻoz oʻtgan yil hosilidan olti dona makkajoʻxori zoʻgʻatalarini oʻgʻirlab tunda yeganligiga iqror boʻldi.
Snoubol tomonidan ongi zaharlangan bir qoʻy esa suv ichiladigan quduqqa siyib yuborganiga, yana bir qoʻy Napoleonning gʻoyalariga oʻzini bagʻishlagan va sidqidildan xizmat qilgan ikki qoʻy hamda tumov kasalligidan azob chekayotgan bir qoʻchqorni olov atrofida aylantirib oʻldirganiga iqror boʻldi. Hammalari oʻldirildi. Jinoyatlarni boʻyinga olish va jozolash uzoq vaqt davom etdi. Murdalar Napoleon oyoqlari ostiga tashlanaverdi. Havo Jounz quvilganidan beri hayvonlarga notanish boʻlib qolgan qon hidi bilan ogʻirlashdi. Uch it toʻsatdan Bokserga tashlandi. Oʻziga qarab uchib kelayotgan itlarni koʻrgan Bokser ulkan orqa tuyoqlarini yerga mahkam tiradi. Oldingi oyoqlari bilan havoda uchib kelayotgan itlardan birini ushlab oldingi tuyoqlari ostiga oldi. It jon achchigʻida vangilladi Qolgan ikki it esa dumlarini qisib orqaga chekinishdi. Bokser tuyoqlari ostida yotgan itni oʻldiraymi yoki oʻldirmaymi degan ma’noda Napoleonga koʻz tikdi. Napoleonning rangida rang qolmagan, yuzi oʻlgan choʻchqaning yuziga oʻxshab koʻkarib ketgan edi. "Itni qoʻyib yubor", - deb keskinlik bilan buyruq berdi. Bokser tuyoqlarini koʻtardi. Koʻk rangdagi xol-xol dogʻlari boʻlgan it uning oyoqlari tagidan sudralib chiqdi. Hamma hayvonlar voqeani qanday tugashini sabrsizlik bilan kutishardi. Oraga ogʻir sukunat choʻkdi. Itlar va choʻchqalardan tashqari yuragini oldirib qoʻygan hamma hayvonlar tarqala boshlashdi. Ular zoʻr-bazoʻr sudralib borishardi. Qoʻrqqanlaridan titrab-qaqshardilar, oʻzlarini nihoyatda himoyasiz va gʻarib sezishardi. Snoubol bilan hamkorlik qilgan hayvonlarning xiyonatkorligi va ulardan ayovsiz qasos olinganligidan boshlari qotgan edi. Ular qonli voqealarni juda koʻp boshlaridan oʻtkazgan boʻlib, lekin bunaqasini birinchi bor koʻrib turishlari edi. Hayvonlar oʻzlarini-oʻzlari jazolab, oʻldirayotgan edilar. Mister Jounz fermadan quvilgandan beri hayvonkushandalik boʻlmagandi, hattoki zararkunandalik qilgan kalamushlar ham oʻldirilmagandi. Hayvonlar yarmi tugatilgan shamol tegirmoni joylashgan tepalikka oʻrmalab chiqdilar. Muzlab borayotgan tanalarini isitish uchun bir-birilarining pinjiga kirdilar. Klovir, Myuriyel, Benyamin va sigirlar, qoʻylar, gʻozlar, tovuqlar - hammalari shu yerga toʻplanishdi. Faqat hamma hayvonlarni yigʻishga buyruq berilishidan oldin yoʻqolib qolgan mushuk koʻrinmasdi, xolos. Bir necha daqiqalar oʻtsa ham hech qaysi hayvondan sado chiqmasdi. Bokserning oyoqlari tanasini arang koʻtarib turardi. Asablarining tarang tortilganligi yuzida aks etardi. Uzun qora dumi devorga osilgan soatning toshlari kabi u yoqdan bu yoqqa borib kelardi. Birdaniga zaif tovushi bilan gapira boshladi:
— Men hech narsani tushunmayapman, fermamizda shunday voqealar roʻy berayotganiga ishongim kelmaydi. Hammasiga oʻzimiz aybdormiz, hamma voqealar mas’uliyatsizligimiz tufayli kelib chiqdi. Kamchiliklarimizni tugatishimiz kerak. Faqat ishlash, ishlash va yana ishlash bilangina aybimiz va gunohlarimizni yuvishimiz mumkin. Ertadan boshlab men barvaqtroq turib bir soat oldin ish boshlayman. Bokser salmoqdor qadamlar bilan tosh koniga qarab yurdi. Toʻplab qoʻyilgan toshlardan ikki hayvonga moʻljallanganini birlashtirib turib, shamol tegirmoni tomon sudray boshladi. Hayvonlar esa Klovir atrofiga oʻrmalab kelib, unga yopishib oldilar. Ular yotgan baland tepalikdan atrof kaftdek koʻrinib turardi. Hayvonlarning koʻpchiligi tabiatni zavq bilan tomosho qila boshlashdi. Katta yoʻlga tutashib ketgan yam-yashil yaylovlar, pichan dalalari, toʻntarib qoʻyilgan koʻk-koʻk osmonga oʻxshab ketuvchi suv toʻldirilgan hovuz va haydalgan yerlar juda goʻzal edi. Oʻzlari ekib parvarish qilgan, hozir boʻyi choʻzilib qolgan bugʻdoylar, moʻridan buralib-buralib chiqayotgan tutunlar, molxonaning qizil tunika qoqilgan tomlari ertaklardagiday sehrli edi. Bu kun bahorning musaffo va koʻrkam kunlaridan biri edi. Yer ustida sollanib turgan maysalar va ferma atrofidagi toʻsiqlar quyosh nurida tovlanardi. Hayvonlar uchun hech qachon tabiatning manzaralari bu qadar goʻzal va orombaxsh boʻlib tuyilmagan edi. Zavqlarini uygʻotadigan fermani oʻzlariniki ekanligi yodlariga tushib hayratlandilar. Tepalikdan pastga qarab, tikilib turgan Klovirning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Yuragi toʻlib ketganligidan gapirolmasdi. Axir fermadagi inson hukmronligini agʻdarib yuborishdan maqsadlari bu emas edi-ku!. Axir qirgʻin-barotlar boʻlishini orzu qilmagan edilar!. Nega shunday boʻldi?!. Nega begunoh hayvon qonlari daryodek oqmoqda?!. Axir ozod va baxtiyor kunlar kelishi va toʻkin-sochinlik, farovonlik boʻlishi uchun kurashgan edilar-ku!. Qari mayor qoʻzgʻalonga da’vat etganida bunday xunrezliklar haqida ogohlantirmagandi. Axir keksa mayor hamma hayvonlar ochlik va xipchinlardan ozod boʻlib teng huquqli boʻlgan, har bir hayvon qobiliyatiga qarab ishlovchi, ehtiyojiga yarasha kun koʻruvchi, kuchlilar ojizlarni, mayor nutq soʻzlagan tunda Klovir oyoqlari bilan yetimlarni himoya qilgani kabi, himoya qiluvchi hayvon jamoasining bunyod boʻlishi haqida soʻzlagan edi-ku!. Nahotki, ularning oʻrniga aql bovar qilmaydigan qatagʻonlik voqealari roʻy berayotgan boʻlsa! Nahotki har bir hayvon erkin fikr yuritolmaydigan, har bir burchakni jallod boltasi kabi tishlarini koʻrsatib irrilayotgan itlar qoʻriqlaydigan, anglab olishga aqlning kuchi yetmaydigan, qilmagan gunohlariga hayvonlarning oʻzlari iqror boʻladigan, hayvonlar doʻstlarini ham sotib yuboradigan, har bir hayvon yaqinlaridan ham hadiksiraydigan zamon kelgan boʻlsa?! Klovirning dilida isyonkorlik yoʻq edi, qoni ham qasos oʻti bilan koʻpirmasdi. Choʻchqalarga boʻysunmaslik haqidagi fikrlar oʻyini ham yoʻq edi. Hattoki hozirgi ahvolimiz Jounz davridagiga nisbatan va boshqa fermadagi hayvonlar koʻrayotgan kundan yaxshiroq oʻylardi. Jounzning fermaga qaytib kelmasligi uchun xuddi shunday qonli voqealar zaruriyatdir deb oʻylardi. Klovir «Hayvon ferma»sining gʻoyalariga sodiq edi. Butun kuchi boricha jon-dili bilan ishlardi. Berilgan buyruqlarni soʻzsiz bajarardi. Napoleonning rahbarligini toʻlaligicha tan olardi. Boshlariga eng ogʻir kunlar tushgan paytlarda ham Klovir va boshqa hayvonlar kelajakka umid bilan qarab yashadilar va ishladilar, Jounz va odamlarning oʻqlariga koʻksilarini tutib berdilar, shamol tegirmonini koʻrdilar - hammasi bugungi roʻy berib turgan voqealar uchun emas edi. Klovirning boshida shunga oʻxshash fikrlar gʻujgʻon oʻynardi, lekin bularning hammasini ifodalash uchun soʻzlar topa olmasa-da butun vujudi bilan his etib turardi. Nihoyat, hamma-hammasini oʻzida mujassam etuvchi «Angliya hayvonlari» qoʻshigʻini boshlab yubordi. Boshqa hayvonlar Klovirga qoʻshilishdi. Gimnni uch marta qaytarishdi. Uni salmoq bilan kuylashardi. Gʻam-gʻussaga toʻlib ketgan ovoz bilan kuylashdi. Ohangini haqikiy san’atkorlar kabi joyiga qoʻyib kuyladilar. Avvallari hech qachon bu qadar berilib kuylamagandilar. Qoʻshiq uchinchi marotaba kuylanib tugashi bilanoq muhim bir fikrni aytmoqchi boʻlganday Skuiylir ikki it qorovulligida hayvonlarga yaqinlashdi. Oʻrtoq Napoleonning maxsus qaroriga asosan «Angliya hayvonlari» gimnining bekor qilinganligi va uni kuylash ma’n etilganligini e’lon qildi. Hayvonlar taajjublanishdi.
— Nega? Nima uchun? - hayrat bilan soʻradi Myuriel.
— Oʻrtoq, «Angliya hayvonlari» qoʻshigʻi hozirgi kunimizda biz uchun kerak emas, - dedi oʻta jiddiylik bilan Skuiylir. Bu gimnda qoʻzgʻalonchilar harakati ifodalangan edi. Qoʻzgʻalon amalga oshdi, maqsadlarimiz roʻyobga chiqdi. Sotqinlarning qatl etilishi bizning maqsadimiz yoʻlidagi qilingan oxirgi va eng soʻnggi harakat boʻldi. Tashqi va ichki dushmanlarimiz magʻlub boʻlishdi. «Angliya hayvonlari» gimnida kelajakda bunyod etilishi kerak boʻlgan mukammal hayvonlar jamoasi ishtiyoqi ifodalangan edi. Hozirga kelib bizning orzularimiz amalga oshib, ana shunday hayvonlar jamoasi vujudga keldi. Ravshan koʻrinib turibdiki, endi bu gimn oʻzini oqlamay qoʻydi. Hayvonlar nihoyatda qoʻrqib turgan boʻlishlariga qaramay e’tiroz bildirishmoqchi boʻldilar. Lekin odatdagiday, qoʻylar marashni boshlab yuborishdi: Ikki oyoqlilar - dushman, toʻrt oyoqlilar - doʻst». Qoʻylar marashni tugatishgandan keyin esa muhokamaga oʻrin qolmagan edi. Bu voqeadan keyin «Angliya hayvonlari» gimni kuylanmadi. Uning oʻrniga shoir Minimosning:
Hayvon fermasi, Hayvon fermasi!
Mendan senga zarar yetmasin!
degan soʻzlar bilan boshlanuvchi gimni yaratildi. Yakshanba kunlari ertalab «Hayvon ferma»si hovlisida bayroq baland koʻtarilganidan keyin shu gimn kuylana boshladi. Lekin hayvonlar nazarida uning soʻzlari ham, ohangi ham oldingi gimnga teng kelolmasdi. Bu gimndan negadir hayvonlarning koʻngli toʻlmasdi.
VIII- bob
Boʻlib oʻtgan voqealardan keyin bir necha kun oʻtgach, hayvonlar bir oz oʻzlariga keldi. Qonli voqealar dahshati ham unutilganday boʻldi. Shundagina ularning eslariga dastlab chiqarilgan Qonunning oltinchi moddasi tushib qoldi. Oltinchi moddada «Hayvonlar bir-birilarini oʻldirmasin» deb yozilgan edi. Hayvonlar qatagʻon voqealari Qonunga toʻgʻri kelmasligini anglab turardilar. Lekin hech bir hayvonning ovoz chiqarib aytishga yuragi dov bermasdi. Klovir Qonunning oltinchi moddasini Benyamindan oʻqib berishni iltimos qildi. Benyamin siyosiy voqealarga aralashishni xush koʻrmasdi. Ayniqsa, har xil uyushmalardan oʻzini tortib yurardi. Shuning uchun Klovirning iltimosini bajarishdan bosh tortdi. Klovir Myurielni chaqirdi. U oltinchi moddani oʻqib berdi: «Hayvonlar bir-birlarini sababsiz oʻldirmasinlar» deb yozilgandi. Negadir moddadagi «sababsiz» degan soʻzning mavjudligi hayvonlarning xayolidan koʻtarilgan edi. Bu soʻzning borligini hech eslariga keltirisholmasdi. Hayvonlar qonunning yodlashib olgan 6-moddasini «sababsiz» degan soʻz bilan toʻldirish kerakligini tushundilar. Shundagina Snoubolga hamkorlik qilgan sotqin hayvonlarning oʻldirilishi qonunga zid emasligini anglash osonlashardi.
Bu yil oʻtgan yildagiga nisbatan hayvonlar unumli ishladilar. Shamol tegirmoni devorlarini ikki barobar qalinlikda qaytadan tiklash ularning ishlarini koʻpaytirib yuborgan edi. Qornilari hanuzgacha ovqatga toʻymasdi, doim och-nahor ishlardilar. Yakshanba kuni boʻladidigan yigʻinlarda Skuiylir uzundan uzun qogʻozni oyoqlari bilan ushlaganicha turli xil oziq-ovqatlarning 200%, 300% yoki 500%ga koʻpaytirilganini oʻqib eshittirar edi. Hayvonlarning boshlarini aylantirib yuboradigan adogʻi koʻrinmaydigan raqamlarni keltirib fikrini isbotlardi. Hayvonlar bu roʻyxatlarga ishonardilar. Ishonmaslikka esa ularning asoslari yoʻq edi. Chunki qoʻzgʻalondan oldingi sharoitlar va yashash tarzi haqida aslo eslolmasdilar. Har holda u davrlarda oxiri koʻrinmaydigan va boshni gʻovlatib yuboradigan raqamlar bilan ifodalangan ma’lumotlar boʻlmasdi. Lekin yaxshi boqishardi.
Hamma buyruqlar Skuiylir va boshqa choʻchqalar orqali beriladigan boʻldi. Napoleon bir haftada bir martagina hayvonlarga koʻrinardi. Endi itlar guruhining oʻzi bilangina yurmasdi. Qotor boshida boshini gʻoz koʻtarib harbiycha qadam tashlab borayotgan xoʻroz ham boʻlardi. Napoleon soʻzlashidan oldin xoʻroz «ku-ku-rey-ku» deb tovushining boricha qichqirardi. Napoleon fermadagi uyida boshqa choʻchqalardan alohida yashardi. Oʻziga xizmat qiladigan ikki it bilan birga mehmonxona shkafida turuvchi qimmatbaho va chiroyli idishlarda (u ovqatlanadigan servizning nomi «otlar musobaqasi» deb nomlanardi) ovqatlanardi.
Yil davomida «Hayvonlar fermasi» hovlisida uch marotaba katta yigʻin oʻtkazilib, osmonga qarab oʻq uzilardi. Birinchi tantana Napoleonning tugʻilgan kunida, ikkinchisi esa qoʻzgʻalon gʻalabasi munosabati bilan oʻtkazilardi.
Uchinchisida esa «Molxona janggi» gʻalabasi nishonlanib, bayram qilinardi. Napoleonga «bizning rahbarimiz va yoʻlboshchimiz oʻrtoq Napoleon» deb murojaat qilinadigan boʻlgandi. Kunlar oʻtgan sari choʻchqalar Napoleonning «hayvonlar otasi»,«insoniyatga dahshat soluvchi», «qoʻyxona himoyachisi», «gudoklar doʻsti» kabi sifatlarni kashf etardilar. Ayniqsa, Napoleoning donoligi, yuragining oliyjanobligi, hamma hayvonlarga, boshqa fermalarda qullik va jaholat ostida yashovchi baxtsiz hayvonlarga boʻlgan chuqur muhabbati haqida Skuiylir koʻz yoshlarini oqizib, mehri joʻshib soʻzlardi. Erishilayotgan muvaffaqiyatlar va bugungi ozod hamda baxtli hayot uchun Napoleonga minnatdorchilik bildirib, uni sharaflash odat tusiga kirib borar edi.Tovuqlar oʻrtoq Napoleon rahbarligida olti kunda beshta tuxum tugʻdim deb gʻurur bilan gapirardilar. Yoki sigirlarning hovuzdan suv ichib: «Oʻrtoq Napoleonga katta rahmat, suv juda shirin va rohat baxshida etadigan muzdek ekan, mazza qildik», - deb aytishganini eshitish mumkin edi. Fermadagi hayvonlarning Napoleonga boʻlgan umumiy munosabati shoir Minimosning «Oʻrtoq Napoleon» nomli she’rida quyidagicha ifodalandi:
Yetimlar otasi-yu baxtimiz quyoshisiz,
Toʻkin-sochin fermaning ishonchli posbonisiz.
Sizga tik qarab boʻlmas,nigohingiz kuydirar,
«Hayvon ferma»sining qudratli sarbonisiz,
Oʻrtoq Napoleon.!
Hayvonlarga borliqni oʻzingiz berguvchisiz,
Rizqu roʻzin har kuni ulashguvchi oʻzingiz,
Taglariga, hattoki, somonni solguvchisiz
Hayvonlar tinchligini qoʻriqlovchi oʻzingiz,
Oʻrtoq Napoleon!
Fermamizda yashovchi har bir choʻchqa bolasi,
Gʻoyangizni diliga quyib sodiq oʻsadi.
Farzandlar orasida aslo boʻlmas olasi,
Goʻdaklarning dastlabki chiyillashi boʻladi,
Oʻrtoq Napoleon!
Napoleon she’rni oʻqib koʻrib juda xursand boʻldi. Molxonaning devoriga yozilgan Qonun moddalarining roʻparasiga she’rni chiroyli qilib yozdirdi. She’rning tepasiga esa Napoleonning Skuiylir tomonidan oq boʻyoq boʻyoq bilan ishlangan portreti qoqildi.
Napaleonning advakat Vimper orqali Fredrik va Pilkingten bilan boʻlgan munosabati hanuzgacha noaniq edi. Fermadagi yogʻochlar hali ham sotilmagan, Fredrik ham, Pilkingten ham tezroq sotib olish uchun harakat qilishardi. Fredrik va uning xizmatkorlarining “Hayvon ferma”siga hujum qilish va shamol tegirmonini buzib yuborish uchun tayyorgarlik koʻrayotganliklari haqida habarlar bor edi. Napoleon Fredrikning “Hayvon ferma”siga gʻayirligi bor, shu sababli ham shamol tegirmonini vayron qilmoqchi deb oʻylardi. Snoubolning esa Pinchfiyld fermasida ekanligini bilishardi.
Yozning oʻrtalarida uch tovuq vahshiyona oʻldirildi. Ular Snoubol bilan yashirincha aloqa bogʻlab uning topshirigʻiga binoan Napoleonni oʻldirmoqchi boʻlganliklariga iqror boʻlishgan edi. Hayvonlar orasida shunga oʻxshash vahimali gaplar yurardi. Napoleon hayotining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ehtiyot choralari koʻrildi. Tunda, Napoleon uxlagan paytlarda, toʻrt it uyning toʻrt tomonidan turib qoʻriqlay boshladi. Yosh Pinkay nomli choʻchqaga bakovullik vazifasi yuklatildi.
Napoleonning Pilkingtin bilan yogʻochlarni sotishga kelishganligi ma’lum boʻldi. Pilkingtinning ham Napoleon singari Foksvud fermasi bilan aloqasi yaxshi emas edi. Pilkingtin Napoleon bilan boshqa mahsulotlarni ham ayirboshlash rejasini tuzayotgan edi. Advokat Vimpir ular orasida vositachilik qilayotgan boʻlishiga qaramasdan oʻzlarining oralarida bir-biriga nisbatan xayrixohligi ham bor edi. Lekin Pikingtin hayvon boʻlmaganligi sababli Napoleon unga toʻliq ishonolmasdi. Fredrikdan esa qoʻrqardi. Ayniqsa shamol tegirmoni qurilishi tugallanay deb qolganida Fredrikning yashirin hujumga tayyorlanayotganligi haqidagi xabarlarning koʻpayib qolganligi uni choʻchitardi.
Fredrik «Hayvon ferma»siga hujum qilish maqsadida 20 ta harbiylarni tayyorlayotganligi hamda fermaning vasiqasini qoʻlga kiritish uchun shahar boshliqlari va politseylarni sotib olganligi ma’lum edi. Fredrikning hayvonlarga nisbatan qilayotgan rahmsizliklari haqidagi dahshatga toʻlib-toshgan hikoyalari Pinchfiyld orqali yetib kelayotgan edi. Qarib qolgan otni urib oʻldirgani, sigirlarni och qoldirgani, itni pechkaga solib yoqib yuborgani, kechqurunlari xoʻrozlarni urishtirayotgani va xoʻrozlarning panjalari orasiga metaldan qilingan oʻtkir tigʻni bogʻlagani kabilarni eshitganlarida hayvonlarning qonlari qaynab ketardi. Ayniqsa. xoʻroz urishtirilganida gʻolib chiqqanining oʻz magʻlubini oʻldirishi ularning nafratini oshirardi. Hayvonlar Fredrik fermasiga hujum qilib, insonlarni quvib yuborib, hayvonlarni ozod qilish uchun choʻchqalardan ruxsat soʻrashardi. Skuiylir tezoblik qilishdan oʻzlarining tiyishlarini maslahat berib, oʻzlaricha harakat qilmasliklarini qayta-qayta ta’kidlardi.
Napoleonning harbiy tajribasiga suyanishga da’vat qilardi Fredrikka nisbatan hayvonlarning nafrati kundan kunga ortib borardi. Yakshanba kunlarining birida Napoleon ferma hovlisidagi yogʻochlarni Fredrikka sotish hatto xayoliga ham kelmaganligini aytdi. ( Shu paytgacha Napoleonning keng fe’lligiga hayvonlar tan berishayotgan edi. Endi esa oʻz dushmani boʻlgan Fredrik bilan ham yaxshi munosabatda boʻlishiga qoyil qolardilar.) Boshqa fermalardagi hayvonlarning qoʻzgʻalon koʻtarishlariga tayyorlash maqsadida kaptarlar safarbar qilindi. Ularning Foksvud fermasiga qoʻnishlari ma’n etildi. Hayvonlarning «Insonlarga oʻlim» degan shiori «Fredrikka oʻlim» tarzida oʻzgartirildi.
Yozning oxirgi kunlariga borib Snoubol tomonidan yetkazilayotgan zararlardan yana biri fosh etildi. Ekilgan bugʻdoylar yovvoyi oʻtlar orasida qolgan edi. Snoubol tunda kelib, bugʻdoy urugʻini yovvoyi oʻtlar urugʻi bilan aralashtirib quygani kashf etildi. Bu fitnaga aralashgan gʻozlardan biri aybiga iqror boʻlib, Skuiylir oldida zaharli mevani ogziga solib, oʻz-oʻzini oʻldirdi. «Hayvonlar Snoubolning 1 darajali «Qahramon Hayvon» ordenini olmaganligini hozir bilishadi,-dedi Skuiylir. Bu faqat Snoubolning oʻzi tomonidan tarkatilgan mish-mish, safsata edi. Afsuski, koʻp hayvonlar bu yolgʻonga ishonib qolishdi. Aslida Snoubol jangda qoʻrqoklik qilgan edi. Xuddi shu sababli ham u qoralangan. Oʻrtoqlar, u hech qanday orden-porden olgani yoʻq edi». Hayvonlar Skuiylirning soʻzlarini sarosima bilan tinglardilar. Skuiylir Snoubolni eslab xato kilmaganligini sezdi. Ichki magʻrurlik bilan boshini yanada baland koʻtarib:
— Siz uning jangdagi haqikiy xolatidan bexabarsiz. Shuning uchun ham yanglishasiz va uni qahramon deb oʻylaysiz,-dedi
Koʻz kirib qolgan edi. Hosil yigʻim-terimi hayvonlarning tinkasini kuritib borardi. Ish kaynagandan kaynardi. Shamol tegirmonining qurilishi asosan tugatildi. Lekin uni ishga tushirish uchun ayrim kerakli asboblarni sotib olish kerak edi. Vimpir bu masalada muzoqara olib borardi. Hayvonlar shamol tegirmonining qurilishida tajribasizlik qilib ibtidoiy qurilish asboblaridan foydalangan edilar. Snoubol fitnalari tufayli roʻy bergan kungilsizliklarga qaramay ish muljallangan muddatda tugadi. Hayvonlar xoldan toygan edilar. Lekin ogyr mashaqqatlar va qiyinchiliklar evaziga erishgan mehnat maxsulini koʻrib kuvonardilar. Kungillari togday koʻtarilib ketgan hayvonlar oʻzlari yaratgan ulkan asarlari atrofida qoʻshiq aytib aylanishardi. Shamol tegirmoni koʻzlariga juda chiroyli koʻrinardi. Devorlari ham oldingisiga Karaganda ikki baravar kalin edi. Uni osongina vayron qilib boʻlmasdi. Endi uni boʻzish uchun portlatuvchi moddalar kerak edi.
Hayvonlar shamol tegirmonining gurillab ishlayotganligini koʻrganlarida boshlaridan oʻtkazgan hamma qiyinchiliklarni unutdilar. Mashaqqatli mehnat va ishdan kungilni sovutadigan voqealar ustidan golib chiqqanlarini xis etib turardilar. Yuraqlari entika boshladi. Hayotlarida katta oʻzgarish roʻy berganligini tushunib yetishdi. Hayvonlar shamol tegirmoni atrofida aylanib irgiy boshladilar, qoʻshiqlar aytib, raksga tushdilar.
Napoleon itlar kurshovida, xoʻroz boshchiligida bitkazilgan shamol tegirmonini kurish uchun keldi. Hayvonlarning erishgan muvaffaqiyatlari bilan shaxsan tabrikladi. Hamda shamol tegirmonini «Napoleon tegirmoni» nomi bilan yuritishni e’lon qildi. Oradan ikki kun utgach, hayvonlar molxona binosiga maxsus yigʻilish oʻtkazish uchun chakirildi. Ferma hovlisidagi yogʻochlarni Fredrik sotib olganligini Napoleon e’lon qilganida hayvonlar xayron boʻlib qoldilar. Ertaga Fredrik yuborgan aravalar ularni olib ketishini ma’lum qildi. Napoleonning Pilkingtin bilan doʻstligi majburiy doʻstlik edi. Aslida Fredrik bilan yashirin kelishuvlari bor edi. Bu kelishuv Foksvud bilan boʻlgan munosabatni sindirgan edi. Pilkingtin haqida bir-biridan tashvishli axborotlar olib kelayotgan kaptarlarga Pinchfiyl fermasini tark etish buyrugi berildi. «Freydrikka oʻlim» shiori «Pilkingtinga oʻlim» deb oʻzgartirildi. Napoleon Fredrik tomonidan hujum uyushtirilayotgani va hayvonlarga nisbatan kilinayotgan vahshiyyliklar haqidagi xabarlarning asossiz ekanligiga bayonot berdi. Ularning Snoubol tomonidan tarkatilgan bulmagur ovozalar ekanligini aytdi. Snoubolning Pinchfiyld fermasida yashiringanligi haqidagi xabarlarni tarkatish orqali Napoleon ma’lum maqsadni koʻzda toʻtgandi. Aslida Snubol Foksvud fermasida boy-badavlat yashayotganligini bilardi. Uning koʻp yillar davomida Pilkingtinda pensioner boʻlganligi Napoleonga ma’lum boʻlsa-da, buni bilmaslikka olardi. Chunki fermaning xavfsizligi uchun shunday qilish zarurligini bilardi. Choʻchqalar Napoleonning uddaburonligidan xursand boʻladirdilar. Napoleonning Pilkingtin bilan «doʻst»ligi yogʻoch baxosini 12 funt sterlingga koʻtargan edi. «Rahbarimiz oʻrtoq Napoleonning ajoyib sifatlaridan biri, -dedi Skuiylir uning Fredrikka ham ishonmaganligidadir». Fredrik sotib olayotgan yogʻochlar haqini chek bilan tulamokchi boʻldi. Yogʻochlar uchun 5 funt pul birligidagi tulovni talab qildi. Fredrik bu pulni oldindan tulagan va pul shamol tegirmoni uchun kerak boʻladidigan mexanizmlarni sotib olishga yetadigan mikdorda edi. Yogʻochlar aravalarga yuklanib, tezlik bilan olib ketildi. Fredrik bergan pulni yana bir bor tekshirib kurish uchun hayvonlar molxonaga yigʻildilar. Orden va medallari bilan kuksini toʻldirib olgan Napoleon jilmayib, ferma uyining oshxonasidagi chinni idishga solingan pul yoniga, somon ustiga chukdi. Hayvonlar oyoqlarining uchida yurishib, pulga yaqinlashdilar va qiziqish bilan unga tikildilar. Bokser burnini yaqinlashtirib pulni xidladi.
Uning nafasidan chinni idishga solingan pullar kimirlab ketdi. Oradan uch kun oʻtgandan keyin hayvonlarni dahshatga soluvchi bir xabar tarkaldi. Advokat Vimpir velosiped bilan gizillaganicha fermaga kirib ketdi. Shoshilganidan velosipedni yerga tashlab yuborib, shitob bilan Napoleon turgan uyga kirib ketdi.
Uning yuzlaridan qoni kochgan edi. Bir zum oʻtmasdan Napoleonning bukirgan tovushi eshitildi. Vimper olib kelgan shum xabar hayvonlar orasida yashinday tarkaldi. Pul haqikiy emas soxta ekan. Fredrik yogʻochlarni tekinga olib ketgan edi. Napoleon hamma hayvonlarni tezlik bilan yigʻdi. Fredrikni oʻlim jazosiga hukm qilganligini bukirib e’lon qildi. Uning tiriklayin qoʻlga olinib, kaynab turgan suvga tashlanishini aytdi. Napoleon hammani xushyor boʻlishga chaqirdi. Bundan yomonrok harakatlarga ham tayyor turishlarini buyurdi. Bu voqea Fredrik va uning ishchilari tomonidan har daqiqada boshlanib qolishi mumkin boʻlgan hujumdan darak berardi. Fermaning odamlar kirishi mumkin boʻlgan hamma joylariga korovullar qoʻyildi. Napoleon Pilkingtin bilan yaxshi munosabat urnatish maqsadida maktub yozib kaptarlardan toʻrttasini Foksvudga uchirdi. Ertasi kuni esa sahar payti «Hayvon fermasi» ga hujum qilinganligi haqida xabar keldi. Hayvonlar ovqatlanayotgan edilar. Qoʻyilgan korovullar Fredrik boshlik odamlarning allaqachon panjarali temir dorvozani ochib kirganliklari haqida xabar berdilar. Hayvonlar dadillik bilan qarshi hujumga otlandilar. Lekin bu safar «Molxona janggi»dagi kabi gʻalaba osonlik bilan kelmadi. Odamlar soni 15 ta boʻlib, ularning 6 tasining miltigʻlari bor edi. Buning ustiga juda ham yaqin kelib qolishgan, ularni 50 metrcha masofa ajratib turar edi. Hayvonlar dahshatli oʻqlarning tinimsiz chiyillashlariga bardosh berolmay qoldilar. Napoleon bilan Bokser zoʻr berib hayvonlarni bir joyga yigʻishga harakat qilishardi. Lekin buning iloji yoʻq edi. Hayvonlar orqaga chekindilar. Ulardan bir nechtasi yaralangan edi. Napoleon boshliq hayvonlar ferma binolari ichiga kirib yashirindilar. Ferma binolarining teshiklaridan odamlarni uzluksiz kuzatib turardilar. Butun ferma hovlisi, shamol tegirmoni hayvonlarning ashaddiy dushmanlari qoʻliga oʻtgan edi. Aqlli va dono hisoblangan Napoleon ham nima qilishini bilmay qoldi. U dumini dikkaytirib, tovush chiqarmay u yoqdan bu yoqqa borib kela boshladi. Foksvud tomonga gʻazab bilan tikildi. Agar Pilkingtin va uning odamlari yordamga qoʻl choʻzsa, ahvol oʻnglanishidan umid qilsa boʻlardi. Lekin toʻrt kaptar olib kelgan xat koʻngildagiday emasdi. Unda shunday soʻzlar yozilgan edi: «Siz shunga loyiqsiz. Sizga bu ham kamlik qiladi».
Fredrik va uning odamlari shamol tegirmoni yoniga toʻplanishdi. Ularni kuzatib turgan hayvonlarning yuraklari orqaga tortib ketdi. Odamlardan birining qoʻlida misrang (lom), ikkinchisining qoʻlida esa kuvalda bor edi. Ular shamol tegirmonining poydevorini buza boshlashdi. Hayvonlar umidsizlikka tushishdi. Napoleon esankirab qolgan hayvonlarga qarata:
— Dadil boʻling, oʻrtoqlar,-dedi. Shamol tegirmonini buzishga ularning kuchi yetmaydi. Axir devorlarini juda mustahkam qilib koʻrganmiz. Haftalab uringanlarida ham qoʻllaridan hech narsa kelmaydi. Benyamin esa odamlar harakatiga qovoqlarini solib ,jiddiy tikilib turardi. Ikki odam qoʻllaridagi misrang va kuvalda bilan shamol tegirmonining poydevori tagidan ochilgan teshikni kengaytirishdi. Benyamin sekingina tumshugʻini koʻtarib, boshini likillatdi. Soʻngra oʻta xotirjamlik bilan:
— Nima qilayotganliklarini koʻrmayapsizmi?- dedi. Odamlar bir pastda ochilgan teshik ichiga portlatuvchi modda oʻrnatishdi. Hayvonlar nafaslarini ichiga yutib, dahshat ichida kuzatardilar. Binolar ichidan chiqib, shamol tegirmonini saqlab qolishning esa hech iloji yoʻq edi. Odamlar portlatuvchi modda qoʻyilgan teshikdan yugurganlaricha uzoqlasha boshlashdi. Sal oʻtmay quloqlarni qomatga keltiruvchi gumbirlagan tovush butun fermani larzaga soldi. Kaptarlar osmonga koʻtarildi. Napoleondan boshqa hamma hayvonlar dahshatdan yuraklarini hovuchlab, oʻzlarini yerga otdilar. Boshlarini koʻtarganlarida esa bahaybat qora bulut shamol tegirmonining ustini qoplab turardi. Esayotgan shabada qora bulutni surib yubordi. Hayvonlar ne koʻz bilan koʻrsinlarki, shamol tegirmoni oʻz oʻrnida yoʻq edi. Hayvonlar gʻazablaridan titrardilar. Gʻazab qasos oʻtiga aylana boshladi. Qonlarida vahshiylik uygʻondi. Kuchlariga kuch quvvatlariga quvvat qoʻshildi. Sarosima ichidagi qoʻrqoklik va umidsizlik orqaga chekindi. Odamlarning bu yovuz harakati ularning jonidan oʻtib ketgan edi. Odamlarga boʻlgan nafrat qasos tuygʻusini alangalatib yubordi. Ular hech qanday buyruqni kutib oʻtirmasdan odamlar ustiga tik bosib bora boshladilar. Boshlari ustida doʻlday yogʻilayotgan oʻqlarga ham qaramasdan oldinga intilardilar. Qattiq va ayovsiz jang boshlandi. Insonlar hayvonlarni tinmay oʻqqa tutardilar. Hayvonlar yaqinlashganda esa tayoqlari bilan urishar va ogʻir etiklari bilan tepishardi. Bir sigir, uch qoʻy, ikki gʻoz jang maydonida halok boʻlishdi. Deyarli hamma hayvonlar yaralangan edilar. Hatto hayvonlar orqasida turib, buyruq berib turgan Napoleonning dumini ham oʻq yalab oʻtgan edi. Odamlar ham jiddiy talofot koʻrishdi. Bokser tuyoqlarining zarbidan uch kishining bosh suyaklari maydalangan edi. Sigirning shoxlari bir kishining qorniga kirib ketgandi. Jesiy va Blubelning oʻtkir tishlari bir odamning shimini parchalab tashladi. Napoleonni qoʻriqlab turgan itlarga toʻsiqlar orqasidan borib jang maydoniga kirishga buyruq berildi. Vahshiylashib ketgan toʻqqizta it odamlar ustiga tashlandi. Odamlar oʻzlarini hayvonlar qurshovida koʻrib qoʻrqib ketdilar.
Fredrik oʻz odamlariga jang maydonini zudlik bilan tashlab ketishga buyruq berdi. Odamlar hayotlarni saqlab qolish uchun har tomonga qarab qocha boshladilar. Hayvonlar katta yoʻlga tutashib ketgan yaylovning oxiriga qadar ularni ta’qib qilib bordilar. Tikanli toʻsiqlar orasidan qochayotgan odamlarni tuyoqlari bilan tepdilar. Hayvonlar gʻalaba qilgandilar. Lekin oʻzlari ham haddan tashqari holdan toygan edilar. Hammalarining yaralaridan qon oqardi. Ferma yerlarini qizil qonlariga boʻyab, oqsagan holda orqaga qaytdilar. Oʻtlar ustidagi oʻrtoqlarining choʻzilib yotgan murdalarini koʻrishib yuraklari ezilib ketdi. Ularning koʻzlaridan tinimsiz yosh oqardi. Yuraklarni oʻrtab yuborgan bir zumlik sukunatdan soʻng qaytadan vayron boʻlgan shamol tegirmonining oldida toʻxtadilar. Shamol tegirmonining kuli koʻkka sovurilgan, hayvonlarning mehnati zoye ketgan edi. Hatto poydevorlarining ham bir qismi buzilgandi. Kuchli portlash natijasida katta toshlar maydalanib sochilib yotar, goʻyo shamol tegirmoni bu yerga qurilmaganday. Hayvonlar ferma binolariga yaqinlashganlarida jangda qatnashmagan (buning sababini hech bir hayvon bilmasdi) Skuiylir ularga peshvoz chiqib dumini likillatdi. U mamnunlik bilan jilmayardi. Ferma binosining yaqinida miltiq tovushi eshitildi. Bokser buning sababini soʻradi:
— Gʻalabamizni nishonlash uchun,-dedi Skuiylir.
— Qanday gʻalabamizni, - hayratlandi Bokser. Uning tizzalaridan qon oqardi. Bir oyogʻi ostidagi taqa yoʻqolib, panjalari yirilib ketgan edi. Shu oyogʻiga 12 ta oʻq tekkan edi.
— Qanday gʻalaba, oʻrtoq Skuiylir?! - qayta soʻradi Bokser.
— Dushmanni oʻz yerimizdan, hayvon fermamizning muqaddas yeridan haydab yubordik. Bu , gʻalaba emasmi, oʻrtoq Bokser?!
— Lekin ular shamol tegirmonini yoʻq qilib yubordilar. Biz ikki yil davomida shamol tegirmonini mashaqqat bilan tiklagan edik.
— Oʻrtoq Bokser, shamol tegirmonini yana qaytadan quramiz! Agar kerak boʻlsa 6 ta shamol tegirmonini bunyod qilamiz. Oʻrtoq, bugun biz qoʻlga kiritgan gʻalabaga toʻgʻri baxo berolmayapsiz. Biz mana shu tuyoqlarimiz bilan bosib turgan yerimizni dushman bosib olgan edi. Oʻrtoq Napoleon rahbarligida biz oʻz yerimizni qaytarib oldik. Ha, biz oldin egallab olgan mulkimizni qaytarib oldik, -dedi Bokser.
— Bu bizning gʻalabamiz,-dedi Skuiylir.
Hayvonlar oqsaganlaricha ferma binolari yoniga yetib keldilar. Bokserga oyoqlarining goʻshti ichidagi qolib ketgan oʻqlar azob berardi. Shamol tegirmonini qayta tiklash oson emasligi koʻrinib turardi. Bokser oʻzicha qurilishni boshlash uchun allaqachon tayyorgarlik koʻrardi. Bu tayyorgarlik azob, alam va oldinda qaytadan kutib turgan mashaqqatli mehnat qiyinchiliklarini his etish bilan qorishib ketgan edi. Uning yoshi bir joyga borib qolgandi. Bokser oʻn bir yoshga kirganini, boʻrtib chiqqan muskullaridan quvvati ketganligini fahmlab qoldi. Ferma ustida baland koʻtarilgan yashil bayroqning yengil shabadada toʻlqinlanib oʻynashi, yetti marta otilib havoni larzaga keltirgan oʻq ovozlari hayvonlarga qaytadan kuch-quvvat ato etardi. Hayvonlarning tomirlariga qon yugurdi. Ular oʻzlariga qaytadan jon kirganligini sezishdi. Ayniqsa, Napoleon jangda koʻrsatilgan jasoratlarni sharaflab ma’ruza qilganida buyuk gʻalabani qoʻlga kiritganliklaridan faxrlandilar. Urush maydonida jon bergan hayvonlar tantanali ravishda dafn qilindi. Tobutlar qoʻyilgan aravani Bokser va Klovir tortib borishdi. Oʻrtoqlarini qabristonga olib ketayotgan hayvonlar oldida Napoleon borardi. Hayvonlar ikki kun motam tutishdi. Marsiyalar yaratishib, nutqlar soʻzlashdi. Shahidlarni eslab, sharaflab osmonga oʻq uzishdi. Tirik qolgan hayvonlarga koʻrsatgan jasoratlari uchun bittadan olma ulashishdi. Qushlarga ikki aksiyadan makkaoʻxori , itlarga uchtadan pechen'e berishdi. Boʻlib oʻtgan jangni “Shamol tegirmoni” janggi deb atashga qaror qilishdi. «Yashil bayroq» deb atalgan orden ta’sis etilib, uning birinchi nomzodi Napoleon boʻldi. Urush munosabati bilan Napoleonga yana bir qancha orden va medallar berishdi.
Bir necha kundan keyin bayram kayfiyati soʻndi. Soxta pullar haqidagi bahslar unitildi. Hayvonlar choʻchqalar yashaydigan ferma uyi ostidagi ombordan viski yashigini topib oldilar. Bu yashikni oldin omborda koʻrmagandilar. Oʻsha tunda «Hayvon ferma»sidagi choʻchqalar yashayotgan uydan shovqin, baqir-chaqirlar, baland ovozlar, mast-alast aytilgan qoʻshiqlar eshitildi. «Angliya hayvonlari» gimni soʻzlariga boshqa ashulalarning soʻzlari aralashtirib aytilayotgan qoʻshiqlarni eshitib hayvonlar ajablandilar. Taxminan soat 21.30 larda mister Jounzning eski shlyapasini kiyib olgan Napoleon binoning orqa eshigidan chiqib hovli atrofida yugurib, yana ichkariga kirib ketganligini koʻrishdi. Ertasiga ertalab fermani jim-jitlik qoplab oldi, choʻchqalardan birontasi ham koʻrinmasdi.
Soat toʻqqizlar atrofida nihoyatda tashvishlangan Skuiylir sekingina yurib, ferma hovlisiga chiqdi. Uning koʻz ostlari osilib qolgan, dumining uchi yer ustida sudralardi. Hayvonlarni yigʻib Napoleon oʻlim toʻshagida yotganligini aytdi. Gʻam va iztirobga toʻlgan tovushlar eshitildi. Bu xabardan hamma qaygʻuga tushgan edi. Napoleon yotgan uyning eshiklariga harbiy qorovullar qoʻyildi.
Hayvonlar oyoq uchida yurardilar. Koʻzlarida yosh bilan shivirlashib gaplashishardi. Agar rahbarlariga bir nima boʻlib qoladigan boʻlsa, ahvollari yomon boʻlishidan qaygʻurishardi. Napoleonning ovqatiga Snoubolning zahar solganligi haqida ovozalar tarqaldi. Soat oʻn birlar atrofida yer yuzidagi hayotning toʻxtab qolishidan oldingi soʻnggi harakat kabi Napoleonning yangi farmonini Skuiylir oʻqib eshittirdi. U qoʻyidagicha edi: «Spirtli ichimliklarni ichish qat’iy ma’n etilsin. Bu qonunga amal qilmagan hayvonlar oʻlim jazosiga tortilsin».
Kechga borib Napoleonning ahvoli bir oz yaxshilandi. Ertasiga esa Skuiylir Napoleonning davo topayotganligi haqida xabar berdi. Kechqurun sogʻligʻi tamoman yaxshilanib, Napoleon ishiga qaytdi va advokat Vampirning pivo tayyorlashga oid kitobni sotib olish haqidagi maslahatiga amal qilishga qaror qildi. Nafaqaxoʻr hayvonlarning oʻtlashlari uchun ajratilgan mevazordan keyingi kichkinagina yaylovni haydashga buyruq berdi. Yer charchaganligi tufayli almashlab ekin ekish zaruriyati tugʻilganligi bilan bu harakat asoslandi. Haqikiy maqsad esa keyinroq hayvonlarga ma’lum boʻlib qoldi.
Bir kuni hech bir hayvon tushuna olmaydigan voqea roʻy berdi. Soat millari tunggi oʻn ikkiga yaqinlashgan paytda ta’qillagan baland tovush eshitildi. Hayvonlar uxlab yotgan joylaridan otilib tashqariga chiqishdi. Tun sutdek oydin edi. Hayvonlar yotadigan bino eshigining toʻgʻrisida, yetti modda yozilgan devor ostida ikkiga boʻlinib ketgan narvon yotardi. Hushidan ketib qolgan Skuiylir esa shoti yonida chalqanchasiga agʻdarilib yotardi. Uning yaqinida esa osma fonar va boʻyoq choʻtkasi solingan paqircha agʻdarilgan , ichidagi oq boʻyoq yerga toʻkilib ketgandi. Itlar darhol Skuiylir atrofini zanjirday oʻrab olishdi. Skuiylir hushiga kelgach uni fermadagi uyiga olib borib qoʻyishdi. Tumshugʻini ma’nodor qimirlatib, oʻzini bilimdon sanab, boʻlgan voqeani tushunayotganday koʻrsatayotgan, aslida esa hech narsaga fahmi yetmagan Benyamindan boshqa hech bir hayvon buning sirini anglay olmadi. Bir necha kun oʻtgandan soʻng Myuriyel dastlab qabul qilingan yetti qoidani, soʻngra oʻzgartirilib, oltitaga keltirilgan qonun moddalarini oʻqib koʻrib ularning biri yana oʻzgartirilganiga e’tibor berdi. «Spirtli ichimliklar ichish ma’n etilsin» degan beshinchi moddaga unitib qoldirilgan soʻz qoʻshib yozilgan edi. Ya’ni: «Spirtli ichimliklarni ortiqcha ichish ma’n etilsin».
IX- bob
Bokserning yorilib ketgan tuyoqlarini davolash uchun koʻp vaqt kerak boʻldi. Gʻalaba tantanalaridan keyin shamol tegirmoni qurilishi yana qaytadan boshlangan edi. Bokser esa bir kun ham qolmasdi. Davolanishdan bosh tortardi. Ogʻriqni bilintirmaslikka harakat qilardi. Kechqurunlari tuyoqlari zirqirab azob berardi. Klovir oʻt-oʻlanlardan oʻzi tayyorlagan malhamlarni qoʻyib roʻmolcha bilan tuyoqlari ostiga bogʻlab qoʻyardi. Hayvonlarning kovsh qaytarish yoʻli bilan tayyorlagan dorilari koʻpam yordam bermayotgandi. Benyamin Bokserning ishga chiqmasdan oyoqlarini davolash kerakligini tinmay uqtirardi. Klovir ham:
— umr hayvonga bir marta beriladi. U abadiy emas,-deb qaygʻurardi.
Lekin Bokser bu gaplarning birortasiga ham quloq solmasdi. Nafaqaga chiqqunga qadar shamol tegirmonining hech boʻlmaganda yarim qurilishini tugatish haqidagi fikri uni holi-joniga qoʻymasdi. «Hayvon ferma»sining qonunlariga asosan choʻchqalar 12 yoshdan, otlar ham 12 yoshdan, mollar 14 yoshdan, itlar 9 yoshdan, qoʻylar 7 yoshdan, tovuqlar va gʻozlar 5 yoshdan nafaqaga chiqishardi. Nafaqa yoshlari nihoyatda gʻamxoʻrlik bilan belgilangandi. Lekin hech bir hayvon bunga amal qilmasdi. Mevazor ortidagi kichkinagina yaylov haydalib, arpa ekilganidan keyin bu masala qayta-qayta muhokama qilindi. Yaylovning bir burchagiga toʻsiqlar qoʻyildi. Bu yerda nafaqaga chiqishgan hayvonlar oʻtlashi kerak edi. Otlarga belgilangan nafaqa besh funt makkajoʻxori va qish oylarida esa 15 funt pichan miqdorida belgilangan edi. Bayramlar munosabati bilan bittadan olma va sabzi ulashilardi. Bokserning keyingi yili yoz oyida boʻladigan tugʻilgan kunining oʻn ikki yilligini nishonlash va nafaqaga kuzatish marosimi qiyinchilik kunlariga toʻgʻri keldi. Hayvonlar hayoti juda ogʻir edi. Bu yil qish ham xuddi oʻtgan yilidagidek qattiq keldi. Yem-xashak yetishmasdi. Choʻchqa va itlardan boshqa hayvonlarga berilayotgan ulushlar kamaytirildi. Berilayotgan tegishlaridagi me’yoriy tenglik hayvonizm asoslariga yot ekanligini Skuiylir tushuntirib berdi. Hayvonlarning yashash sharoitlari qanday boʻlishidan qat’iy nazar yetishmovchiliklar yoʻqligini asoslash qiyin emas edi. Hozircha har bir hayvonning oʻziga mos keladigan ulushni olishlariga qaror qilindi. Skuiylir har doim kamaytirish haqida emas, moslash haqida gapirardi.
Hamisha beriladigan oziq-ovqatning Jounz davridagiga nisbatan moʻlroq ekanligini ta’kidlardi. Oʻtkir va keskir ovoz bilan statistik ma’lumotlarni oʻqib, suli, pichan, lovlagi kabi mahsulotlarning koʻpaytirilganini, ish soatining qisqartilganini, ichimlik suvlari sifatining oshganligini, oʻrtacha umrning uzaygani, koʻp bolali hayvonlarning ortib borayotganligi, yosh bolalar oʻrtasida oʻlimning kamaygani, hatto hayvonlar yotadigan supalardagi somonning koʻpaytirilganligi, burgalardan azob chekishning kamayganligini hayvonlarga isbotlardi. Hayvonlar uning soʻzlariga ishonishardi. Chunki Jounz va uning davridagi hayot ularning xayollaridan tobora koʻtarilib borayotgandi. Ammo hozirgi yashab turgan turmushlarining ham toʻkin-sochin emasligini bilardilar. Och-nahorlik kechalari uyqularini qochirib yuborardi. Lekin, shubhasiz, oʻtgan kunlar yomon edi. Bunga toʻlaligicha ishongan hayvonlar bugungi kunlaridan oʻzlarida yoʻq xursand boʻlardilar. Avvallari ular insonga qul boʻlishgan. Hozir esa ular ozod. Skuiylirning tushuntirishicha, oldingi va hozirgi hayot orasidagi farq yer bilan osmoncha.
Fermada qoʻshimcha ovqatlanuvchilar koʻpayib qolgan edi. Kuzda toʻrt ayol choʻchqalar koʻpayishdi, bir paytda bolalashdi. 31 yosh choʻchqani hayvon jamiyati boqishi kerak edi. Qora va tezak rangdagi xol-xol poʻstinli yosh choʻchqalarning otasi Napoleon ekanligini bilish uncha qiyin emasdi. Napoleon «Hayvon ferma»sidagi yolgʻiz toʻngʻiz edi. Fermaning bogʻida maktab qurilishini boshlab yuborishdi. Qurilish uchun gʻisht va yogʻochlar sotib olishdi. Maktab binosi bitgunga qadar yosh choʻchqalarni ferma uyining oshxonasida Napoleonning oʻzi oʻqitdi. Ular boʻsh vaqtlarida bogʻni aylanishardi. Boshqa hayvon bolalari bilan oʻynashlari taqiqlangan edi. Boshqa hayvonlar choʻchqalarni alohida izzat-hurmat qilishardi. Agar ular bilan duch kelib qolinadigan boʻlsa, albatta, choʻchqalarga yoʻl boʻshatiladi. Bu hayvonlar orasida odatga aylanib borardi. Yakshanba kunlari hamma choʻchqalar dumlariga yashil lenta taqishardi. Bu ham odatiy holga aylanib qolgandi. «Hayvon ferma»sida erishilgan yutuqlar talaygina boʻlsa-da hanuzgacha puldan qiynalishardi. Maktab qurilishi uchun gʻisht, qum, ohak sotib olishdi. Shamol tegirmonining asbob-uskunalarini sotib olish uchun esa yana pul jamgʻarish kerak edi. Shuningdek, lampa moyi, otlarga shamlar, Napolenning oshxonadagi stoli ustiga shakar (boshqa choʻchqalar semiz boʻlganliklari sababli shakar yeyishlariga ruxsat berilmasdi), miq, ip, koʻmir, har xil simlar, temir va pechen'e kabilarni ham sotib olish kerak edi. Pichan va kartoshkalarni bir qismi sotib yuborilgandi. Tuxum sotish shartnomasi haftasiga olti yuz donaga koʻpaytirilgan edi. Shu sababli ham tovuqlar kamayib borardi. Bu yil tovuq boshiga bittadan joʻja toʻgʻri keldi.
Hayvon boshiga beriladigan ulushlar dekabr' oyiga kelib keskin kamaytirildi. Lampa moyini tejash uchun hayvonlar yashayotgan binodagi osma fonarlarni yoqish ta’qiqlandi.
Choʻchqalar kundan kunga toʻlishib borishardi. Tashqi koʻrinishlaridan kamchiliksiz yashayotganga oʻxshashardi. Fevralning soʻnggi kunlaridan birida choshgohdan keyin shirin bir hid taraldi. Hayvonlar yaqin orada bunday havoda nafas olishmagan edi. Bu yoqimli hid Jounz davrida ishga solingan kichkinagina pivoxonadan kelardi. Bir hayvon bu pishirilayotgan arpaning hidi ekanligini aytdi. Hayvonlar buni ma’qulladilar va entikishib ochkoʻzlik bilan havoni ichlariga tortishdi. Jounz davridagidek «Hayvon ferma»da ham birinchi marotaba kechki ovqat uchun arpa boʻtqasi tayyorlanayotganligidan xursand edilar. Lekin boʻtqadan darak boʻlmasdi. Kelgusi yakshanba kuni esa arpalarning choʻchqalar uchun berilishi e’lon qilindi. Mevazor orqasidagi yaylov buzilib, allaqachon arpa ekilgan edi. Ulush sifatida har bir choʻchqa boshiga 1 pauntdan pivo berilayotgan va Napoleonning oʻzi esa «ot poygasi» servizida 0,5 galling pivo ichayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Hayvonlar boʻlsa oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ deb umid qilishardi. Qiyinchiliklar koʻp boʻlishiga qaramasdan, oʻtgan kunlarga, qoʻzgʻalondan oldingi davrlarga qaraganda yaxshi kunlar kelganligidan xursand edilar. Tez-tez turli xil marosimlar oʻtkazishib, qoʻshiqlar aytishardi. Napoleon har haftada bir marta nishonlanishi kerak boʻlgan narsani oʻylab topardi va bayram qilishga buyruq berardi. Napoleonning maqsadi «Hayvon ferma»sining gʻalabalarini tantanalarga aylantirib yuborish edi. Hayvonlar ishlarini tashlab boʻlsa ham harbiy namoishlarda ferma atrofida aylanishlari odatiy tusga kirib borayotgandi. Oʻtkaziladigan namoishlarda hamisha choʻchqalar oldingi safda boʻlishardi. Ulardan keyin otlar, soʻngra qoʻylar, bularning ketidan parrandalar joy olardi. Namoishni ikki tarafdan itlar qoʻriqlardi. Hamma hayvonlarning oldida Napoleonning qora babaq xoʻrozi qaddini tik tutib borardi. Bokser bilan Klovir esa tuyoq va shox rasmi tushirilgan «Yashasin, oʻrtoq Napoleon» shiori yozilgan yashil plakatni koʻtarib namoishlardan oʻtishardi. Bunday bayramlarda Napoleon sharafiga she’rlar oʻqishardi. Skuiylir esa mahsulotlar ishlab chiqarish koʻpayayotganligi haqida ma’ruzalar oʻqirdi. Ba’zan osmonga oʻq otishib salyut berishardi. Qoʻylar Napoleon tomonidan oʻylab topilayotgan bayramlarni orziqib kutishardi va namoishlarda sidqidildan qatnashishardi. Ba’zan choʻchqa va itlar namoishlarga kechikib kelishardi. Boshqa hayvonlar ularni kutib turishiga majbur boʻlardilar . Ayrim paytlarda ba’zi hayvonlar vaqt yoʻqotganlari yoki sovqotib qolganliklari haqida shikoyatomuz gapirishsa, qoʻylarning «Toʻrt oyoqlilar - doʻst, ikki oyoqlilar - dushman» degan marashlari dan soʻng jim qolishardi. Umuman, tantanalar nihoyatida yuqori kayfiyatda oʻtkazilardi. Bunday paytlarda hayvonlar oʻzlarini «Hayvon ferma»sining xujayinlari deb his etishar va bundan hayvon jamiyati gʻoyalarning toʻgʻri ekanligiga ishonchlari ortardi. Bayram va bayramlarda oʻtkaziladigan namoyishlar ularning koʻngillariga taskin berib, «Hayvon ferma»sida yashayotganliklaridan qalblari gʻururga toʻlardi. Kuylanayotgan qoʻshiqlar. oʻylab topilgan bayramlarning tantanalari, Skuiylirning statistik raqamlar keltirilgan otashin nutqlari, miltiqlarning otilishi, xoʻrozlarning qichqirishi, bayroqlarning hilpirashlari ozgina muddatga boʻlsa ham qorinlarining ochligini unuttirardi.
Aprel oyida «Hayvon ferma»si Respublika deb e’lon qilindi. Yangi tashkil etilgan Respublikaning Prezidentligiga faqat bir nomzod Napoleon bir ovozdan saylandi. Shu kuni Snoubolning Jounz bilan hamkorlik qilganligi haqidagi yana yangi hujjatlar topilganligi e’lon qilindi.
Topilgan hujjatlarga asosan Snoubolning «Molxona janggi»da Jounz bilan hamkorlik qilganligi tasdiqlangan edi. Yana bir bor odamlar armiyasining rahbari boʻlganligi va «Yashasin, insoniyat!»deb jangga kirganligi hujjatlarda oʻz ifodasini topgan edi. Napoleon tishlarini Snoubolning orqasiga botirganligini bir necha hayvonlar qayta-qayta eslashdi.
Yoz oyining oʻrtalarida qoʻzgʻalondan keyin koʻrinmay ketgan Muso birdan yana paydo boʻlib qoldi. U hech oʻzgarmagandi. Biror joyda ishlamasdi. Shakarqand togʻi haqida oldingiday afsonalar soʻzlardi. U toʻngakda oʻtirib olib, qanotlarini qimirlatib-qimirlatib, soatlar davomida toʻxtamasdan gapirardi. Uning atrofini hayvonlar oʻrab olishardi. «U yerda, oʻrtoqlar,- derdi kattakon tumshugʻi bilan osmonni koʻrsatib va yuzlariga jiddiy tus berib, siz koʻrib turgan qora bulutlar ortida, u dunyoda hozir tortgan azoblarimizning rohatini koʻramiz. Orom yurti deb atalgan joyda Shakarqand togʻi bor. Baland uchgan paytlarida hatto uning oʻzi oʻsha yurtni koʻrganligi, Shakarqand togʻiga qanotlari tegay-tegay deganini aytardi. Hayvonlarning koʻplari unga ishonardilar. Bu yerda och-nahor tinimsiz mehnat qilinsa-yu, qayerdadir toʻkin-sochinlik va farovonlik boʻlsa degan fikrlar hayvonlaring xayolidan oʻtardi.
Choʻchqalarning Musoga nisbatan munosabatlarini bilish qiyin edi. Ular Shakarqand haqidagi aytilgan fikrlarning uydirma ekanligini aytishardi. Lekin shunga qaramasdan choʻchqalar Musoning «Hayvon ferma»sida qolishiga va hech qanday ish qilmasdan bir oz pivo ulushi olishiga ruxsat berishdi.
Bokserning tuyoqlari tuzaldi. U yanada qattiqroq ishlay boshladi. Hamma hayvonlar ham mister Jounz davridagiday qullar kabi ishlashardi, «Hayvon ferma»sida shamol tegirmoni qurilishidagi kabi bajarilishi kerak boʻlgan ishlar hali ham koʻp edi. Yosh choʻchqalar ta’lim oladigan maktab binosini qurib tugatish moʻljallanlgandi. Qurilish mart oyida boshlanganiga qaramasdan hanuzgacha chala yotardi. Qorni toʻyib ovqat yemayotgan hayvonlarning mehnat qilishlari borgan sari ogʻirlashardi. Bokser hech nolimasdi, qarib, belidan quvvati ketib borayotganligini sezdirmaslikka harakat qilardi. Xuddi yoshlardek zavq bilan mehnat qilardi. Faqat uning koʻrinishi bir oz oʻzgargan edi. Terisining rangi oqishroq tusga kirgan, dumgʻazalari esa ichiga kirib ketgan edi. Hayvonlar bahor kelishi bilan Bokserning yana toʻlishib ketishini bashorat qilishardi. Lekin bahor oyi kelganida ham Bokser oʻzgarmadi. Ilgargiday tosh konining tepasidagi nishoblikdan katta toshlarni sudrayotganida uning muskullari hozir ham boʻrtib ketardi.
Lekin kuch-quvvatidan ham koʻra irodasiga suyanib ishlayotgani sezilib qolardi. Har doim «Men koʻproq va tezroq ishlashim kerak» degan fikr uni tinchlantirmasdi. Lekin tovushi chiqmasdi. Klovir va Benyamin sovuqdan ehtiyot boʻlishi kerakligini qayta-qayta uqtirishardi. Lekin Bokser har doimgiday e’tibor bermasdi.
Bokserning 12 yillik yubileyi yaqinlashmoqda edi. Lekin uning oʻzi buni xayoliga ham keltirmasdi. Nafaqaga chiqqunga qadar yanada koʻproq toshlar yigʻib, shamol tegirmonining qurilishini tezlatishni oʻylardi. Yoz kunlarining birida shom payti Bokserning holdan toyib yiqilganligi haqidagi xabar keldi. Oʻzi yolgʻiz shamol tegirmoni qurilayotgan maydonga katta toshlarni tepalikka sudrab olib chiqish uchun ketgandi. Tarqalgan xabar haqiqatdan toʻgʻri boʻlib chiqdi. Kaptarlar Bokserning yiqilib yotganini va oʻrnidan turolmayottanligi haqidagi xabar bilan kelishdi. Hayvonlarning yarmi shamol tegirmoni qurilishi tomon chopib ketishdi. Ne koʻz bilan koʻrsinlarki, shu qadar kuchli boʻlgan Bokser arava shotisining orasida boshini koʻtarolmay yotardi. Koʻzlari ochilgan holda qotib qolgandi. Sovuq ter badanidan suvday oqardi. Ogʻzidan qon sizardi. Klovir tizzalari bilan Bokserning oldiga choʻkkaladi.
Engashib turib:
— Bokser, ahvolingiz qalay? Nima boʻldi, Sizga?!- deb soʻradi.
— Mening hayotim oz qoldi. Juda ham oz qoldi,-deb javob berdi Bokser. U kuchanib zoʻrgʻa gapirardi. Shamol tegirmonining qurilishini, albatta, tugatasizlar deb oʻylayman. Anchagina tosh toʻplandi. Mening nafaqaga chiqishimga hali bir oy muddat bor. Men oʻsha kunga yetib boraman deb umid qilgandim. Benyamin ham qarib qoldi. Choʻchqalar ikkalamizni bir paytda nafaqaga chiqishimizga ruxsat berar deb oʻylayotgan edim. U menga hamxona boʻlardi.
— Choʻchqalarni yordamga chaqirib, boʻlgan voqeani Skuiylirga aytishimiz kerak,- dedi Klovir.
Hamma hayvonlar Skuiylir yashaydigan uyga shoshildilar. Bokserning yonida unsiz tovushini chiqarmay tikilayotgan Klovir va dumi bilan pashshalarni qoʻriyotgan Benyamingina qoldilar. Oʻn besh minutlar chamasi vaqt oʻtgandan keyin mehribon va shafqatli, hamma uchun gʻamxoʻr boʻlgan oʻrtoq Napoleon fermaning eng sodiq ishchilaridan birining shamol tegirmoni qurilishida baxtsiz voqea roʻy berganligi haqidagi soʻzlarini mayuslik bilan tinglayotgandi. Napoleonning sodiq ishchisi hayvonlarga Vilingdondagi shifoxonaga Bokserni davolash uchun yuborish tayyorgarligi allaqachon koʻrilayotganligini xabar qildi. Lekin oʻzlarining eng yaxshi oʻrtoqlarini inson qoʻliga topshirish hayvonlarga yoqinqiramadi. Axir Moliy bilan Snouboldan boshqa hech bir hayvon ularning fermasidan ketmagan edi-da! Nahotki ularning kasal oʻrtoqlari inson qoʻliga tushsa! Bilib boʻladimi, axir! Lekin Skuiylir Vilingdondagi hayvonlar tabibi Bokserni yaxshi davolashini tushuntirdi. Hayvonlar Bokser fermada yotib davolangandan koʻra tabibning qoʻlida sogʻayib ketishiga ishondilar. Yarim soatlar muddatdagi vaqt oʻtgandan keyin Bokser hayvonlar yordamida oʻrnidan turdi. Oyoqlarini qiyinchilik bilan zoʻrgʻa bosardi. Oqsoqlanib Klovir va Benyamin somon toʻshab tayyorlab qoʻygan joyga borib yotdi va ikki kun davomida bir joyda yotib qoldi. Choʻchqalar hammomdan topilgan pushti dorilarni Bokserga berishdi. Dorilar katta shishaga solingan edi. Klovir ovqatlanib boʻlishi bilanoq Bokserning oldiga borardi. Supasida yotgan Bokser bilan hasratlashardi. Benyamin esa pashshalarini qoʻrib indamay oʻtirardi. Bokser oʻtgan umridan rozi ekanligini, qayta-qayta ta’kidlardi. Agar tuzalib ketsa yana uch yil yashashini bashorat qilardi. Nafaqaxoʻrlarga ajratilgan katta maydonning bir burchagida osoyishta oʻtkaziladigan kunlarga umid bogʻlardi. Bu paytda oʻqish va oʻrganishga, oʻz ustida ishlashga koʻp vaqt boʻlardi. Qolgan alifboning 22 harfini oʻzlashtirishga imkoniyati topilishidan xursand edi.
Boʻlib oʻtgan voqeadan bir necha kun oʻtgandan soʻng kunduzi choshgohlarda usti yopiq ot arava Bokserni shifoxonaga olib ketgani keldi. Fermada Benyamindan boshqa hech kim yoʻq edi. Hayvonlar choʻchqalar boshchiligida dalalarni yovvoyi oʻtlardan tozalayotgandilar. Ular tovushining boricha hangrab chopib kelayotgan Benyaminni koʻrib xayron boʻldilar. Umrlari bino boʻlib Benyaminning bu qadar hayajonlanganini koʻrmagan edilar, shunchalik tez chopishini ham bilmasdilar.
— Tezrok kelinglar. Ular Bokserni olib ketishayapti, - deya baqirardi Benyamin. Hayvonlar choʻchqalardan ruxsat soʻramasdanoq ishlarini tashlab ferma binosi tomon chopdilar. Haqiqatan ham hovlida tepasi yopiq ikki ot tortadigan arava turardi. Aravaning yon tomonida nimadir deb yozilgan edi. Arava tepasida esa mugʻombirligi yuzlarida shundoqqina bilinib turgan, boshiga qalpoq kiyib olgan aravakash oʻtirardi. Bokserning somon toʻshalgan supasi boʻshab qolgan edi. Hayvonlar arava atrofini bir zumda oʻrab oldilar. Ular koʻz yoshlarini oqizib:
— Xayr Bokser! Xayr yaxshi boring!,-deb xayrlashishardi.
— Ahmoqlar, ahmoqlar,-deya chinqirdi tepsinib turib Myuriel kichkinagina tuyoqlari bilan yerni oʻyganicha. Aravaning yoniga yozilgan soʻzlarni koʻrmayapsizlarmi?!
Hayvonlar birdan aravadagi yozuvga qarashdi. Pashsha uchsa eshitiladigan jimlik choʻkdi. Myuriel arava yoniga yozilgan soʻzlarni hijjalab oʻqiy boshladi. Benyamin Myuriyelni turtib yuborib, uning yonboshida turib yozuvlarga tikildi.
Qabriston sukunati qoplagan havoda Myuriyelning tovushi hamma hayvonlarga eshitila boshladi:
— Alfred Simindz-ot qassobi va siranch qaynatuvchi. Hayvon terisini shiluvchi va suyak maydalovchi. Vilingdon. Bularning ma’nosini tushunayapsizlarmi?! Ular Bokserni qassobga berib yuborishayapti!
Dahshatli qichqiriqlar havoni larzaga keltirdi. Aravakash darhol bor kuchi bilan otlarga qamchi bosdi. Otlar jon-jahdlari bilan aravani tortib ketdi. Hayvonlar uning orqasidan baqirib-chaqirib yugura boshladilar. Klovir hayvonlar toʻdasini yorib oldinga oʻtib olgan edi. Otlar esa aravani yeldek uchirib borardi. Klovir uzun va kuchli oyoqlari bilan tezroq chopishga harakat qilardi.
-Bokser, Bokser, Bokser,-deb baqirardi Klovir. Aravaning orqasidagi kichkinagina derazadan Bokserning tumshugʻi, burni ustidan toʻgʻri tushgan oq chiziqlar va yuzi koʻrindi. Tashqaridan kelayotgan tovushlarga quloqlarini dikkaytirdi.
— Bokser,-deb baqirdi tovushining boricha Klovir. Aravadan tushing, tushing aravadan! Ular sizni oʻldirgani olib ketishyapti! Hamma hayvonlar joʻrlikda:
— Aravadan tushing! Tushing aravadan,-deb baqirishardi.
Arava esa ulardan uzoqlashib borardi. Bokserning Klovir soʻzlarini tushungan-tushunmaganligini bilib boʻlmasdi. Lekin bir zum aravaning orqa derazasida Bokserning yuzi yoʻqolib, tuyoqlarining qattiq urilganligi eshitildi. Uning oyoqlari bilan tepinib aravadan chiqishga va yerga sakrashga harakat qilayotganligini hayvonlar sezishdi. Avvallari Bokser tuyoqlarining zarbi bunday arvani gugurt qutisiday titib yuborardi. Hozir esa qarib kuch va quvvatdan qolganligi sababli hech narsa qilolmasdi. Bir necha daqiqalardan soʻng tuyoqlarning tovushi pasaydi, soʻngra umuman eshitilmay qoldi. Hayvonlarning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, xafsalalari pir boʻldi. Endi aravani tortib borayotgan otlarga murojaat qila boshlashdi. Hayvonlar ularni toʻxtashga da’vat etishardi:
— Oʻrtoqlar, oʻrtoqlar,-deya boshlashdi ular. Sizlar oʻz birodaringizni oʻlimga olib bormang!
Lekin itoatgoʻy, egalarining buyrugʻini bajarishga oʻrganib qolgan manqurt otlar quloqlarini dikkaytirib, qadamlarini tezlashtirdilar. Bokserning yuzi derazadan qaytib koʻrinmadi. Qaysidir hayvon aravaning oldiga oʻtib temir panjarali dorvozani berkitish kerakligini aytdi. Lekin kech edi. Ot arava panjarali darvozadan oʻtib, katta yoʻlga chiqib olgan edi . Tobora koʻzdan yoʻqolib borardi. Bokser «Hayvon ferma»siga qaytib kelmadi va uning taqdiri hayvonlarga noma’lumligicha qolaveradi. Uch kun oʻtgandan keyin Skuiylir Vilingdondagi shifoxonada tabiblar imkoni boricha Bokserning davolagani lekin hech iloji boʻlmaganligi va hayotdan uning koʻz yumganligi haqidagi xabarni keltirdi. Oʻzi esa oxirgi daqiqalarda yonida boʻlganligini aytdi.
— Hayotimdagi eng musibatli voqea shu boʻldi,-dedi Skuiylir koʻz yoshlarini oqizib. Men Bokserning oxirgi nafasiga qadar birga boʻldim. Soʻnggi soʻzlarini oʻz quloqlarim bilan eshitdim. Bokser shamol tegirmonining ishga tushishini koʻrolmaganligidan afsuslandi.
-Oʻrtoqlar, Bokser vasiyat qildi va uni sizlarga yetkazishni iltimos qildi: Oldinga, oʻrtoqlar! Qoʻzgʻalonning nomi bilan qasamyod qilib oldinga boramiz! Yashasin, «Hayvon ferma»si!. Napoleon har doim haqiqatni himoya qiladi. Yashasin, oʻrtoq Napoleon! Ha, oʻrtoqlar, Napoleonning oxirgi soʻzlari shu boʻldi.
Skuiylir soʻzini tugatib, yer ostidan hayvonlarga sekin koʻz yugurtirdi. Hayvonlardan sado chiqmasdi. Uning ranggi oʻzgarib, yuzlaridan qon qochdi. Koʻzlarining soqqasi aylana boshladi. Hayvonlar unga shubha bilan tikilishib, kallalarini likillatishardi. Skuiylirga ishonnishmaganligi koʻrinib turardi. Skuiylir Bokser olib ketilayotgandagi voqealardan xabardor edi. Soyabon arava yoniga yozilgan «Ot qassobi» degan soʻzlarni oʻzlari oʻqishib, Bokserni oʻlimga olib ketishgan deb xulosaga qilishgan boʻlsa kerak deb xayolidan oʻtkazdi Skuiylir.
— Oʻrtoqlar, shu qadar sodda boʻlganingizga ishongim kelmaydi,- deb darhol soʻz boshladi, axir men qanday qilib Bokserni ot qassobining qoʻliga tutqazaman. Hamma uchun birday kuyinadigan rahbarimiz Napoleonni, nahotki, tanimay qolgan boʻlsangiz?! Dumini qimirlatib gʻazab bilan turishlarini bir koʻz oldingizga keltiring. Rahbarimiz sizning xayolingizga kelgan buzuqlikka hech qachon yoʻl qoʻymaydi.
— Yoʻq, oʻrtoqlar! Soyabon arava ot qassobidan sotib olinib, foydalanish uchun hayvon tabibiga berilgan edi. Yonidagi yozuv esa oʻchirilmasdan qolib ketgan. Bu esa sizning boshingizni aylantirib qandaydir shubhali xayollarga kelishingizga sabab boʻlgan. Hayvonlar Skuiylirning soʻzlaridan bir oz yengil tortishdi. Ayniqsa, Bokserning dardini yengillatish uchun qilingan harakatlar, shaxsan, Napoleonning unga bergan e’tibori, sotib olingan qimmatbaho malhamlar va nihoyat, uning oʻlimi haqidagi mufassal ma’lumotni eshitganlarida gumonlari butkul tarqaldi. Bokserning koʻzlari yumilayotgan paytda Napoleondan, oʻzining oʻrtoqlaridan va oʻtgan hayotidan rozi ekanligi haqidagi fikrlar hayvonlarni tinchlantirdi.
Napoleon keyingi yakshanba kuni katta yigʻin oʻtkazdi. Bokserning xizmatlari haqida ma’ruza qildi. Hayvonlar Bokserning jasadini olib kelishni soʻrashdi. Napoleon buning iloji yoʻqligini tushuntirdi va «Hayvon ferma»sidagi dafna daraxtidan qilingan gulchambarni Bokserning qabri ustiga qoʻyib kelishga rozi boʻldi. Bir necha kundan keyin esa Bokserni xotirlab ziyofat berdilar. Napoleon xotira ziyofatida soʻzlagan nutqini Bokserning sevimli shiori bilan tugatdi va u «Men bugundan koʻra ertaga yaxshiroq ishlayman», «Oʻrtoq Napoleon hamisha haq» degan shiorlarga hamma hayvonlarning amal qilishi lozimligini ta’kidladi. Bokserni xotirlash kunida Vilingdondan kelgan soyabon arava choʻchqalar turgan uy yonida toʻxtadi. Aravakash taxtadan qilingan savatni koʻtarib ichkariga kirib ketdi. Kechqurun esa choʻchqalar yashaydigan uydagi shovqin-suron uzoq davom etdi.
Hayvonlarning asabini qaqshatadigan qoʻshiqlar aytildi. Choʻchqalarning janjallashgani va soat oʻn birlar atrofida oynaning singan tovushi eshitildi. Ertasi choshgohga qadar ferma uyining oldida hech bir choʻchqa koʻrinmadi. Kechga borib choʻchqalarning viskiga pul ajratganlari haqidagi xabar «Hayvon fermasi» boʻylab tarqaldi.
X- bob
Oradan koʻp yillar oʻtib ketdi. Yil fasllari ham bir necha bor oʻzgardi. Hayvonlarning ham yoshlari oʻtib qariy boshladilar. Umrlari oqar suvday tez oʻtib ketdi. Klovir, Benyamin, Muso kabi choʻchqalardan boshqa qoʻzgʻalondan keyingi kunlarni eslay olmaydigan yangi avlod vakillari voyaga yetdi. Myuriyel, Blubel, Jesiy va Pinchir dunyodan oʻtgan edilar. Mamlakatning bir chekkasidagi ichuvchilarni davolovchi shifoxonada Jounzning ham joni uzildi. Hayvonlar Snoubolni unutgan edilar. Bokser ham yodlaridan koʻtarildi. Klovirning yoshi ham bir joyga borib, besoʻnaqay boʻlib semirib ketdi, qiyinchilik bilan oʻrnidan qoʻzgʻalardi.Koʻzlari xiralashib, tinimsiz yosh oqadigan boʻlib qoldi. Nafaqaga chiqqaniga ikki yil boʻlgandi. Aslida nafaqa yoshiga kamdan kam hayvonlar yetib borardi. Fermaning bir burchagida nafaqaxoʻr hayvonlarga ajratilishi kerak boʻlgan yaylov haqidagi gaplar eskirgandi. Napoleonning bir oyogʻini goʻr tortib, ozib--quruq choʻp boʻlib qolgan. Vazni 24 tosh ogʻirligida edi, xolos. Skuiylirning esa semizligidan koʻzlari yumilib ketgandi. Qari Benyamingina oldingiday oʻzgarmay yurardi. Lekin tumshugʻining tepasiga tushib turgan sochlari och kul rangga kirgan, Bokserning oʻlimi juda qattiq ta’sir qilib xafaqon kasaliga mubtalo boʻlgandi. Fermadagi hayvonlar son jihatidan koʻpaygan boʻlishiga qaramasdan qoʻzgʻalondan keyingi dastlabki davrlardagi koʻpayishga tenglashtirib boʻlmasdi. Koʻp bolali hayvon onalarga beriladigan imtiyozlar haqida ham kamdan kam eslanardi. Qoʻzgʻalonning dastlabki kunlarida fermada boʻlmagan, voqealardan bexabar boʻlgan koʻplab hayvonlar sotib olingandi. Fermada Klovirdan boshqa yana uch ot boʻlib, ular jon-jahdlari bilan ishlashardi. Otlar alifbodagi «b» harfidan keyingi harflarni oʻrganolmagandilar. Shuning uchun ham hayvonizm asoslari haqida aytilgan fikrlarni soʻzsiz qabul qilishaverardi. Klovirda saqlanib qolgan oʻz-oʻzini va boshqalarni hurmat qilish, birodarlik tuygʻulari boshqa otlarda koʻrinmasdi.
Fermada tashkiliy ishlar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan edi. Pilikingtindan yangi yerlar sotib olinib ferma kengaytirilgan edi. Shamol tegirmonining qurilishi tugatilgan, shuningdek hozir fermada hosilni navlarga ajratib beradigan mashina ham ishlardi. Pichanxona va turli-tuman qoʻshimcha binolar qurilgan edi. Advokat Vimper oʻziga yangi arava sotib oldi. Shamol tegirmoni hanuzgacha elektr quvvati olish uchun moslashtirilmagan, lekin makkajoʻxori doni tortilib katta foyda olinayotgan edi. Hayvonlar ikkinchi shamol tegirmoni qurilishi bilan band edilar. Yangi qurilayotgan tegirmonning dinamolar yordamida ishlashini faxrlanib gapirishardi. Bir vaqtlar Snoubolning hayvonlarga bergan va’dalari, ya’ni elektr nurlari bilan yoritiladigan supalarga issiq va sovuq suvlar olib borish, uch kunlik ish haftasiga oʻtish kabilar endi esdan chiqqandi. Hayvonlarning hashamli yashashlari hayvonizm asoslariga yot ekanligini Napoleon isbotlab bergan edi. «Barkamollik», - derdi Napoleon qattiq mehnat qilishda va kamtarona yashashdadir. Pulni me’yorida topish va uni sarflash, sodda yashashga intilish, ma’naviy yetuklikning belgisidir. «Hayvonlar ferma»si bir muncha boyigan edi. Choʻchqalar va itlar toʻq yashardilar. Lekin boshqa hayvonlar hali qashshoq edilar. Balki choʻchqa va itlar haddan tashqari koʻpayishib ketganligi uchun shunday boʻlgandir. Hayvonlar, choʻchqalar, itlar tinmay ishlashardi. Choʻchqalar va itlar oʻzlari uchungina ishlashardi, jismoniy mehnat bilan shugʻullanishni istashmasdi, qora ishdan qochishardi. Skuiylir esa rahbarlik va tashkilotchilikning mashaqqatlari haqida gapirishdan tolmasdi:
— Choʻchqalar bajarayotgan ishlar boshqa hayvonlarning oyoqlaridan kelmasdi. Ma’lumotlari yetarli emas edi. Koʻpchilik hayvonlar oʻqish va yozishni bilmasdilar. Choʻchqalar papka, referat, qaror, e’lon, majlis bayoni deb ataladigan, hayvonlarning tushunishlari qiyin boʻlgan ishlar bilan shugʻullanishardi. Bular juda katta mehnatni talab qilardi.
Aslida faqat pechkaga tutantiriq qilish uchungina yaraydigan qogʻozlarning fermani rivojlantirishdagi ahamiyati haqida Skuiylir joʻshib gapirardi. Choʻchqalarning mehnati qorin toʻydirmas, ammo ularning ishtahalari karnay edi. Boshqa hayvonlarning turmush tarzi ham deyarli oʻzgarmagandi. Hanuzgacha qorinlari ovqatga toʻymasdi. Somon toʻshalgan supalarda uxlashardi. Ilgarigidek hovuzlardan suv ichishardi. Dalalarda quldek mehnat qilishardi. Qishda sovuqdan, yozda pashshalardan azob chekishardi. Ba’zi vaqtlarda yoshi oʻtib qolgan hayvonlar oʻtmishini eslashga harakat qilardilar. Jounzning quvilishdan oldingi va qoʻzgʻalondan keyingi dastlabki davrlardagi yashash sharoitlarini muhokama qilishardi. Lekin u vaqtlarda juda yosh boʻlganliklari uchun koʻp narsalarni xotiralarida saqlab qololmagan edilar. Ularni hozirgi hayotlari bilan solishtirmasdilar. Skuiylirning raqamlarigina ishonishga majbur boʻlardilar. Hisob-kitoblarda esa fermadagi hamma sohalar boʻyicha oʻsish haqida ma’lumot berilardi. Bu jumboqlar ustida astoydil bosh qotirishga hayvonlarning vaqti yetishmasdi. Faqat qarib qolgan Benyamingina uzoq umr davomida koʻrgan-bilganlarini esga tushira olardi. Hayvonlar hech qachon toʻkin-sochin yashagan emas va yashamaydi deb oʻylardi u. Nazarida, ochlik va kasallik, mashaqqat va mehnat, alam va kulfat hayotning oʻzgartirib boʻlmaydigan temir qonunlari edi. Shunday boʻlsa-da, hayvonlar umid bilan yashardilar. «Hayvon ferma»sining a’zosi boʻlishning oʻzi ularda bitmas-tuganmas faxr hissi uygʻotardi. Axir Angliyada, hattoki, yer yuzida hayvonlar boshqarayotgan ferma yagona edi-da. Bunday magʻrurlik fermaga yangi sotib olingan hayvonlar koʻnglini ham qamrab olgan edi. Mushak otib solyut berilganda, ferma ustida baland koʻtarilgan yashil bayroqning hilpirlashlarini koʻrganlarida dillari yayrab, koʻngillari quvonchga toʻlardi. Bunday paytlarda, ayniqsa, qahramonliklar haqida gapirishni yoqtirishardi. Fermadan Jounzning quvilishi, Qonunning yetti moddasini devorga yozilishi, odam bosqinchilarning ayovsiz janglarda magʻlub etilishi haqida gapirardi Qari mayor va’da qilgan Hayvon Respublikasining barpo boʻlishi, Angliya yam-yashil yaylovlarning kelajakda inson oyogʻi bilan toptalmaydigan kunlarning kelishi haqida hikoyalar toʻqishardi. Ba’zida «Angliya hayvonlari» gimnini pinhona aytishardi. Fermadagi har bir hayvon buning uchun jazolanishini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham ochiq-oydin kuylashga qoʻrqishardi. Ular nihoyat hech qaysi orzulari amalga oshmaganligini, ahvollari boshqa fermadagi hayvonlarnikidan farq qilmasligini, och va qashshoqlik mustabid tuzumning natijasi ekanligini anglab yetdilar. Mehnat qilish oʻzlarini qoniqtiradigan yagona manba boʻlganligini his etib turardilar. Lekin hech bir hayvon ikki oyoqlab yurib, boshqa hayvonlardan ajrab qolmadi, biri ikkinchisini xoʻjayin deb atamadi. Hamma hayvonlar teng huquqli edilar.
Yozning dastlabki kunlaridan birida Skuiylir qoʻylarni ergashtirib fermaning qayinlar ekilgan qarovsiz maydoniga olib keldi. Qoʻylar Skuiylirning nazorati ostida kun boʻyi barglarni yedilar. Shom tushgandan keyin dalada qolishiga ruxsat berdi. Qoʻylar bir hafta dalada qolib ketdilar. Hech bir hayvon ularni koʻrmadi. Skuiylir esa ular bilan har kuni birga edi. “Qoʻylarga yangi ashula oʻrgatyapman. Buning uchun boshqa hayvonlardan ular ajratilishi kerak»,-derdi Skuiylir. Qoʻylar yaylovdan fermaga qaytib kelganlaridan keyin esa gʻaroyib hodisa roʻy berdi. Bu vaqtda hayvonlar ishlaridan qaytib kelib poxol solingan supalarda dam olishayotgan edi. Birdan otning gʻayri-tabiiy kishnagani eshitildi. Hayvonlar sarosimaga tushib qoldilar. Bu Klovirning tovushi edi. Uning kishnashi yana qaytarildi. Hamma hayvonlar ferma hovlisiga chopib chiqdilar. Ularning koʻzlari Klovirning dahshatga solgan voqeaga tushdi. Bir choʻchqa orqa oyoqlari bilan odamga oʻxshab yurardi. Bu Skuiylir edi. Ogʻirligini ikki oyogʻi bilan koʻtarib yurishga qiynalayotganligi uchun ayiqqa oʻxshab talpanglab qadam tashlardi. Bir ozdan keyin ferma binosidan ikki oyoqlab chiqayotgan choʻchqalarning qatori koʻrindi. Bir-ikki yosh choʻchqalardan tashqari hammalari arang yurishardi. Ularning koʻtarib olgan oldingi oyoqlariga hassa kerak edi. Lekin ular toʻgʻri qadam tashlashga tirishanlaricha hovli atrofini aylanishardi. Nihoyat itlarning vovullashi, qora babaq xoʻrozning baland qichqirigʻi ostida Napoleon boshini tik ushlab, ulugʻvorlik bilan ferma binosidan ikki oyoqlab chiqdi. Uning atrofini itlar oʻrab olgan edi. Oldingi tuyoqlarining birida qamchi bor edi. Ferma hovlisiga dahshatli jimlik choʻkdi. Qoʻrqib ketgan hayvonlar bir-birlarining pinjiga suqildilar. Titraganlaricha hovli boʻylab marsh qilayotgan choʻchqalarni qoʻrqa-pisa kuzatardilar. Ularning nazarida hayvonot dunyosi oʻzgarayotganga oʻxshardi. Bir oz vaqt oʻtgandan keyin ularning qoʻrquvlari chekindi. E’tiroz bildirmaslik koʻp yillar davomida ularning odatlariga aylanib qolganligiga qaramasdan, hatto itlarning dahshat solib turishlariga ham qaramay shikoyatga endigina ogʻiz juftlaganlarida qoʻylar marashib qoldi: «Toʻrt oyoq yaxshidir, ikki oyoq esa undan ham yaxshi.» Qoʻylarning marashlari tugaguncha ancha vaqt oʻtgan edi. Choʻchqalar ferma hovlisida koʻrinmasdi. Ular binolar ichiga kirib ketib boʻlishgandi.
Benyamin quloqlari ostiga urilgan issiq nafasni sezib orqasiga oʻgirildi. Yonida Klovir turardi. Klovir koʻzlarining nuri ketib , narsalarni gʻira-shira koʻradigan boʻlib qolgandi. Lom-mim demasdan Benyaminning boshidagi sochidan tishladi va unga ozor bermay molxona tomon boshladi. Ular qora devordagi oppoq harflar bilan yozilgan yozuvlarga tikilishdi:
— Koʻzim xiralashgani tufayli,-dedi Klovir,- oʻzim yozgan yozuvlarni ham oʻqishga koʻzim oʻtmayapti. Benyamin, oʻqib koʻring-chi, Qonunning yettinchi moddasiga ham oʻzgartirish kiritilganga oʻxshaydi.
Benyamin avvallari biror marta ham oʻqib koʻrmagan yozuvlarni hijjalab oʻqiy boshladi: «Hamma hayvonlar teng. Lekin bir hayvon boshqa hayvonlardan ustun.» Devorda Qonunning bitta moddasidan tashqari yozuv yoʻq edi Keyingi kunlarda esa fermani nazorat qilib yurgan choʻchqalarning tuyoqlarida qamchi ushlab, ikki oyoqlab yurishlari hayvonlarni ajablantirmadi. Choʻchqalarning radio sotib olishini, ferma binosiga telefon tushirishlarini, roʻznomalarga obuna boʻlishlarini odatdagi hol deb qabul qilishdi. Kechki ovqatdan keyin Napoleonning ogʻziga trubkani solib, ferma bogʻining aylanishlari ham gʻayri tabiiy hol emasdi. Mister Jounzning kiyim shkafidagi qora charmdan tikilgan yengil kuzgi kiyimini (plashʻini) Napoleonning ustida koʻrganlarida ham, Napoleon eng yaxshi koʻrgan ayol choʻchqaning esa missis Jounzning bozor kunlari kiyadigan, ipakli matodan tikilgan koʻylagini kiyganida ham hayratlanishmadi. Bir hafta oʻtgandan keyin choshgoh bilan shom oraligʻida «Hayvon ferma»siga bir necha arava kirib keldi. Aravalarda qoʻshni fermalardagi deputat-dehqonlarning oʻzaro tekshirish brigadasi kelgan edi. Ularni «Hayvon ferma»si boʻylab ekskursiya qildirishdi. Deputat-dehqonlar shamol tegirmonining gurillab ishlashidan juda zavqlandilar. Hayvonlarning dalalarda ter toʻkib, astoydil mehnat qilayotganliklarini koʻrdilar. Hayvonlarning choʻchqalardanmi, odamlardanmi, ishqilib qaysi birlaridan hayiqib boshlarini ham koʻtarmay ishlayotganliklarini bila olmadilar. Kechga borib choʻchqalar yashayotgan ferma uyidan shovqin-suron va kulgi ovozlari eshitildi. Ular ashula aytishardi. Birdan hayvon tovushlari va odam soʻzlarini qorishtirib gapirashayotganliklarini hayvonlar eshitishdi. Ular hayvonlar va odamlarning bir binoda bir uyda toʻplanishib xursandchilik qilishayotganliklarini birinchi marotaba koʻrib turishlari edi. Ichkarida qanday voqealar boʻlayotganligiga aqllari yetmasdi. Ferma hovlisini oʻlik chiqqan uydagi kabi jimlik qoplab olgan edi. Hayvonlar choʻchqalar yashayotgan uyning oldida toʻxtadilar. Eshikni ochib kirishga botinolmadilar. Klovir eshikni oyogʻi bilan itardi va ularni ichkariga boshladi. Hayvonlar tovush chiqarmaslik uchun oyoqlarining uchida yurib mehmonxona derazasi yonida toʻxtashdi. Novcharoqlari esa deraza oynasidan qiziqib qaray boshladilar. Mehmonxona ichidagi uzun stol atrofida 6 odam-dehqon va 6 hurmatli choʻchqalar oʻtirishardi. Napoleon stolning toʻrida edi. Choʻchqalar stollarda qiynalmasdan oʻtirardilar. Hayvonlar va odamlar aroq ichish oldidan aytiladigan soʻzlarni (ular buni tost yoki qadah soʻzlari deb atashardi) eshitish uchun karta oʻyinini toʻxtatgan edilar. Katta krujka davra boʻylab aylanardi. Hayvonlar va odamlar oldidagi stakanlarni pivo bilan tez-tez toʻldirib turishardi. Ular hayvonlarning derazadan qarab turganligiga e’tibor bermadilar. Foksvud fermasining rahbari Pilkingtin qadah soʻzini aytish uchun oʻrnidan turib, stakanni qoʻlida ushlab turardi:
— Hayvonlar va insonlarning bir-birlarini tushunishlari murakkab boʻlgan davrlar orqada qoldi,-deb soʻz boshladi Pilkingtin,-bugun bir stol atrofida oʻtirishimizni, oʻylaymanki, hamma mamnuniyat bilan tabriklaydi.
— Oʻtirganlarning birontasi bir-biriga dushmanlik qilish haqida oʻylagan emas. Faqat hayvonlargina qoʻshnilari boʻlgan odamlarga bir oz ishonchsizlik bildirishdi. Toʻgʻri-notoʻgʻri fikrlar, baxtsiz voqealar boʻldi. Haqiqatan ham, choʻchqalar tomonidan boshqariladigan fermaning vujudga kelishi odatdagi voqealardan emas edi. Bu esa qoʻshnilarda yomon taassurot paydo boʻlishiga oz boʻlsa-da ta’sir koʻrsatdi. Hozir ularning hammasi unitildi. Odamlarning «Hayvon fermasi»da boʻlib oʻtgan voqealarni aniq bilmasdan turib turli mish-mishlar tarqatishganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Bunday safsatalarning tarqatilishi odamlarni ham, insonlarni ham bir oz chalgʻitdi. Bugun esa hayvonlarning doʻsti boʻlgan odamlar «Hayvon fermasi»dagi tartib-intizomni, yashash sharoitlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar. Ishlab chiqarishga eng ilgʻor usullar tadbiq etilmagan boʻlsa-da, har bir fermaga ommalashtirilishi lozim boʻlgan namunali tartib va intizomga tan berdilar. Ayniqsa, «Hayvon fermasi»dagi past tabaqa hayvonlarning koʻp mehnat qilib, oz ish haqi olishlari biz uchun yangilik boʻldi. Odam-dehqonlar oʻz fermalariga tadbiq etishlari mumkin boʻlgan yana koʻp ishlarning guvohi boʻldilar.
Oʻrtoqlar, bugundan boshlab «Hayvon ferma»si qoʻshni fermalar bilan doʻstlik munosabatlarini oʻrnatdi. Buni tabriklash kerak. Choʻchqalar va insonlarning qiziqishlari, maqsadlari va manfaatlari orasida hech qachon kelishmovchilik boʻlgan emas. Ularning intilishlari va kurashlari, fermani boshqarishdagi mashaqqat va qiyinchiliklari bir xil. Axir hamma fermalarda ham mehnat qilish muammolari bir xil yechiladi. Toʻgʻri emas-mi, oʻrtoqlar. Pilkingtin muhim bir fikrni aytmoqchi boʻlganday yer ostidan oʻtirganlarga bir-bir qarab chiqdi. Ichkilik va xursandchilik natijasida, bu fikrni aytish uchun qulay vaziyat yetilganligini his etdi. Qavat-qavat boʻlib osilib ketgan, uyning dimiqqan havosidan binafsha tusga kirgan bagʻbaqasini ayyorlik bilan silab:
— Agar sizlarda pastroq hayvonlar boʻlsa,-dedi u,-bizda pastroq sinflar bor. Uzun stol atrofida oʻtirganlar kulishdi. Mister Pilkingtin «Hayvon fermasi»da ish soatlarining uzaytirilganligi va kam haq berilayotganligi hamda moddiy ragʻbatlantirishlarning yoʻqligi bilan choʻchqalarni tabrikladi. Hayvonlar va insonlar stakanlardagi ichimliklarni koʻzlari bilan kuzatdi, ularning toʻlaligiga ishonch hosil qilgach: «Janoblar,-dedi Pilkingtin,- «Hayvon ferma»sining gullab yashnashi uchun stakanlarimizni koʻtaraylik.
Stol atrofida oʻtirganlar «Hayvon ferma»sini va uning tashabbuslarini sharaflab oyoqqa turdilar. Napoleon juda xursand edi. Oʻrnidan turib stolning qarshi tomonida oʻtirgan Pilkingtinning oldiga bordi-da qoʻlidagi stakanini uning stakani bilan choʻqishtirdi. Ikki oyoqlab turgan Napoleon soʻz aytmoqchi ekanligini bildirdi. Uning soʻzlari har doimgiday qisqa va aniq edi. «Bir-birimizni tushuna boshlaganimizdan juda xursandman,-deb soʻz boshladi. U gʻoyaviy dushmanlarimiz tomonidan tarqatilgan igʻvolar haqiqatan ham oramizga bir oz sovuqchilik soldi. Ular buzgʻunchilik maqsadida inqilobiy gʻoyalarni ommaga buzib yetkazmoqni niyat qilgandilar. Qoʻshni fermalardagi hayvonlar orasida qoʻzgʻalon haqidagi haqiqatan yiroq boʻlgan notoʻgʻri tushunchalarni uygʻotmoqchi edilar. Bizning asl maqsadimiz atrofimizdagi fermalar bilan qoʻshnichilik munosabatlarini oʻrnatish va tinchlikni saqlashdir. Men «Hayvon ferma»sining shon-shuhratini saqlash uchun hamisha kurashib keldim. Bu ishga bor umrimni bagʻishladim. Mening nomimdagi mulkka egalik guvohnomasi hamma choʻchqalarga tegishlidir, ya’ni mulk hamma choʻchqalarnikidir. Shubhaga oʻrin yoʻq. Bir-birimizga boʻlgan ishonch hamisha barqaror bulsin!»
Keyingi paytlarda ferma hayotiga juda koʻp oʻzgartirishlar kiritilgan edi. Hayvonlarning oʻzaro «oʻrtoq» deb murojaat qilishlari yoʻqotildi. Har yakshanba kuni ertalab yogʻochga mixlangan choʻchqaning bosh suyagi oldidagi tantanalar ham oʻtkazilmaydigan boʻldi. Bosh suyagini esa qaytadan dafn etishdi. Balki hurmatli inson mehmonlar ferma binosi ustida hilpirab turgan yashil bayroqdagi shox va tuyoq suratlarining ham yoʻqligini sezishgan boʻlsalar, ajab emas. Mister Pilkingtin oʻzining qadah soʻzida fermaning nomini «Maner ferma»si degan nom bilan atadi. Mister Pilkingtin Napoleon mehmondorchiligida birinchi marotaba boʻlayotganligi uchun ferma nomining oʻzgarganligini bilmadi. «Hayvon ferma»si oʻzining haqikiy nomi “Maner ferma” nomi bilan atala boshladi.
Napoleon. Stakanlaringizni pivoga toʻldiring! Mening maqsadlarim amalga oshsin! «Manor ferma»ning boyligiga boylik qoʻshilsin!» Oʻtirgan hamma hayvonlar va insonlar yakdillik bilan Napoleonning soʻzlariga qoʻshildilar va stakanlarini boʻshatdilar.
Tashqaridan, mehmonxona derazasidan qarab turgan hayvonlarning nazarida esa gʻayri tabiiy manzaralar roʻy berayotgan edi. Choʻchqalarning yuzlaridagi oʻzgarishlar Klovirning diqqatini tortdi. Xiralashib qolgan koʻzlari bilan choʻchqalarning yuzlariga bir-bir qarab chiqdi. Choʻchqalarning tomoqlari tagidagi bagʻbaqalari osilib ketgan edi. Ularning ba’zilarida uch qator, ba’zilarida toʻrt qator edi. Klovir, hayvonlar hayotida qanday oʻzgarish roʻy bergan ekan-a, deb taajjublanardi.
Uzun stol atrofida oʻtirgan hayvonlar va insonlar uzilib qolgan karta uyinini davom ettira boshladilar. Derazadan moʻralab turgan hayvonlar tashqariga, ferma hovlisiga chiqdilar. Yigʻirma metrlar chamasi masofaga yetib bormasdanoq taqqa toʻxtadilar. Ferma uyidan janjallashib, bir-birini haqorat qilayotgan soʻzlar eshitilayotgan edi. Hayvonlar orqalariga qaytishib yana mehmonxona derazasidan ichkariga qarashdi. Choʻchqalar va odamlar janjallashayotgan edilar. Stolning mushtlari bilan urib, bir-birlariga baqirishardi. Bir-birlariga shubha bildirib, bir-birlarini inkor qilishardi. Napoleon va mister Pilkingtin karta oʻyinidagi tuz qargʻani talashayotgan edi. Oʻn ikkita ovoz baravariga gʻazab bilan baqirardi. Hammalari bir xil edi. Choʻchqalarning yuzidagi ifoda bilan odamlarning yuzidagi ifodani farqlab boʻlmasdi. Mehmonxona derazasidan qarab turgan hayvonlar choʻchqalarga, choʻchqalardan odamlarga, odamlardan choʻchqalarga, yana choʻchqalardan odamlarga tikila boshdilar. Ularni bir-birlaridan ajratib olish mumkin emas edi. "